Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
800 ta paxta terish mashinasi va Piskentdagi daraxtkushlik – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
2026 yilda 200 million dollarga 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 dekabr kuni paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirishni samarali tashkil etish hamda agrar sohada subsidiyalar ajratish yangi tizimi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Kelgusi yilda paxta va g‘alla hosili, subsidiya va boshqa xarajatlarga jami 34,2 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgani, qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ jalb qilib, 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinishi ma’lum qilindi. Bu borada joriy qilinishi taklif etilayotgan yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, 2026 yilda agrotexnik tadbirlar, shu jumladan plyonka va egiluvchan quvurlar uchun qo‘shimcha 5 trillion so‘m ajratish taklif qilindi. Shuningdek, o‘z mablag‘i hisobidan bug‘doy yetishtirgan fermerlarga 10 foiz subsidiya ajratish tashabbusi bildirildi.
Og‘ir vaznli transport harakatini mavsumiy cheklash tartibi ishlab chiqiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 dekabr kuni avtomobil yo‘llari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda sohada mavjud muammolarni hal etish yuzasidan taklif va rejalar taqdim qilindi. Avvalo, mavjud umumiy foydalanishdagi va ichki yo‘llar hamda ko‘priklarni ta’mirlash, yangilarini barpo etishda ilg‘or tajriba va jahonda o‘zini oqlagan texnologiyalardan foydalanish sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
Og‘irligi me’yordan ortiq yuk avtomashinalarining harakatlangani oqibatida 1800 kilometr yo‘l ta’mirtalab holga kelib qolgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan yuk transporti vaznini nazorat qilish uchun o‘lchov tarozilari tarmog‘ini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Hozirda 9 ta shunday tarozi o‘rnatilgan, 8 tasini o‘rnatish ishlari davom etmoqda. Kelgusida yana 35 ta ko‘chma va statsionar nazorat-o‘lchov maskanini barpo etishga topshiriq berildi.
Piskentda ko‘plab daraxtlar kesilib, yashil hudud yo‘q qilingani aytilmoqda
Toshkent viloyati Piskent tumanidagi Toshkent dengiziga yaqin hududda ko‘plab daraxtlar kesib tashlanib, har yoqqa tashlab ketilgani haqda Kun.uz'ga videomurojaat kelib tushdi.
Qayd etilishicha, tasvirlar 7 dekabr kuni olingan. Unda daraxtlar ko‘p yillik ekani, uning shox va to‘nkalari har yerga tashlab ketilgani ko‘rinadi.
Daraxtlar nima sabab bilan kesilgani ma’lum emas. Kun.uz bu boradagi so‘rovini yaqindagina hukumat tarkibidan chiqarilib, vazirlik negizida tashkil qilingan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga yubordi.
Telegram’da profilni nusxalab, qarz so‘rash bilan bog‘liq firibgarlik ko‘paymoqda
O‘zbekistonda shu kunlarda Telegram orqali yangi turdagi firibgarlik ommalashmoqda. Bu ochiq guruhlardagi biror shaxs profilini soxtalashtirish orqali o‘sha guruhdagi boshqa shaxslardan qarz so‘rash bilan bog‘liq. Bu aldovga esa ko‘plar chuv tushmoqda.
Firibgarlar ba’zi guruhlardagi shaxs nomidan soxta profil ochib, profil rasmi, ism-familiya, username, bio va boshqa elementlar firibgar tomonidan aynan bir xil shaklda qayta yaratadi. So‘ngra guruh a’zolariga qarz so‘rab yoza boshlaydi. Va kimdir bu tuzoqqa ilinishi mumkin.
Shuning uchun biror tanishingiz Telegram orqali yozib, sizdan qarz so‘rasa, unga darhol pul berishga shoshilmang. Sababi sizga yozayotgan shaxs aslida firibgar bo‘lishi mumkin. Unga qo‘ng‘iroq qilib, holatni aniqlashtiring.
Humans va Paylov kartalardagi pullarning g‘oyib bo‘lishida bir-birini aybladi
Humans ruxsatsiz pul yechishlar Paylov xizmatidagi zaiflik tufayli sodir bo‘lganini ma’lum qildi. O‘z navbatida Paylov barcha frod operatsiyalari Humansʼga berilgan shifrlangan kalitlardan foydalanilgan holda amalga oshirilganini bildiryapti. Markaziy bank barcha shubhali tranzaksiyalar sinchiklab o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Kun.uz Humans mobil ilovasiga ulangan kartalardan ommaviy ravishda tasdiq SMS-kodisiz pul yechib olingani haqida xabar bergandi. Tranzaksiya PL HUMANS P2P nomi ostida amalga oshirilgan. Shundan so‘ng Markaziy bank ehtimoliy zaiflikni bartaraf etish maqsadida Humans bilan bog‘liq pul o‘tkazmalari amaliyotlari to‘xtatilgani va barcha shubhali tranzaksiyalar sinchiklab o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
21:54
Uy-joy va avtomobil savdosida naqd puldan voz kechilishi va inson a’zolari savdogarlariga jazo – mahalliy dayjest
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025