Jahon | 16:16
941
4 daqiqa o‘qiladi

Andrey Babish yana Chexiya bosh vaziri bo‘ldi

Chexiya prezidenti Petr Pavel milliarder Andrey Babishni manfaatlar to‘qnashuvi masalasini hal etgani va o‘ziga tegishli Agrofert konsernidan voz kechganidan so‘ng bosh vazir lavozimiga qasamyod qildirdi. Babishning ANO partiyasi oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozongan edi.

Foto: REUTERS

Parlament saylovlaridan ikki oydan ortiq vaqt o‘tgach, Chexiyada bosh vazir lavozimiga yana o‘ng populist Andrey Babish qaytdi. Seshanba, 9 dekabr kuni Chexiya prezidenti Petr Pavel Praga qal’asida (Prajskiy Grad) bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda avval moliya vaziri va hukumat rahbari lavozimlarini egallagan 71 yoshli milliarderni qasamyod qildirdi.

Qisqa chiqishida Babish fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashini va ular manfaatlari uchun nafaqat mamlakat ichida, balki butun dunyo miqyosida kurashishini va’da qildi. «Men Chex Respublikasi bizning sayyoramizda yashash uchun eng yaxshi joyga aylanishi uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman», — dedi u.

Kutilishicha, dekabr oyi oxirigacha Babish o‘z hukumatining tarkibini e’lon qiladi, u amaldagi o‘ng markazchi koalitsiya o‘rnini egallaydi. Yangi hukumat tarkibiga Rossiya tarafdori va migratsiyaga qarshi «Erkinlik va bevosita demokratiya» partiyasi, shuningdek, Yevroittifoqning iqlimni muhofaza qilish siyosatiga qarshi chiquvchi o‘ng populistik «Avtomobilistlar» partiyasi vakillari kiradi.

Tayinlovdan oldin ko‘p haftalar davomida saylovlarda g‘alaba qozongan Babish va prezident Pavel o‘rtasida kurash davom etdi. Davlat rahbari milliarderdan, bir tomondan, tadbirkor va YeI subsidiyalarini qabul qiluvchi, ikkinchi tomondan esa siyosatchi sifatidagi roli tufayli yuzaga kelgan manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etishni talab qilgan edi. Dekabr boshida Pavel, Babish o‘zining mamlakatdagi eng yirik ko‘p tarmoqli konserni Agrofert’dan voz kechganidan so‘ng, nizo hal etilganini ma’lum qildi.

«Andrey Babishning aniq va tushunarli yondashuvini qadrlayman, u bizning kelishuvimizni bajardi va manfaatlar to‘qnashuvini qanday hal etganini omma oldida e’lon qildi. Shu munosabat bilan men uni seshanba, 9 dekabr kuni soat 9:00 da bosh vazir lavozimiga tayinlashga qaror qildim», — deb yozdi Pavel.

Bundan oldin Babish X (avvalgi Twitter) sahifasida video joylashtirib, u yerda prezident qo‘ygan shartni bajarishini, ya’ni Agrofert’dan «qaytarib bo‘lmas darajada voz kechishini» ma’lum qildi. Milliarder, shuningdek, siyosatdan ketganidan keyin ham bu korxona ustidan boshqaruvni o‘z qo‘liga qaytarib olmasligini qo‘shimcha qildi. Babishning so‘zlariga ko‘ra, 250 dan ortiq kompaniyani birlashtiruvchi konsernni mustaqil shaxslar boshqaradi, uning o‘limidan so‘ng esa kompaniyani unga farzandlari meros qilib oladi.

Oktyabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida eng ko‘p ovozni (34,51 foiz) Babish rahbarlik qiladigan o‘ng «Norozilar harakati» (ANO) partiyasi to‘pladi. Bundan avval u 2014–2017 yillarda Chexiya moliya vaziri, 2017–2021 yillarda esa bosh vazir bo‘lgan, so‘nggi yillarda esa muxolifatda qolgan edi.

Noyabr oyida ANO yana ikki o‘ng partiya — a’zolaridan biriga irqchilikda ayblovlar qo‘yilayotgan «Avtomobilistlar» hamda parlamentning yangi spikeri Tomio Okamuraning «Erkinlik va bevosita demokratiya» partiyasi bilan koalitsiya kelishuvini imzoladi. Uch siyosiy kuch vakillari birgalikda qonun chiqaruvchi palatadagi 200 o‘rindan 108 tasini egalladi.

Mavzuga oid