Jahon | 14:04 / 10.12.2025
1008
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada RF foydasiga josuslikda gumonlangan uch kishi ustidan sud boshlandi

Armaniston, Rossiya va Ukrainadan bo‘lgan uch nafar shaxsga Germaniya hududida Rossiya maxsus xizmatlari foydasiga faoliyat yuritgan, degan ayblov qo‘yilgan. Bu harakatlar buyurtma asosida qotillikka olib kelishi mumkin bo‘lgan, deb hisoblanmoqda.

Foto: Boris Roessler/dpa

Frankfurt-Mayndagi Oliy yer sudida seshanba, 9 dekabr kuni, prokuratura fikriga ko‘ra Rossiya foydasiga josuslik bilan shug‘ullangan uch erkak ustidan sud jarayoni boshlandi. Ularga Rossiya Federatsiyasi maxsus xizmati uchun ishlagan, degan ayblov qo‘yilgan. Federal prokuratura vakili ayblovni o‘qib eshittirish chog‘ida taxmin qilinayotgan agentlar, ehtimol, bir shaxsni o‘ldirishga tayyorgarlik ko‘rgani haqida bildirdi. Ayblanuvchilar — Vardges I., Robert A. va Arman S. mos ravishda Armaniston, Ukraina va Rossiya fuqarolaridir.

Uchalasi ham 19 iyun kuni Gessen federal yeri jinoyat ishlari bo‘yicha idorasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan, oradan bir sutka o‘tgach esa ular Federal sud palatasi tergov sudyasi huzuriga olib kelingan. Sudya uchalasini ham qamoqqa olishga order bergan va uni ijro etishni topshirgan. Germaniya bosh prokurori idorasi bayonotida ta’kidlanishicha, ayblanuvchilar xorijiy razvedka xizmati topshirig‘i bilan Germaniyaga bu yerda bo‘lgan «Ukrainadan kelgan shaxs to‘g‘risida ma’lumot to‘plash» uchun kelgan. Qo‘lga olish kuni ular Frankfurt-Mayndagi kafe ortidan kuzatuv olib borgan, u yerga aynan shu kishi kelishi kerak edi.

Ayblov tomoni ma’lumotiga ko‘ra, 43 yoshli Vardges I. 2024 yil may oyida Rossiya maxsus xizmatidan Germaniyada istiqomat qilayotgan «Ukrainadan bo‘lgan erkak»ni kuzatish topshirig‘ini olgan. Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzi boshlanganidan keyin bu erkak Ukraina Qurolli kuchlari tarkibida jang qilgan. Rossiya unga qarshi, jumladan asirga olingan rus askarlarini otib tashlashda ishtirok etgan, degan «harbiy jinoyatlar» bo‘yicha ayblovlar qo‘ygan va shu asosda Armaniston fuqarosiga «vazifa» bergan. Sud materiallariga ko‘ra, ayblanuvchi bu topshiriqni bajarish uchun ikki shaxsni yollagan.

2024 yil iyun oyida kuzatuv ostidagi erkakni Frankfurt-Mayndagi kafelardan biriga soxta bahona bilan taklif qilishgan, ayblanuvchilar bu yerda u haqda «batafsilroq ma’lumot» olishi kerak edi. Biroq bu sobiq harbiy nemis politsiyasiga murojaat qilgani bois, operatsiya barbod bo‘lgan, deya aniqlik kiritadi ayblov tomoni. Shu bilan birga, Germaniyada ham bu shaxsga nisbatan tergov ishlari olib borilayotgani dpa agentligi tomonidan qayd etilgan.

Sudda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu josuslik Rossiya maxsus xizmatlarining Germaniyadagi keyingi operatsiyalariga — hatto qotillikka tayyorgarlik ko‘rishga xizmat qilgan bo‘lishi mumkin. Ayblanuvchilar qo‘lga olingan paytdan beri tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

Dpa agentligi xabar berishicha, Vardges I. himoyachilari sudda ayblovlarni rad etgan. Ularga ko‘ra, ayblov tomoni keltirgan dalillar to‘liq emas, voqeaning boshqa ehtimoliy rivojlanish variantlari o‘rganilmagan. Shuningdek, ehtimoliy buyurtmachi bilan Rossiya maxsus xizmati o‘rtasidagi bog‘liqlik ham aniq emas, uning o‘sha oqshomdagi xatti-harakatlari esa «maxsus xizmatlar professional faoliyatiga xos emas», deya ta’kidladi himoyachilardan biri.

Ukraina fuqarosi Robert A.ning advokati ham mijozining nomidan ayblovlarni rad etdi. Uning aytishicha, mijozini «tajovuzkor Rossiya» foydasiga ishlagan, deb ayblash haqoratlidir.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid