Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chexiyada populist Babish hukumati qasamyod qildi
Oktyabr oyidagi saylovlar natijasida shakllangan Chexiyaning yangi hukumati Ukrainaga ko‘makni susaytirishi mumkin. Kutilishicha, endi Chexiya Yevroittifoqdagi o‘ng populist kuchlarga ko‘proq yo‘naladi.
Dushanba, 15 dekabr kuni Chexiyada bosh vazir Andrey Babish rahbarligida yangi hukumat ish boshladi. Yangi kabinet oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Babishga ittifoqdosh kuchlar g‘alabasi natijasida shakllantirildi va kuzatuvchilar bahosiga ko‘ra, Ukrainaga qo‘llab-quvvatlashni susaytirishi, aksincha, Yevroittifoqdagi o‘ng populistlar pozitsiyalarini kuchaytirishi mumkin.
71 yoshli milliarder Babish to‘rt yillik muxolifatdan so‘ng yana hokimiyatga qaytdi. Uning koalitsiyasiga quyidagilar kiradi: Babish boshchilik qiladigan o‘ng populist ANO harakati, o‘ta o‘ng “Erkinlik va to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya” partiyasi, shuningdek dasturining asosiy nuqtasi YeIning iqlimni muhofaza qilish siyosatiga qarshi chiqish bo‘lgan “Avtomobilchilar o‘zlari uchun” partiyasi.
Chexiya prezidenti Petr Pavel hukumatni inauguratsiya qilish marosimida yangi kabinetni mamlakatni mas’uliyat bilan boshqarishga chaqirdi va NATO hamda Yevroittifoq a’zoligining afzalliklarini eslatdi.
“Mamlakatimiz, shubhasiz, NATO tarkibida bo‘lmaganida xavfsizligi kamroq bo‘lardi, xuddi shunday, Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lmaganida iqtisodiy jihatdan farovonligi hamda barqarorligi pastroq bo‘lardi”, — deya ta’kidladi Pavel. U Babish hukumatini bu uyushmalarda rad etuvchi emas, balki mas’uliyatli va konstruktiv ishtirokchi bo‘lishga chaqirdi.
Reuters agentligi ta’kidlashicha, hukumat almashishi Chexiyaning oldingi kabinet yo‘nalishidan chekinishini anglatadi: avvalgi hukumat Ukraina va Yevroittifoqni faol qo‘llab-quvvatlab kelgan. Yangi kabinet mamlakat kursini liberal “meynstrim”dan Yevropa chekkasidagi o‘ng kuchlar tomonga surishi kutilmoqda.
Babish boshliq ANO harakati Yevroparlamentda “Yevropa uchun vatanparvarlar” fraksiyasiga kiradi. U yerda, xususan, Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning “Fides — Vengriya fuqarolik ittifoqi”, Avstriya Ozodlik partiyasi va Fransiyaning “Milliy birlashuv” partiyasi ham bor.
Andrey Babish shanba kuni Chexiya Ukraina uchun moliyaviy kafolatlar bermoqchi emasligini, Yevropa komissiyasi esa 2022 yildan beri Rossiya agressiyasini qaytarib kelayotgan Kiyevni qo‘llab-quvvatlashning muqobil yo‘llarini topishi kerakligini aytdi. Shu hafta YeI yetakchilari muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalangan holda Ukrainaga kredit berish va buning uchun milliy kafolatlar talab qiladigan murakkab sxemani muhokama qiladi.
Babish, shuningdek, Chexiya manfaatlarini mamlakat ichida ham, xalqaro maydonda ham himoya qilish niyati borligini ta’kidladi. U YeI institutlarini bir necha bor tanqid qilgan va Yevrokengash doirasida milliy yetakchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni afzal ko‘rishini bildirgan. Siyosatchi YeIning migratsiya siyosatiga qarshi chiqishini, shuningdek uglerod chiqindilari uchun to‘lov tizimini uylarni isitish va avtomobil yonilg‘isiga ham kengaytirish rejalarini rad etishini va’da qildi.
Shu bilan birga, Babish koalitsiyadagi o‘ta o‘ng hamkorlarining Chexiyaning YeI va NATO a’zoligi bo‘yicha referendum o‘tkazish chaqiriqlarini rad etdi va mamlakatni har ikki ittifoqda ham saqlab qolishga va’da berdi. Lavozimga kirishishidan oldin u davlat budjeti hisobidan Ukrainaga harbiy yordamni qisqartirish niyati borligini aytgan, shuningdek Chexiyaning Ukraina uchun dunyo bo‘ylab yirik kalibrli o‘q-dorilar xarid qilish tashabbusini to‘xtatish ehtimolini ham istisno qilmagan — u bu sxemani yetarlicha shaffof emas, deb atagan.
Mavzuga oid
10:00 / 10.06.2026
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
09:14 / 27.05.2026
Chexiyalik fuqaro Eurojackpot lotereyasida 120 mln yevro yutdi
22:01 / 26.05.2026
Ukrainaga yordam beruvchi davlatlar koalitsiyasi ikki barobar qisqargani ma’lum bo‘ldi
20:20 / 01.05.2026