Jahon | 14:01 / 17.12.2025
1646
4 daqiqa o‘qiladi

Haagada Ukrainaga reparatsiyalar bo‘yicha xalqaro organ tashkil etildi

Ukraina uchun da’volarni ko‘rib chiqish bo‘yicha xalqaro komissiya Yevropa Kengashi bazasida ta’sis etildi. U - RFning harbiy tajovuzi uchun reparatsiyalar mexanizmining uch qismidan ikkinchisi. Komissiya Ziyonlar reyestridan keyin tashkil etildi.

Foto: Reuters

Haagada Rossiyaning harbiy tajovuzidan jabr ko‘rgan Ukrainaga o‘nlab milliard yevro miqdoridagi reparatsiyalar to‘lanishi haqida qarorlar qabul qiladigan xalqaro organ ta’sis etildi. Ukraina uchun da’volarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Xalqaro komissiya (International Claims Commission for Ukraine)ni tashkil etish Haagada seshanba, 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan konferensiyada ma’qullandi.

Unda Yevropa mamlakatlarining o‘nlab yuqori lavozimli vakillari, jumladan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va YeIning tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ishtirok etdi.

Zelenskiyning aytishicha, reparatsiyalar mexanizmini yaratish “tinchlikka olib boradigan haqiqiy yo‘l”ning birinchi bosqichidir. “Rossiyani kelishuv tuzishga majbur qilishning o‘zi yetarli emas. Uni qotilliklarni to‘xtatishga majbur qilishning o‘zi ham yetarli emas. Biz Rossiyani dunyoda qoidalar borligini tan olishga majbur qilishimiz kerak”, — deb ta’kidladi u.

Yangi tashkilot — reparatsiyalar to‘lash bo‘yicha istalgan summalardagi so‘rovlarni baholaydigan va ular yuzasidan qaror qabul qiladigan organ — Ukrainaga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya mexanizmining ikkinchi qismiga aylanadi. U Ukraina uchun Ziyonlar reyestri tashkil etilganidan keyin ta’sis etildi, bu reyestrga xususiy shaxslar yoki tashkilotlardan reparatsiyalar bo‘yicha allaqachon 80 mingdan ortiq ariza kelib tushgan. Uchinchi qadam — kompensatsiya jamg‘armasini tashkil etish bo‘ladi.

Yangi xalqaro komissiya Yevropa Kengashi doirasida tashkil etildi va Haagada joylashadi, dedi Niderlandiya tashqi ishlar vaziri David van Vil. “Javobgarlikka tortishsiz mojaro to‘liq hal etilmaydi. Javobgarlikning bir qismi esa — tegishli kompensatsiyalarni to‘lashdir, — dedi van Vil jurnalistlarga. — Shuning uchun men bugun da’volarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyani tashkil etib, tegishli shartnomani imzolar ekanmiz, katta qadam qo‘yayotganimizga ishonaman”.

Yevropa Kengashi bosh kotibi Alen Berse Haagada so‘zga chiqar ekan, tinchlik muzokaralariga javobgarlik, zararni qoplash va Ukrainani qayta tiklash masalalarini muhokama qilishni ham kiritishga chaqirdi.

Yevropa Kengashi saytidagi bayonotda Berse tashkilot va uning hamkorlari ilk kundanoq Ukrainani Rossiyaning keng ko‘lamli tajovuziga qarshi qarshilikda qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ta’kidladi. “Birgalikda ishlar ekanmiz, adolatli va barqaror tinchlikka erishish yo‘lida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lishimiz kerak. Ukraina uchun Ziyonlar reyestri va Ukraina uchun da’volarni ko‘rib chiqish bo‘yicha xalqaro komissiya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq kompensatsiya masalasi bilan shug‘ullanadigan yagona mustaqil xalqaro mexanizmlar bo‘ladi”, — dedi u.

Ukraina uchun Ziyonlar reyestri (RD4U) Yevropa Kengashi homiyligida 2023 yil 17 mayda tashkil etilgan va 2024 yil aprelida ish boshlagan. Unga 44 davlat va Yevroittifoq qo‘shilgan.

Reyestr Ukraina fuqarolari, tashkilotlari va davlat organlari tomonidan berilgan kompensatsiya to‘lash haqidagi talablarni yig‘adi va ro‘yxatdan o‘tkazadi. U 40 tadan ortiq ziyon toifasi bo‘yicha arizalarni qabul qiladi, jumladan tan jarohatlari, qiynoqlar va jinsiy zo‘ravonlik, majburiy deportatsiya va mol-mulkni yo‘qotish bo‘yicha da’volar ham bor.

Jahon banki kelgusi o‘n yil ichida Ukrainani tiklash qiymatini 524 mlrd dollarga (447 mlrd yevro) baholadi — bu 2024 yildagi Ukraina iqtisodi hajmidan deyarli uch barobar ko‘p.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid