Jahon | 14:26 / 20.12.2025
5127
3 daqiqa o‘qiladi

Putin: AQSh Alyaskada taklif qilgan murosalarga rozi bo‘ldik

Putinning aytishicha, Alyaskada Tramp bilan uchrashuv vaqtida Rossiya tomoni Ukraina bo‘yicha AQSh taklif qilgan murosalarga rozilik bildirgan. U, shuningdek, RF hokimiyati “urushda odamlar halok bo‘lishi uchun o‘zini javobgar deb hisoblamasligi”ni aytdi.

Foto: Reuters

Rossiya 2025 yil avgust oyida Ankorijda bo‘lib o‘tgan ikki davlat rahbarlari — Vladimir Putin va Donald Tramp uchrashuvida AQSh tomoni taklif qilgan murosalarga rozi bo‘lgan. Rossiya rahbari bu haqda juma kuni, 19 dekabr kuni “To‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot”da ma’lum qildi.

“Moskvadagi dastlabki uchrashuvlarda bizga takliflar berildi va muayyan murosalarga borishimizni so‘rashdi. Ankorijga kelganimda, bu biz uchun oson qarorlar bo‘lmasligini aytdim. Ammo bizga taklif qilingan murosalarga rozimiz”, — dedi Putin.

U qayd etishicha, Tramp bilan uchrashuvda Rossiya tomoni amerikaliklar bergan takliflarni “kelishib olgan va deyarli qabul qilgan”. “Shuning uchun biz nimanidir rad etyapmiz, deb aytish — mutlaqo noto‘g‘ri va hech qanday asosga ega emas”, — dedi Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya muzokaralarga va urushni tinch yo‘llar bilan yakunlashga tayyor, hozir esa “to‘liq va butunlay” Ukraina va Yevropa mamlakatlari tomonida.

Shu orada, 10 dekabr kuni Ukraina yevropalik ittifoqchilar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng Trampning tinchlik rejasiga tuzatishlarni AQShga taqdim etgan. Shuningdek, Yevropa davlatlari rahbarlari, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va AQSh vakillari ishtirokidagi muzokaralar 14–15 dekabr kunlari Berlinda bo‘lib o‘tgan. Muzokaralarning yangi raundi — bu safar AQSh va Rossiya o‘rtasida dam olish kunlari Mayamida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Rossiya prezidenti, shuningdek, mamlakat hokimiyati “urushda odamlar halok bo‘lishi uchun o‘zini javobgar deb hisoblamasligi”ni aytdi, chunki uning ta’kidlashicha, “bu urushni biz boshlamaganmiz”. Putinning iddaosiga ko‘ra, Rossiya 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga qarshi amalga oshirgan keng ko‘lamli hujum — “Kiyev rejimi G‘arb davlatlari qo‘llab-quvvatlagan holda boshlagan o‘sha urushni tugatish uchun” qurolli kuchlarni majburiy qo‘llash bo‘lgan.

BMT noyabr oyida ma’lum qilishicha, faqat 2025 yil yanvar–oktyabr oylari oralig‘ida RFning Ukraina shaharlariga bergan zarbalari oqibatida 548 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 3592 nafar kishi yaralangan.

Shu bilan birga, Rossiya prezidenti urushning boshlanishini 2014 yildagi “Ukrainada davlat to‘ntarishi” deb atadi. O‘shanda Kiyevdagi Maydan va mamlakatning boshqa hududlarida oylab davom etgan ommaviy namoyishlardan keyin Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich Oliy Rada tomonidan lavozimidan chetlatilgan, keyin esa RFga qochib ketgan. Rossiya Qrimni qo‘shib olgan va Donbassdagi separatistlarni qo‘llab-quvvatlagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid