Jahon | 14:53 / 20.12.2025
2303
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina uchun yangi kredit Germaniyaga milliardlarga tushadi

YeI davlatlari kelishib olgan Ukrainaga yordamning yangi ko‘p milliardli paketi moliyalashtirilishi ishtirokchi davlatlarga har yili taxminan 3 mlrd yevro tushadi - bunda muddat ham aniq belgilanmagan. Bu haqda Bryusselda juma kuni, 19 dekabr kuni Yevroittifoqning yuqori lavozimli vakili ma’lum qildi.

Foto: DPA

Germaniya uchun esa, dpa agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, bu uzoq muddatli qo‘shimcha xarajatlar yiliga taxminan 700 mln yevroni tashkil etadi. Sababi shundaki, milliy badallar mamlakatlarning iqtisodiy qudratiga mutanosib taqsimlanadi, Vengriya, Chexiya va Slovakiya esa yangi yordam paketini moliyalashtirishda umuman ishtirok etmaslikka erishgan.

19 dekabr, jumaga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan YeI sammitida kelishilgan rejaga ko‘ra, Ukrainaga 90 mlrd yevro miqdorida foizsiz kredit ajratiladi. U mamlakatning yaqin ikki yildagi eng keskin moliyaviy ehtiyojlarini qoplashi va Rossiyaga qarshi mudofaa harakatlarini davom ettirishni ta’minlashi kerak.

Kredit uchun mablag‘lar moliyaviy bozorlardan imtiyozli shartlarda jalb qilinishi rejalashtirilgan. Ukraina pulni faqat urush tugagandan keyin Rossiya yetkazilgan zarar uchun reparatsiya to‘lagan taqdirdagina qaytarishi kerak bo‘ladi.

Agar bu sodir bo‘lmasa, kreditni qoplash uchun YeIda muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Biroq foizlarni to‘lash xarajatlarini har qanday holatda ham YeI davlatlari o‘z zimmasiga oladi. Bundan tashqari, agar Ukraina reparatsiya to‘lovlarini nazarda tutmaydigan tinchlik kelishuviga rozi bo‘lsa, mexanizm qanday ishlashi hamon noaniqligicha qolmoqda.

YeI vakilining aytishicha, ilk foiz to‘lovlari 2027 yilda kutilmoqda va ular deyarli 3 mlrd yevroni tashkil etadi. Buning sababi — kreditning butun summasi darhol jalb etilmaydi. 2026 yilda bozorlarda taxminan 45 mlrd yevro atrofida mablag‘ joylashtirish rejalashtirilgan.

Germaniya kansleri Fridrix Mers avvalroq Ukrainaga moliyaviy yordamni to‘g‘ridan to‘g‘ri YeIda muzlatilgan Rossiya davlat aktivlari hisobidan ajratish tarafdori bo‘lgan. Biroq bu g‘oya YeI a’zo davlatlari orasida yetarli qo‘llab-quvvatlov olmadi. Agar Mers taklifi amalga oshirilganida, foiz xarajatlari umuman paydo bo‘lmas edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid