Jahon | 13:32 / 22.12.2025
2395
3 daqiqa o‘qiladi

Uitkoff AQSh–Ukraina formatidagi muzokaralar tafsilotlarini ochiqladi

Trampning maxsus vakili aytishicha, Mayamidagi AQSh–Ukraina formatidagi muloqot to‘rt yo‘nalishga qaratilgan. Uitkoff “keyingi qadamlarning muddatlari va ketma-ketligi” muhokama qilinganini ta’kidladi.

Foto: Evelyn Hockstein/AFP

AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff Florida shtatidagi Mayami shahrida AQSh–Ukraina formatida o‘tgan muzokaralar qaysi jihatlarga qaratilganini ochiqladi. Uitkoff bu haqda 21 dekabr, yakshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

Maxsus vakilning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda asosiy e’tibor to‘rtta muhim masalaga qaratilgan: Trampning 20 banddan iborat tinchlik rejasini yanada rivojlantirish, xavfsizlik kafolatlarining ko‘p tomonlama tizimi bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, Ukraina uchun AQSh tomonidan taqdim etiladigan xavfsizlik kafolatlari tizimi bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, shuningdek, “iqtisodiy rivojlanish va farovonlik rejasi”ni yanada rivojlantirish.

Uitkoff ta’kidlashicha, gap “keyingi qadamlarning muddatlari va ketma-ketligi” haqida borgan.

“Bizning umumiy ustuvor maqsadimiz — qotilliklarni to‘xtatish, kafolatlangan xavfsizlikni ta’minlash va Ukrainani tiklash, barqarorlik hamda uzoq muddatli farovonlik uchun sharoit yaratishdir. Tinchlik faqat harbiy harakatlarning to‘xtashi emas, balki barqaror kelajak uchun munosib asos bo‘lishi kerak”, — deb hisoblaydi Tramp vakili.

Stiven Uitkoffning aytishicha, Mayamida ukrain delegatsiyasi Yevropa hamkorlari bilan ham uchrashgan.

Ukraina delegatsiyasi tarkibiga mamlakat Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov va Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Andrey Gnatov kirgan.

AQSh delegatsiyasi tomonidan Trampning kuyovi Jared Kushner, Oq uy xodimi Josh Gryunbaum va Uitkoffning o‘zi ishtirok etgan.

Muhokamaga Ukraina, AQSh va Yevropaning umumiy strategik yondashuvini muvofiqlashtirish maqsadida milliy xavfsizlik bo‘yicha asosiy yevropalik maslahatchilar ham qo‘shilgan.

Avvalroq The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi RF prezidenti Vladimir Putin Tramp atrofidagi amaldorlarning psixologik profillarini o‘rgangani va muzokaralarda AQSh tomonidan aynan Uitkoff ishtirok etishini talab qilgani haqida xabar bergan.

WSJ manbasi ta’kidlashicha, Kreml Uitkoff bilan Rossiya rahbari o‘rtasidagi uchrashuv uchun shart ham qo‘ygan: Uitkoff Moskvaga yolg‘iz kelishi, uni Markaziy razvedka boshqarmasi xodimlari, diplomatlar va hatto tarjimon ham kuzatib kelmasligi kerak bo‘lgan.

Nashrning yozishicha, Davlat departamenti AQSh prezidenti maxsus vakiliga ko‘maklashish uchun xodimlardan iborat kichik guruh ajratgan, biroq bu jamoa a’zolari — boshqa ma’muriyat xodimlari kabi — Uitkoffning xorijdagi uchrashuvlari bo‘yicha hisobotlarni katta qiyinchilik bilan oladi.

WSJ ma’lum qilishicha, Uitkoff dekabr oyida Rossiyaga oltinchi marta borgan, u Putin bilan yarim tungacha cho‘zilgan besh soatlik suhbat o‘tkazgan. Ayni paytda maxsus vakil biror marta ham Ukrainada bo‘lmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid