Jahon | 15:21 / 22.12.2025
3694
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy noyabrda Rossiyadan rekord miqdorda oltin sotib oldi

Noyabrda Rossiya Xitoyga 961 million dollarlik oltin yetkazib bergan. Bu - ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich. 2024 yilda eksport qiymatining eng yuqori nuqtasi 223 million dollar bo‘lgan.

Foto: AP

2025 yil noyabr oyida Rossiya Xitoyga ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo tarixidagi eng katta summaga — 961 mln AQSh dollari (818,6 mln yevro) miqdorida oltin quymalarini yetkazib berdi. Bu haqda 20 dekabr, shanba kuni Rossiya davlat agentligi “RIA Novosti” Xitoy bojxonasi ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.

Oktyabr oyida Rossiya Xitoyga bundan biroz kamroq miqdorda oltin yetkazgan: o‘shanda umumiy summa 930 mln dollar (792,2 mln yevro)ni tashkil etgan. Agentlik qayd etishicha, 2025 yilning 11 oyi davomida Xitoyning Rossiya oltini importi jami 1,9 mlrd dollar (1,6 mlrd yevro) bo‘lgan. Yanvar–sentabr oylarida yetkazib berishlar yig‘indisi bor-yo‘g‘i 9 mln dollar (7,6 mln yevro)ga teng bo‘lgan.

Taqqoslash uchun: 2024 yil oktyabr–noyabr oylarida Rossiya oltini Xitoyga umuman eksport qilinmagan, o‘sha yilda yetkazib berishlarning eng yuqori qiymati esa atigi 223 mln dollar (189,9 mln yevro) bo‘lgan.

“RIA Novosti” keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning to‘qqiz oyida Rossiya Xitoyga jami 9 mln dollarlik oltin yetkazib bergan — bu, ehtimol, Bloomberg agentligining iyul oyidagi nashrida keltirilgan ma’lumotlar bilan zid keladi.

Bloomberg maqolasida 2025 yil birinchi yarmida Rossiyaning qimmatbaho metallar eksporti Xitoyga deyarli ikki baravarga oshib, 1 mlrd dollarga yetgani aytilgan. Bu summaning qancha qismi oltin hissasiga to‘g‘ri kelishi agentlik tomonidan aniq ko‘rsatilmagan, biroq hajm o‘sishining asosiy sabablari sifatida oltin narxlarining rekord darajaga chiqqani va ichki talabning yuqoriligi keltirilgan.

Noyabr oyi o‘rtalarida Britaniyaning The Financial Times gazetasi tahlilchilar Xitoy Xalq banki har oy ma’lum qiladigan oltin xaridlari hajmi past ekaniga ishonmasligini yozdi. Fransiyaning Société Générale moliyaviy konglomerati ekspertlari bahosiga ko‘ra, 2025 yilda Xitoyning umumiy oltin xaridi 250 tonnani tashkil etadi — bu boshqa davlatlar markaziy banklarining jami talabining uchdan bir qismidan ham ko‘proq.

Bundan tashqari, bu hajm rasmiy ma’lumotlardan 10 barobardan ham yuqori. Jahon oltin kengashi saytida jamlangan Xitoy rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy 2025 yil yanvar–sentabr oylarida ushbu qimmatbaho metalldan 23,95 tonna sotib olgan. Tahlilchilar mamlakatning oltinga katta qiziqishini dollarda zaxira saqlashdan voz kechish bilan izohlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid