Jahon | 10:23 / 24.12.2025
4124
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Donetsk viloyatidagi Seversk shahrini tark etganini tasdiqladi

Ukraina bosh shtabi Ukraina harbiylari Donetsk viloyatidagi Seversk shahridan chiqib ketganini tasdiqladi. AQSh tahlilchilari hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiya armiyasining Severskka hujum qilishi 3,5 yil davom etgan.

Foto: Diego Herrera Carcedo/Anadolu

Ukraina harbiylari Donetsk viloyatidagi Seversk shahridan majburan chiqib ketganini ma’lum qildi. Bu haqda Ukraina bosh shtabi 23 dekabr, seshanba kuni o‘zining Telegram-kanalida xabar e’lon qildi.

Bayonotda shunday deyiladi: “Seversk atrofida og‘ir janglar davom etmoqda. Rossiya jonli kuch va texnikada sezilarli ustunlikka ega bo‘lib, katta yo‘qotishlarga qaramay, faol hujumkor harakatlarni davom ettirmoqda. Jangchilarimiz hayotini asrash va bo‘linmalarning jang qobiliyatini saqlab qolish uchun ukrain himoyachilari aholi punktidan chekindi”.

Shuningdek, bosh shtabga ko‘ra, “hujum qilganlar murakkab ob-havo sharoitida kichik shturm guruhlari bilan doimiy bosim o‘tkazib, katta son jihatidan ustunlik hisobiga ilgarilay olgan”. “Shahar hali ham qo‘shinlarimiz o‘qi nazoratida qolmoqda. Shaharda bo‘lgan okkupantlarga zarbalar berilyapti, ularning logistikasi uzib qo‘yilyapti”, — deyiladi xabarda.

Ukrainaning DeepState loyihasi tahlilchilari Rossiya Qurolli kuchlarining Severskda ilgarilagani haqida 19 dekabrdayoq xabar bergan. Urushgacha bu shaharda taxminan 11 ming kishi yashagan.

DeepState’ning onlayn xaritalariga qaraganda, Rossiya qo‘shinlari shaharni egallab, Severskdan janub tomon 3 kmga ilgarilagan. Shahardan 30 km g‘arbda yirik shahar — Slavyansk joylashgan.

AQShdagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) Severskning qulagani haqida 21 dekabrda xabar bergan. Institut tahlilchilariga ko‘ra, RF Qurolli kuchlari Lisichanskdan Severskkacha g‘arb tomon 20 km ilgarilab, shaharni egallash uchun 41 oy sarflagan.

Rossiyalik mustaqil tahlilchi Yan Matveyev ta’kidlashicha, Seversk — 2025 yilda Rossiya tomonidan egallangan Ukrainadagi yagona shahar bo‘lgan. Volchansk, Kupyansk, Liman, Chasov Yar, Konstantinovka, Mirnograd, Pokrovsk, Rodinskoye va Gulyaypole uchun janglar hali ham davom etmoqda, garchi RF Mudofaa vazirligi ularning ko‘pini egallagani haqida hisobot bergan bo‘lsa ham.

Matveyevning aytishicha, endi Ukraina uchun “Reznikovka qishlog‘i (Severskdan 8 km janubi-g‘arbiyda) atrofidagi hududlarni saqlab qolish” muhim, “Rossiya qo‘shinlari Slavyansk tomon yanada chuqurroq yorib kirib ketmasligi” uchun.

Shuningdek, 23 dekabrda Ukraina armiyasi vakili Viktor Tregubov teleefirda Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegarasini yangi uchastkada — Sumi viloyatidagi chegara hududida joylashgan Grabovskoye qishlog‘i atrofida kesib o‘tganini aytdi. Tregubovga ko‘ra, hujum kutilmagan bo‘lgan, unda taxminan 100 nafar rossiyalik harbiy qatnashyapti, qishloq uchun janglar ketmoqda.

Grabovskoye Rossiyaning Belgorod viloyati bilan chegaradosh bo‘lib, Sumi shahridan 50 km sharqda joylashgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid