Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy: AQSh va Ukraina tinchlik rejasida 20 band tayyor
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev va Vashington Rossiya bilan tinchlik kelishuviga asos bo‘ladigan hujjatlar ustida ishni davom ettirayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Yevropa Ittifoqidan Ukraina uchun keng qamrovli xavfsizlik kafolatlarini olishga umid qilmoqda.
Foto: John Thys/AFP/Getty Images
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 24 dekabr kuni jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida so‘nggi haftalarda Ukraina, AQSh va Rossiya muhokama qilayotgan tinchlik rejasining 20 ta bandini sanab o‘tdi. «RBK Ukraina» va «Suspilne» nashrlariga ko‘ra, Zelenskiy bu rejani «urushni yakunlash to‘g‘risidagi bazaviy hujjat» deb atagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Rossiya tomonining muhokama qilinayotgan bandlarga munosabatini kutmoqda, shundan so‘ng «keyingi qadamlar va u yoki bu qarorlar uchun ehtimoliy muddatlar haqida tasavvur hosil bo‘ladi».
«Agar biz bugungi kunda mavjud bo‘lgan ushbu 20 ta band haqida gapiradigan bo‘lsak, bu sezilarli evolyutsiyani boshdan kechirgan doiraviy hujjat – bu o‘sha ilgari 28 ta banddan boshlangan hujjat. <...> Bu hali qoralama loyiha. Bu hali tomonlar o‘rtasida kelishilgan hujjat emas, ammo unda urushni qanday tugatish taklif qilinayotgani haqida ma’lum bir mantiq shakllangan», – deydi Zelenskiy.
Rejaning barcha bandlari
- Ukraina suvereniteti tasdiqlanadi.
- Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risida keng qamrovli shartnoma tuziladi. Tutashuv chizig‘ida monitoring mexanizmi yaratiladi.
- Ukraina mustahkam xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘ladi.
- Ukraina qurolli kuchlaridagi harbiylar soni – tinchlik davrida 800 ming kishi darajasida bo‘ladi.
- AQSh, NATO va Yevropa Ukrainaga 5-modda namunasida xavfsizlik kafolatlarini taqdim etadi. Agar Rossiya Ukrainaga yana bostirib kirsa – harbiy javob qaytariladi va sanksiyalar tiklanadi. Agar Ukraina Rossiyaga bostirib kirsa yoki Rossiya hududiga o‘t ochsa – xavfsizlik kafolatlari bekor qilinadi. Agar Rossiya Ukrainaga o‘t ochsa – xavfsizlik kafolatlari kuchga kiradi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu bandda xavfsizlik kafolatlari uchun AQShga kompensatsiya to‘lanishi haqida ham so‘z borgandi, biroq endi bu punkt o‘chirib tashlandi. Bu kelishuv bo‘yicha ikki tomonlama xavfsizlik kafolatlari istisno qilinmaydi. «Gap 30 ta davlat bilan ikki tomonlama kelishuvlar imkoniyatlari haqida ketmoqda, biz bunday imkoniyatlar qolishini istaymiz. Bular Ko‘ngillilar koalitsiyasi a’zolari – 30 ta davlat, bular Yevropa, Kanada va Yaponiya bo‘lib, ular xavfsizlikni ta’minlashda u yoki bu shaklda yonimizda turishga tayyor», – dedi Ukraina prezidenti.
- Rossiya o‘z qonunchiligida (jumladan, Davlat dumasida ratifikatsiya qilish orqali) Yevropa va Ukrainaga hujum qilmaslik siyosatini mustahkamlab qo‘yadi.
- Ukraina Yevropa Ittifoqiga kirish huquqiga ega bo‘ladi, shuningdek, bu masala ko‘rib chiqilgunga qadar Yevropa bozoriga qisqa muddatli imtiyozli kirish huquqi bilan ta’minlanadi. Ukraina uchun Yevropa Ittifoqiga a’zolik xavfsizlik kafolatlarining bir qismidir, Kiyev a’zo bo‘lishning aniq sanasi belgilab qo‘yilishini istaydi, deya qayd etdi Zelenskiy.
- Ukraina uchun global rivojlanish paketi, u alohida investitsiya shartnomasi orqali belgilanadi. Paket quyidagilarni o‘z ichiga oladi: investitsiyalar uchun taraqqiyot fondi, gaz infratuzilmasini rivojlantirish, hududlarni tiklash, foydali qazilmalar va tabiiy resurslarni qazib olish.
- Ukraina iqtisodiyotini tiklash, zarar ko‘rgan hududlar va regionlarni rekonstruksiya qilish, gumanitar masalalarni hal qilish uchun bir nechta fondlar tashkil etiladi. Bu fondlarga jami 800 milliard dollar jalb qilish maqsad qilingan.
- Ushbu kelishuvdan so‘ng Ukraina AQSh bilan erkin savdo shartnomasini tuzish jarayonini tezlashtiradi. Vashington Ukraina bilan ham, Rossiya bilan ham erkin savdo shartnomasi tuzishni xohlaydi.
- Ukraina Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq yadrosiz davlat bo‘lib qolishini tasdiqlaydi.
- Zaporijjya atom elektr stansiyasi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu masala bo‘yicha murosaga kelinmagan. Vashingtonning taklifi – stansiya Ukraina, AQSh va Rossiya tomonidan birgalikda foydalaniladi. AQSh nazoratni teng taqsimlashni taklif qilgan, bunda amerikaliklar ushbu qo‘shma korxonaning bosh menejeri bo‘ladi. Ukraina taklifi boshqacharoq: Zaporijjya atom elektr stansiyasi AQSh va Ukrainani o‘z ichiga olgan qo‘shma korxona bo‘ladi – 50 ga 50. Bunda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 50 foizini Ukraina, qolgan 50 foizini AQSh oladi.
- Ukraina va Rossiya Federatsiyasi maktablarda va butun jamiyatda o‘zaro tushunish, turli madaniyatlarga bag‘rikenglik va irqchilik hamda noto‘g‘ri qarashlarni bartaraf etishga qaratilgan ta’lim dasturlarini amalga oshirish majburiyatini oladi. Ukraina Yevropa Ittifoqining diniy bag‘rikenglik va ozchilik qatlamlar foydalanadigan tillarni himoya qilish bo‘yicha qoidalarini joriy qiladi.
- Hududlar. Bu eng qiyin nuqta, deydi Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarida qo‘shinlar ushbu kelishuv sanasida bo‘lgan joylar de-fakto tan olingan tutashuv chizig‘i bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Rossiya Federatsiyasi ushbu kelishuv kuchga kirishi uchun Dnipropetrovsk, Mikolayiv, Sumi va Xarkiv oblastlaridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishi kerak. Zelenskiy Moskva Ukraina Donetsk oblastidan chiqib ketishini xohlashi, AQSh esa murosa yo‘lini – erkin iqtisodiy zona taklif qilayotganini aytgan. «Qayerda turgan bo‘lsak, o‘sha yerda qolamiz» degan kelishuv bo‘lmasa, unda erkin iqtisodiy zona faqat referendum orqali qabul qilinishi mumkin. Shu bilan birga, Zelenskiy AQSh referendumni qo‘llab-quvvatlashini, biroq ovoz berishga alohida masala emas, balki butun hujjat qo‘yilishi kerakligini ta’kidladi. Referendum uchun kamida 60 kun kerak bo‘ladi, shunda Ukrainada 60 kunga haqiqiy otashkesim kerak, deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.
- Hududiy kelishuvlardan so‘ng, Rossiya va Ukraina ushbu kelishuvlarni kuch bilan o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi. Ushbu majburiyat buzilgan taqdirda, hech qanday xavfsizlik kafolatlari qo‘llanmaydi.
- Rossiya Ukrainaga Dnipro daryosi va Qora dengizdan tijoriy maqsadlarda foydalanishga to‘sqinlik qilmaydi. Kemalar qatnovi va yuk tashish erkinligini qamrab oluvchi alohida dengiz bitimi va foydalanish to‘g‘risidagi bitim tuziladi. Ushbu kelishuv doirasida Kinburn burni demilitarizatsiya (harbiylardan xoli) qilinadi.
- Ochiq masalalarni hal qilish uchun gumanitar qo‘mita tuziladi. Bu qo‘mita harbiy asirlarni «barchani barchaga» formatida almashish, tinch fuqarolarni, shu jumladan bolalar va siyosiy mahbuslarni qaytarish, mojaro qurbonlari muammolarini hal qilish bilan shug‘ullanadi.
- Ukraina kelishuv imzolanganidan keyin saylovlarni imkon qadar tezroq o‘tkazishi kerak. Birinchi bo‘lib prezidentlik saylovlarini.
- Ushbu kelishuv yuridik jihatdan majburiy bo‘ladi. Uning bajarilishi Tramp raisligidagi Tinchlik kengashi tomonidan nazorat qilinadi. Qoidabuzarlik uchun jazo choralari ko‘riladi.
- Barcha tomonlar bu kelishuvga rozi bo‘lganidan so‘ng, darhol o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish rejimi kuchga kiradi.
Shuningdek, Ukraina kelishuvni ratifikatsiya qilish uchun parlamentga kiritishi va/yoki uni ma’qullash uchun umumukrain referendumini o‘tkazishi taxmin qilinmoqda. Ukraina saylovlarni referendum bilan bir vaqtda o‘tkazishga qaror qilishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy. Shartnoma ikkala tomon ham o‘z majburiyatlarini bajargandan so‘ng kuchga kirishi ko‘zda tutilgan. Xavfsizlik kafolatlari kelishuv to‘liq ratifikatsiya qilingan yoki referendumda ma’qullangan taqdirdagina kuchga kiradi.
Zelenskiy, shuningdek, tinchlik rejasidan tashqari yana uchta hujjat: Ukraina, AQSh va Yevropa o‘rtasida xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha uch tomonlama hujjat, Ukraina va AQSh o‘rtasida xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjat, shuningdek, Ukrainani tiklash va 2040 yilgacha iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi muhokama qilinayotganini aytgan.
Kreml hozircha Zelenskiyning bu so‘zlariga munosabat bildirmadi.
Tinchlik rejasining oldingi versiyalariga nima bo‘ldi?
21 noyabr kuni Axios nashri Donald Tramp ma’muriyatining Ukrainadagi urushni to‘xtatish rejasini e’lon qilgandi. U 28 banddan iborat edi. Unda, xususan, Qrim, Luhansk va Donetsk de-fakto Rossiyaniki deb tan olinishi (jumladan, AQSh tomonidan), Xerson va Zaporijjya oblastlari esa frontning hozirgi chizig‘i bo‘yicha bo‘linishi ko‘rsatilgandi. Rossiya Ukrainaning to‘rt oblasti va Qrimdan tashqaridagi bosib olingan hududlardan voz kechishi kerakligi, Ukraina esa o‘z qo‘shinlarini Donetsk oblastidan to‘liq olib ketishi, bu Rossiya tarkibidagi bufer zona bo‘lib qolishi ko‘zda tutilgandi.
Bundan tashqari, rejada Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan 100 milliard dollar Ukrainani tiklashga yo‘naltirilishi aytilgan. Ushbu mojaroga aloqador barcha tomonlar urush davridagi xatti-harakatlari uchun to‘liq amnistiya oladi, deyilgandi hujjatning eski versiyasida.
Keyinchalik OAV va rasmiylar rejadagi turli o‘zgarishlar haqida xabar berishdi. Xususan, Ukraina versiyasiga ko‘ra, Kiyev mamlakat sharqida Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolayotgan hududlar ustidan nazoratni saqlab qolishi kerak.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tramp ma’muriyatining dastlabki 28 bandlik tinchlik rejasi Rossiya-Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilish uchun asos bo‘lishi mumkinligini aytgandi.
Mavzuga oid
15:05
Vadeful: Ukraina bilan urush tugagach, RF NATOga hujum qilishi mumkin
11:21
Ukraina Polshaga rossiyalik arxeologni topshirishni so‘rab murojaat qildi
10:23
Ukraina Donetsk viloyatidagi Seversk shahrini tark etganini tasdiqladi
09:20