Jahon | 12:06
928
3 daqiqa o‘qiladi

Fon der Lyayyen: Kiyev xavfsizligi - birinchi navbatdagi shart

Yevrokomissiya raisi va Yevropa yetakchilari Donald Tramp hamda Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Ursula fon der Lyayyenning aytishicha, Kiyev “eng birinchi kundanoq” xavfsizlik kafolatlarini olishi kerak.

Foto: Stephanie Lecocq/REUTERS

Ukrainaga urush to‘xtagan birinchi kundanoq “temirdek” xavfsizlik kafolatlari berilishi kerak. Bu haqda yakshanba, 28 dekabr kuni, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen AQSh va Ukraina prezidentlari bilan o‘tkazilgan telefon muloqotlari yakunlari bo‘yicha X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

Yevrokomissiya rahbari Donald Tramp, Volodimir Zelenskiy va bir qator Yevropa yetakchilari bilan “yaxshi, bir soatlik suhbat” bo‘lganini, unda AQSh va Ukraina rahbarlarining tinchlik yo‘lidagi uchrashuvi muhokama qilinganini qayd etdi.

“Yaxshi ilgarilashga erishildi va biz uni olqishladik. Yevropa Ukraina va amerikalik sheriklarimiz bilan bu ilgarilashni mustahkamlash uchun hamkorlikni davom ettirishga tayyor”, — dedi fon der Lyayyen va shunday qo‘shimcha qildi: “Bu sa’y-harakatlarda eng birinchi navbatdagi ahamiyat — urush to‘xtagan birinchi kundanoq temirdek xavfsizlik kafolatlarining mavjud bo‘lishidir”.

Telefon muloqotida Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Finlyandiya prezidenti Aleksander Stubb va Polsha prezidenti Karol Navrotskiy, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, shuningdek NATO bosh kotibi Mark Ryutte ishtirok etgan.

Tramp bilan qo‘shma matbuot anjumanida Zelenskiy AQSh–Ukraina xavfsizlik kafolatlari 100 foizga kelishilganiga ishonch bildirdi. Ukraina rahbarining qo‘shimcha qilishicha, AQSh–Yevropa–Ukraina xavfsizlik kafolatlari ham deyarli ishlab chiqilgan. Oq uy rahbarining aytishicha, Kiyev xavfsizligini ta’minlashga oid vazifalarning katta qismini Yevropa o‘z zimmasiga oladi, biroq Vashington bu masalada qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Politico onlayn-nashri ma’lumotiga ko‘ra, 28 dekabr kuni Tramp va Zelenskiy muzokaralarida Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari, ukrain prezidentining mamlakat sharqida demilitarizatsiya qilingan zona yaratish taklifi, Zaporijjya AES boshqaruvi va Donbass hududlari ustidan nazorat masalalari muhokama qilinishi kerak edi. Ukraina rahbari, agar Rossiya kamida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, tinchlik rejasini referendumga qo‘yishga tayyor ekanini bildirgan.

Mavzuga oid