Jahon | 12:01 / 29.12.2025
1604
3 daqiqa o‘qiladi

Vuchich Serbiyada 2026 yilda muddatidan oldin saylov o‘tkazishga va’da berdi

Serbiya prezidenti norozilik aksiyalari ishtirokchilarining asosiy talabini qondirishga va’da berdi. “Yaqin vaqt ichida, kelasi yilda, biz saylovlarga boramiz”, - dedi Aleksandr Vuchich.

Foto: Tanjug/Ana Paunković

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich 2026 yilda Xalq skupshchinasiga (bir palatali parlament) navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazilishini tasdiqladi. Vuchichning bu so‘zlarini yakshanba, 28 dekabr kuni serb OAV, jumladan Beta agentligi hamda Vreme va Telegraf onlayn-nashrlari keltirdi.

Parlament binosi oldida o‘z tarafdorlari oldida chiqish qilgan siyosatchi hukumat norozilik aksiyalari ishtirokchilariga qarshi emas, ular tomon qadam tashlayotganini aytdi. “Yaqin vaqt ichida, kelasi yilda, biz saylovlarga boramiz”, — dedi u, biroq ovoz berishning aniq sanalarini aytmadi.

Shu bilan birga Aleksandr Vuchich kelgusida hukmron koalitsiya ishonchli g‘alaba qozonishiga ishonch bildirdi va yaqinda beshta munitsipalitetda bo‘lib o‘tgan saylovlarni esladi — u yerda hukumat tarafdorlari ustun kelgan. Amaldagi parlament tarkibining vakolatlari 2027 yil dekabrda tugashi kerak.

Davlat rahbari qo‘shimcha qilishicha, Belgradda Xalq skupshchinasi yonidagi norozilarning palatkali lageri 3–4 yanvarga qadar yig‘ishtirib olinadi, uning o‘rnida yangi yil bayramlari bilan bog‘liq obektlar joylashtiriladi. “Rangli inqilob muvaffaqiyatsizlikka uchradi”, — dedi Vuchich.

Serbiya prezidenti muddatidan oldin saylovlar haqida dekabr o‘rtalarida gapirgan edi, o‘shanda u “2026 yil oxiri”ni tilga olgan.

28 dekabr kuni Serbiyada norozi talabalar butun mamlakat bo‘ylab muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish talabi qo‘llab-quvvatlanishi uchun imzo to‘plash bo‘yicha keng ko‘lamli aksiya o‘tkazdi. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, imzolar 113 ta aholi punktida yig‘ilgan.

Novi-Sad shahrida 2024 yil 1 noyabr kuni yaqinda ta’mirlangan temiryo‘l vokzalining tashqi beton soyaboni qulagan. Natijada 6 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lgan 16 kishi halok bo‘lgan. Fojiadan keyin qurilish vaziri lavozimida ishlagan Goran Vesich iste’foga chiqqan. Keyinroq u va vokzalni rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq yana 12 nafar shaxs qo‘lga olingan.

Shunga qaramay, mamlakatda 1996 yildan beri eng yirik deb atalgan norozilik namoyishlari to‘lqini ko‘tarildi. Namoyishchilar Novi-Saddagi fojianing sababi sifatida korrupsiya, beparvolik, qurilishda xavfsizlik qoidalariga e’tiborsizlik, shuningdek serb hokimiyatidagi qarindosh-urug‘chilikni keltirgan.

Yanvar oyida noroziliklar fonida Serbiya bosh vaziri, Novi-Sadning sobiq meri Milosh Vuchevich iste’foga chiqqan. Mart oyida mamlakat parlamenti bu qarorni tasdiqlagan. Yangi hukumat rahbari etib tibbiyot professori Juro Matsut tayinlangan — uning nomzodini Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich taklif etgan. Keyinroq Vuchich “demokratik mamlakatlar noroziliklar paydo bo‘lgan har safar saylov taqvimini o‘zgartirmasligi kerak”, chunki bu “fuqarolarning o‘zlariga zarar keltirishi”ni aytgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid