O‘zbekiston | 15:49
3002
3 daqiqa o‘qiladi

Qumqo‘rg‘on tumaniga ham yangi hokim tayinlandi

Tumanga 2022 yil yozidan buyon rahbarlik qilib kelgan Anvar Normamatov «boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan» lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Denov tumani prokurori Farrux Xoliqov egalladi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Bugun, 30 dekabr kuni xalq deputatlari Qumqo‘rg‘on tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etgan sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Shu kungacha Qumqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Anvar Normamatov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.

Viloyat hokimi tomonidan tuman hokimi lavozimiga Milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya etilgan Farrux Omonovich Xoliqov nomzodi taklif etildi. Mazkur nomzod Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari tomonidan ma’qullandi.

Ma’lumot uchun, Farrux Xoliqov 1985 yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. U 2009 yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 2016 yilda Bosh prokuratura oliy o‘quv kursini huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida prokuratura organlarida turli lavozimlarda, jumladan, Uzun va Sho‘rchi tumanlari prokurori sifatida ishlagan. Tayinlovga qadar Denov tumani prokurori lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Anvar Normamatov 2003 yildan boshlab Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan, xususan, 2021 yildan Termiz shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan. 2022 yil iyunida Qumqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlangandi.

Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov

U tumanga hokimlik davrida bir necha bor OAV nazariga tushgan, xususan, 2023 yil noyabrida mahalliy tadbirkorlardan biri hokimga 400 million so‘mdan qimmat turuvchi Equinox rusumli avtomobil sovg‘a qilgandi.

2025 yil oktyabrida esa Anvar Normamatov mahalliy kengash sessiyasida gaz muammosi haqida gap ketganda «odamlar tezak qilmay qo‘ygani»ni aytib, buni «xalqqa tushuntirish kerakligi»ni bildirgandi.

«Tezak chalmalarni yig‘ib, bosib, qishda ikkita tashlab qo‘ysa bo‘ladi-ku. Hamma gaz-gaz deb qoldi. Gazning tagi bo‘lsa qani, yo‘q-da shu gaz!» degandi hokim.

Mavzuga oid