Jahon | 09:36
5315
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya tarixidagi eng yirik o‘g‘rilik: bankdan 90 mln yevro o‘marildi

Germaniya g‘arbidagi Gelzenkirxen shahrida noma’lum shaxslar bank omborxonasi devorini teshib kirib, taxminan 3200 ta seyf-yacheykani buzib ochgan. Zarar 90 mln yevrogacha yetishi mumkin. Bu - GFR tarixida bankdagi eng yirik o‘g‘riliklardan biri.

Foto: Polizei Gelsenkirchen

Germaniya g‘arbidagi Gelzenkirxen shahrida Sparkasse bankining filiali talon-toroj qilindi. Jinoyatchilar bank yacheykalari joylashgan xona bilan uning yonidagi ko‘p qavatli avtoturargoh orasidagi beton devorni buzib teshik ochgan, deb xabar berdi mahalliy politsiya o‘z saytida seshanba, 30 dekabr kuni.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, bir necha mingta seyf buzib ochilgan, zarar o‘nlab million yevro bilan o‘lchanadi. Guvohlar aytishicha, 28 dekabr kechqurun ko‘p qavatli avtoturargoh zinapoyasida katta sumkalar ko‘targan erkaklarni ko‘rishgan.

Kuzatuv kameralari yozuvlari 29 dekabr tongida avtoturargohdan qora rangli Audi RS 6 chiqib ketganini ko‘rsatgan, mashina ichidagilar niqobda bo‘lgan. Avtomobilning davlat raqami oldinroq Hannover shahrida o‘g‘irlangan. Politsiya bu shaxslarning harakatlarini «juda professional» deb baholagan.

Dpa agentligi tergovchilarga tayanib yozishicha, taxminan 3200 ta seyf buzib ochilgan, umumiy qiymati taxminan 30 mln yevro bo‘lgan pul, oltin va qimmatbaho taqinchoqlar o‘g‘irlangan. Zararni aniq baholash qiyin, chunki yacheykalarda saqlangan narsalar ko‘pincha sir bo‘lgan.

Associated Press axborot agentligi Gelzenkirxen politsiyasiga tayanib, zarar miqdori 10 mln yevrodan 90 mln yevrogacha deb baholanayotganini xabar qildi. OAVda bu voqea GFR tarixidagi eng yirik o‘g‘riliklardan biri sifatida tilga olinmoqda.

Sparkasse bankida har bir seyf 10 300 yevrogacha sug‘urtalangani aytilgan. Biroq 29 va 30 dekabr kunlari bank binosi oldiga norozi mijozlar yig‘ilgan. Ko‘pchilik o‘z yo‘qotishlari sug‘urta summasidan ancha yuqori ekanini bildirgan. Jami taxminan 2700 kishi jabr ko‘rgan.

Mavzuga oid