Jahon | 11:20 / 03.01.2026
1697
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada so‘nggi kunlarda banklar uchinchi marta o‘marilgani xabar qilindi

Germaniyaning g‘arbida joylashgan Shimoliy Reyn – Vestfaliya federal yer hududida so‘nggi bir necha kun ichida banklarga qarshi uchinchi marta o‘g‘irlik/bosqin qayd etilgani ma’lum bo‘ldi. 2 yanvar, juma kuni mahalliy politsiya Galle shahridagi temiryo‘l vokzali yaqinida joylashgan bank bo‘limida 30 dekabr kuni ish vaqtida to‘rtta seyf yacheykasi buzib ochilganini bildirdi.

Foto: Christoph Reichwein/dpa/picture alliance

Zarar miqdori hozircha aniqlanmagan. Jinoyatchilar omborxonaga aynan qanday kirib borgani ham noma’lum. Shu bilan birga, politsiya ochib tashlangan yacheykalar egalari bilan bog‘langan. Huquq-tartibot idoralari voqeaga guvoh bo‘lgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha shaxslardan bu haqda ma’lumot berishni so‘radi.

Birinchi voqea Bonnda 17 dekabr kuni sodir bo‘lgan, ammo bu haqda faqat oy oxirida ma’lum bo‘ldi. Fridensplats markaziy maydonida joylashgan Sparkasse bo‘limida ikki seyf buzib ochilib, u yerdan katta qiymatdagi qimmatbaho buyumlar — asosan oltin o‘g‘irlangan. Politsiya jinoyatda 22 yoshli sobiq bank xodimini gumon qilayotganini ma’lum qildi. Uning uyida tintuv o‘tkazilgan, u uchastkaga olib kelingan, ammo uni ushlab turishga asos topilmagani sabab qo‘yib yuborilgan, deb xabar beradi WDR telekanali.

Ikkinchi voqea 29 dekabr ertalab Gelzenkirxendagi Sparkasse bo‘limida aniqlangan. Bank xavfsizlik xizmati omborxonada taxminan 3200 ta yacheyka (pul, oltin va boshqa qimmatbaho narsalar saqlangan) buzib ochilganini ko‘rgan. Jinoyatchilar omborxonaga yonidagi avtoturargoh tomondan kirib, devorni teshib o‘tgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, zarar miqdori 100 mln yevrodan oshib ketishi mumkin. Bu o‘g‘rilik GFR tarixidagi eng yiriklaridan biri, deb atalmoqda. 1 yanvar kuni politsiya xodimlari hozirgacha gumonlanuvchilarni aniqlashga olib keladigan birorta ham jiddiy dalil yo‘qligini tan olgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid