O‘zbekiston | 16:05 / 03.01.2026
2287
2 daqiqa o‘qiladi

Maishiy chiqindi poligonlari kamida 50 foizga qisqartiriladi 

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida bioxilma-xillikni ishonchli saqlash uchun yaylov va pichanzorlarda keng ko‘lamli geobotanik tekshiruvlar o‘tkazish, shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash-olib chiqish xizmatlarini yaxshilash va qayta ishlash ulushini oshirish bo‘yicha qator ko‘rsatkichlar belgilangan.

Foto: Kun.uz

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida tabiiy ekotizimlarni muhofaza qilish hamda bioxilma-xillikni saqlash masalasi alohida yo‘nalish sifatida qayd etilgan. Loyihaga ko‘ra, tabiiy yaylov va pichanzorlar holatini muntazam o‘rganish, o‘simlik qoplamini baholash va resurslardan barqaror foydalanishni ta’minlash rejalashtirilgan.

Loyihada belgilangan vazifalar:

  • har yili 2 million gektar hajmda tabiiy yaylovlar va pichanzorlar o‘simliklarini geobotanik (biobotanik) tekshirishni amalga oshirish;
  • dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarni yetishtirish va ko‘paytirish uchun har yili 10 ming gektar maydonda madaniy plantatsiyalar tashkil etish.

Shu bilan birga, strategiya loyihasida aholiga kommunal xizmatlar sifatini oshirish yo‘nalishida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish tizimini takomillashtirish ham nazarda tutilgan. Loyihada chiqindilarni qayta ishlash va qayta foydalanishni kengaytirish, chiqindidan muqobil energiya ishlab chiqarish ulushini oshirish hamda poligonlar sonini qisqartirishga qaratilgan maqsadlar belgilangan.

Qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha ko‘rsatkichlar:

  • aholini qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bilan mahalla kesimida qamrab olish darajasini 85 foizga yetkazish;
  • maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 6 foizga yetkazish;
  • yoqib, muqobil energiya ishlab chiqariladigan chiqindilar ulushini 20 foizga yetkazish;
  • maishiy chiqindi poligonlarini kamida 50 foizga qisqartirish;
  • maishiy chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan 13 ta ekosanoat zonalarini joriy etish.

Loyihaga ko‘ra, mazkur choralar tabiiy resurslarni muhofaza qilish, dorivor o‘simliklarni madaniy usulda ko‘paytirish orqali bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, chiqindilarni boshqarish tizimida qayta ishlash va energiya olish amaliyotini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid