Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NATO Arktikada xavfsizlikni oshirish bo‘yicha qadamlarni ishlab chiqmoqda
NATO ichida Arktika mintaqasining ahamiyati bo‘yicha kelishuv bor. Hozir uning xavfsizligini oshirish uchun amaliy qadamlar muhokama qilinmoqda, dedi alyans bosh kotibi Mark Ryutte Xorvatiyaga tashrifi chog‘ida.
Shimoliy Atlantika alyansi Arktika mintaqasining xavfsizligini ta’minlash yo‘llarini qidirmoqda. Bu haqda NATO bosh kotibi Mark Ryutte dushanba kuni, 12 yanvarda ma’lum qildi. Bu bayonot AQSh prezidenti Donald Trampning Daniyaning avtonom hududi hisoblangan Grenlandiyani qo‘shib olish niyati haqida bir necha bor aytgan gaplari fonida yangradi.
“Hozir biz keyingi qadamlar ustida ishlayapmiz — maqsad, haqiqatan ham birgalikda xavf ostida turgan narsani himoya qila olishimizni kafolatlash”, — deb ta’kidladi Ryutte Xorvatiyada jurnalistlar oldida chiqish qilar ekan. “Alyansdagi barcha Arktika mintaqasi va uning xavfsizligi muhim ekaniga qo‘shiladi, chunki dengiz yo‘llarining ochilishi rossiyaliklar va xitoyliklar yanada faollashishi xavfini keltirib chiqarishini bilamiz, — deya qo‘shimcha qildi u. — Hozir biz keyingi qadamni muhokama qilyapmiz, ya’ni bu muhokamalarning amaliy davomi bo‘lishini qanday kafolatlash mumkinligini”.
AFP agentligi NATO huzurida ishlaydigan diplomatlarga tayanib xabar berishicha, Shimoliy Atlantika alyansining ayrim a’zolari, jumladan, Arktika mintaqasiga yangi missiyalarni yuborish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Biroq bu bosqichda muhokamalar hali boshlang‘ich holatda bo‘lib, bu borada aniq takliflar yo‘q, deydi agentlik manbalari.
Yanvar oyi boshida Oq uy AQSh qo‘shinlaridan foydalanib Grenlandiyani qo‘shib olish Donald Trampda — AQSh qo‘shinlarining oliy qo‘mondoni sifatida mavjud bo‘lgan “variantlardan biri” ekanini ma’lum qildi. 11 yanvar kuni Tramp AQSh Grenlandiya ustidan “u yoki bu tarzda” nazoratni qo‘lga kiritishini aytdi hamda bu hudud mudofaasini masxara qilib, u “ikkita it qo‘shilgan chanadan” iborat, dedi.
AQSh prezidentining Grenlandiya haqidagi so‘zlaridan keyin ko‘plab Yevropa yetakchilari Daniyani qo‘llab-quvvatlashini bildirib, Grenlandiya taqdiri haqida qarorni uning aholisi qabul qilishi kerakligini ta’kidladi.
Grenlandiya hukumati 12 yanvar kuni AQShning bu hududni qo‘shib olish niyati haqidagi bayonotlarini qabul qilib bo‘lmas deb ta’kidladi. “AQSh yana bir bor Grenlandiyani qo‘lga kiritish istagini bildirdi. Grenlandiyadagi hukmron koalitsiya buni hech qanday sharoitda qabul qila olmaydi”, — deya hujjatdan iqtibos keltiradi AFP agentligi.
Shu bilan birga, Grenlandiya hokimiyati orol mudofaasini NATO doirasida rivojlantirishga tayyor ekanini qayd etdi.
Mavzuga oid
10:15 / 08.06.2026
O‘zbekiston NATO sherik davlatlari kunida ishtirok etdi
22:20 / 06.06.2026
NATO Ukrainaga 70 mlrd yevrolik harbiy yordam ajratish masalasini muhokama qilmoqda – OAV
09:37 / 25.05.2026
NATO sammiti oldidan Ukraina bo‘yicha bahslar kuchaydi
08:46 / 22.05.2026