Jahon | 13:02
1181
5 daqiqa o‘qiladi

Ukraina litiy qazib olish huquqlarini amerikalik investorlarga berdi

Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko tasdiqlashicha, mamlakat hukumati Kirovoxrad viloyatidagi “Dobraya” konidagi kon ishlarini olib borish huquqini amerikalik aksiyadorlarga ega bo‘lgan Dobra Lithium Holdings kompaniyasiga taqdim etgan.

Foto: Tom Fisk / pexels.com

Ukraina Kirovoxrad viloyatidagi “Dobraya” konida litiy qazib olish huquqini Dobra Lithium Holdings kompaniyasiga — AQSh bilan aloqalari bo‘lgan investorlar guruhiga berdi. Litiy konini o‘zlashtirish bo‘yicha tanlov g‘olibi tanlangani haqida Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko dushanba kuni, 12 yanvarda Telegram’da xabar qildi. “Konning o‘zlashtirilishi 179 mln dollar miqdoridagi minimal kapital investitsiyalarini jalb qilish imkonini beradi. Shundan 12 mln dollar yangi geologik-qidiruv ishlari va zaxiralarni xalqaro auditdan o‘tkazishga, 167 mln dollar esa — agar konning sanoat miqyosidagi zaxiralari tasdiqlansa — qazib olish va boyitishni tashkil etishga yo‘naltiriladi”, — deyiladi xabarda.

Ukraina bosh vaziri fikricha, AQShdan investorlarni jalb qilish Ukrainaga nisbatan xalqaro e’tiborni kuchaytiradi va mamlakat uchun qo‘shimcha xavfsizlik kafolatlarini yaratadi. “Bu loyiha amerikalik sheriklar bilan birga Ukrainaning juda raqobatbardosh va yuqori texnologiyali global litiy sanoatiga kirishi uchun beqiyos imkoniyatlarni ochadi”, — deya ta’kidladi Sviridenko. Aksiyadorlari Techmet va The Rock Holdings bo‘lgan Lithium Holdings kompaniyasi “muhim ahamiyatga ega foydali qazilmalarni qazib olish sohasida katta tajribaga ega”, deya qo‘shimcha qildi Ukraina bosh vaziri.

AQShning DFC moliyaviy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Techmet AQSh hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Reuters agentligi aniqlashicha, litiy loyihasi bo‘yicha tender 2025 yil avgust oyida e’lon qilingan va u AQSh bilan qo‘shma investitsiya fondi doirasidagi birinchi loyiha hisoblanadi. Kelishuv Vashingtonga Ukrainaning yangi xomashyo resurslariga imtiyozli kirish imkoniyatini beradi va Rossiyaning harbiy tajovuzi tugaganidan keyin Ukrainani tiklash uchun fond orqali mablag‘ to‘plashni nazarda tutadi.

The New York Times (NYT) gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, investorlardan biri — milliarder Ronald S. Lauder, kosmetika imperiyasining merosxo‘ri va AQSh prezidenti Donald Trampning do‘sti. Qayd etilishicha, Lauder Trampni kollej davridan beri taniydi va go‘yo aynan u Trampga resurslarga boy Grenlandiyani “sotib olish” g‘oyasini bergan.

NYT yozishicha, Ukraina yirik davlat koni bo‘lgan “Dobraya”da litiy qazib olish huquqini amerikalik investorlarga berishni tanlov g‘olibi rasman e’lon qilinishidan to‘rt kun oldin ham xabar qilgan edi. Ukraina hukumat komissiyasining ikki a’zosi 8 yanvar kuni nashrga (anonimlik sharti bilan) qaror allaqachon qabul qilinganini, ammo kelishuv Ukraina vazirlar mahkamasi tomonidan rasman tasdiqlanishi kerakligini aytgan. Shu bilan birga, NYT manbalari g‘olibni aniqlashda “favoritizm” bo‘lgani haqidagi taxminlarni rad etgan.

28 iyun kuni bir vaqtning o‘zida bir necha Rossiya va G‘arb nashrlari xabar berganidek, Rossiya armiyasi Donetsk viloyatining g‘arbidagi Shevchenko nomli kichik posyolkani okkupatsiya qilganidan keyin Ukraina muhim litiy konini yo‘qotgan. The New York Times’ning Kiyevdagi muxbiri yozishicha, Ukraina “AQSh bilan yangi iqtisodiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlashga yordam berishi mumkin bo‘lgan eng muhim aktivdan mahrum qilingan”.

Jurnalist, shuningdek, Shevchenko koni Kiyev va Vashington o‘rtasida “yer qa’ri boyliklari” bo‘yicha kelishuv imzolangandan keyin RF Qurolli kuchlari tomonidan qo‘lga olingan birinchi kon ekanini ta’kidlagan. NYT qayd etishicha, u Ukrainadagi boshqa konlarga nisbatan ruda sifati yuqoriligi bilan ajralib turgan.

Umuman olganda, Ukrainada litiy rudasining to‘rtta yirik koni razvedka qilingan. Ulardan biri — Zaporijjya viloyatidagi “Krutaya Balka” koni 2022 yildan beri Rossiya okkupatsiyasi ostida. Yana ikkitasi Kirovoxrad viloyatida joylashgan: Poloxovskoye va “Dobraya” — u istiqbolliroq deb hisoblanadi. Hozirgacha ularning hech birida qazib olish ishlari olib borilmagan.

Mavzuga oid