O‘zbekiston | 17:20
7988
3 daqiqa o‘qiladi

Xovosda fermerlarning yerlari ommaviy tortib olinyapti

Turli idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh fermerlarning uyiga borib, ularning shaxsiy mol-mulkini xatlayotgani va yerdan voz kechish haqida ariza yozishga majburlayotgani aytilmoqda. Ariza yozishni rad etgan fermerlarga agroinspeksiyadan reviziya kelyapti. O‘zLiDeP bunga chek qo‘yishga chaqirdi, deputat Risqul Siddiqov viloyat hokimi Erkinjon Turdimovga so‘rov yubordi.

Foto: Xovos tumani hokimligi matbuot xizmati

Xovos tumanida fermerlarning yerlari ommaviy ravishda olib qo‘yilmoqda. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bu harakatlarni “zudlik bilan bartaraf etish”ga chaqirdi.

“Kuni kecha Sirdaryo viloyati Xovos tumanida fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini olib qo‘yish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzilib, ularning yerlarini olib qo‘yish choralari ko‘rilayotgani haqidagi ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, prokuratura, ichki ishlar, majburiy ijro, soliq va boshqa idoralardan iborat ishchi guruhlar fermer xo‘jaligi rahbarlarining uylarigacha borib, ijro hujjatlarisiz fermerlarning shaxsiy mol-mulkini xatlab, yerdan voz kechish haqida majburiy ariza yozishni talab qilmoqda, ariza yozishni rad etgan fermerlarga nisbatan agroinspeksiya orqali tekshiruvlar o‘tkazilmoqda”, deyiladi partiya axborotida.

O‘zLiDePga ko‘ra, bu bo‘layotgan ishlar – “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarga zid.

“Xovos tumanida fermer xo‘jaliklariga nisbatan olib borilayotgan bu kabi harakatlar uchun qonuniy asos va aniq sabablar bo‘lishi lozim. Ta’kidlash joizki, 2025 yil va 2026 yilning bugungi kuniga qadar bunday ommaviy tekshiruvlarni o‘tkazish yuzasidan hech qanday qonunchilik hujjatlari qabul qilinmagan”, – deyiladi partiya bayonotida.

O‘zLiDePning Qonunchilik palatasidagi deputati Risqul Siddiqov holat yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish bo‘yicha Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga deputatlik so‘rovi kiritgan.

“O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mazkur harakatlarni zudlik bilan bartaraf etish, tumanda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, xosildorlikni oshirish, to‘lov intizomini mustahkamlash va yerlardan samarali foydalanish ishlarini tashkil qilishning qonuniy hamda o‘z elektorati hisoblangan fermerlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlagan holda amalga oshirish lozim deb hisoblaydi”, – deya ta’kidlaydi partiya.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil dekabr oyida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Xovos tumanida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazgan va Ulug‘bek Yo‘ldoshevni ishdan olib, uning o‘rniga Qomus Yo‘ldoshevni tuman hokimi etib tayinlagan edi.

Mavzuga oid