Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qoshg‘ar–Toshkent yo‘nalishida yangi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareys ochiladi
14 yanvar kuni Xitoyning Qoshg‘ar shahridan O‘zbekiston poytaxti Toshkentga yangi yo‘lovchi aviayo‘nalishi bo‘yicha birinchi reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Xitoyning “Sinxua” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishning ochilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar almashinuv, turizm va savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Yangi reys Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida qo‘shimcha “havo ko‘prigini” shakllantirib, o‘zaro qatnovlar uchun qulayliklarni oshiradi.
Ma’lum qilinishicha, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonining Qoshg‘ar okrugi ma’muriy markazidan amalga oshiriladigan ilk parvoz uchun 180 o‘rinli Airbus A320 samolyoti jalb etiladi. Qatnovlarni haftasiga bir marotaba (borish va qaytish) amalga oshirish rejalashtirilgan. To‘g‘ridan to‘g‘ri reysning yo‘lga qo‘yilishi avval boshqa shaharlar orqali amalga oshirilgan safarlarning vaqti va tashkiliy xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirishi aytilmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Qoshg‘ar okrugining muhim savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlik ko‘lami muntazam ravishda kengayib bormoqda. Ayniqsa, 2025 yil 1 iyundan Xitoy hukumati hamda O‘zbekiston hukumati o‘rtasida viza talablarini o‘zaro bekor qilish to‘g‘risidagi kelishuv rasman kuchga kirgani munosabatlar rivojiga qo‘shimcha turtki bergan. Unga ko‘ra, ikki davlat fuqarolari amaldagi xorijga chiqish pasportlari bilan bir marta kirganda 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin.
Shu kabi qulay sharoitlar fonida Qoshg‘ar–Toshkent to‘g‘ridan to‘g‘ri aviamarshrutining ochilishi turistik va ishbilarmonlik safarlariga bo‘lgan talabni yanada oshirishi, turli sohalardagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishi kutilmoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoydan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimi so‘nggi yillarda sezilarli o‘sgan. Xususan, 2024 yilda mamlakatga Xitoydan 74,3 ming nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, bu 2023 yilga nisbatan taxminan 75 foizga ko‘p ekani qayd etilgan.
Ushbu ijobiy dinamika 2025 yilda ham davom etgan: yanvar–oktyabr oylarida O‘zbekiston Xitoydan qariyb 217 ming nafar sayyohni qabul qilgan. Manbalarda yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 250 ming nafardan oshishi kutilmoqda, bu esa bir yil oldingisiga nisbatan qariyb 3 barobar ko‘p degani.
Ekspertlar fikricha, safarlar ko‘payishiga vizasiz rejim bilan birga, Xitoy turistik bozorida O‘zbekiston salohiyatining faol targ‘ib qilinishi, shuningdek, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar tarmog‘ining kengayib borayotgani ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mavzuga oid
10:26 / 16.04.2026
Toshkent - Yerevan aviareysi qayta tiklanishi mumkin
19:57 / 18.03.2026
19 martdan Toshkent – Dubay – Toshkent yo‘nalishidagi muntazam reyslar tiklanadi
23:12 / 28.02.2026
“Qaynoq nuqta”ga aylangan Yaqin Sharq: yuzlab reyslar bekor qilindi
13:55 / 28.02.2026