Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
FT: YeI a’zolik uchun ikki bosqichli model ustida ishlayapti
Yevrokomissiya ishlab chiqayotgan dastlabki rejaga ko‘ra, Ukraina ittifoqqa qo‘shilishi mumkin, ammo vakolatlari cheklangan bo‘ladi, deb yozadi FT. Nashr ma’lumoticha, loyiha hozir muhokama bosqichida.
Foto: AP
Bryussel sovuq urush davridan beri amal qilib kelayotgan YeIga qo‘shilish (kengayish) tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqmoqda va uni Ukraina Kiyev hamda Moskva o‘rtasida tinchlik kelishuvi tuzilgan taqdirda tezroq a’zo bo‘lishiga yordam berishi mumkin bo‘lgan ikki bosqichli model bilan almashtirishni istayapti. Bu haqda Financial Times (FT) gazetasi juma kuni, 16 yanvarda xabar berdi.
Yevrokomissiya tayyorlayotgan dastlabki rejaga ko‘ra, Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi mumkin, biroq cheklangan vakolatlar bilan. Masalan, Kiyev dastlabki bosqichda YeI sammitlari va vazirlar darajasidagi uchrashuvlarda to‘liq ovoz berish huquqiga ega bo‘lmaydi. Shu bilan birga, loyihaga ko‘ra, u yagona bozorning bir qator sohalariga, qishloq xo‘jaligi subsidiyalariga va ittifoqning ichki moliyalashtirish instrumentlariga bosqichma-bosqich kirish imkoniyatini oladi.
“G‘ayrioddiy zamonlar g‘ayrioddiy choralarni talab qiladi. Biz kengayish jarayonini yemirmayapmiz. Biz kengayish konsepsiyasini kengaytiryapmiz”, — dedi YeI diplomatlaridan biri.
Shu orada YeIga a’zo bo‘lgan ayrim davlatlar va a’zolikka intilayotgan mamlakatlar vakillari Yevrokomissiya bilan norasmiy muhokamalar chog‘ida ushbu konsepsiya ularda chuqur xavotir uyg‘otayotganini bildirgan. Ulardan ba’zilari bu yondashuv ittifoqning kelajakdagi barqarorligiga salbiy ta’sir qilishi, a’zolik qadrini pasaytirishi va nomzod davlatlar noroziligiga sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.
Bundan tashqari, “soddalashtirilgan” kengayish variantini Bosniya va Hersegovina, shuningdek Turkiya kabi davlatlarga ham taklif etish mumkinmi, degan savollar paydo bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, Albaniya bosh vaziri Edi Rama Politico nashriga bu choralar “yaxshi g‘oya” ekanini aytgan va Tirana ma’lum bir davr mobaynida Bryusselda yevrokomissarga ega bo‘lmaslikka ham rozi bo‘lishini bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Albaniya Fransiya va Germaniya kabi yirik asoschi davlatlarning irodasiga qarshi chiqishni istamaydi. “Oxir-oqibat, ular — oilada muhim qarorlar qabul qiladigan kattalar”, — dedi u va shunday qo‘shimcha qildi: agar bu davlatlar “nimanidir sindirib” qo‘ysa, bu yangi a’zolarning aybi bo‘lmaydi.
Shunga o‘xshash pozitsiyani Gurjistonning 5-prezidenti Salome Zurabishvili ham qo‘llab-quvvatladi. “Kichik mamlakat sifatida biz albatta hamjamiyat, oila bir qismi bo‘lishga, YeIni tashkil etuvchi dasturlarda qatnashishga qiziqamiz, ammo qaror qabul qilish jarayonida teng ishtirokchi bo‘lishga emas, chunki bu tashkilotni yaratgan davlatlar ancha ta’sirchan”, — dedi Zurabishvili.
Moldova takliflar tafsilotlari bilan tanishishni istashini bildirdi. “Biz erta bosqichda mas’uliyatni zimmamizga olishga tayyormiz va ushbu muhokamalarda ishtirok etish, ularni shakllantirishga yordam berish imkoniyatini qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi moldovalik yuqori lavozimli amaldor. “Shu bilan birga, teng huquqlar va YeI qarorlarini qabul qilishda to‘liq ishtirokni o‘z ichiga olgan to‘laqonli a’zolik aniq va yakuniy maqsad bo‘lib qolishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u.
O‘z navbatida, allaqachon bir qator keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirgan Ukraina Bryussel g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashga shoshilmayapti, deb yozadi Politico. “Agar YeI a’zoligi haqida gapiradigan bo‘lsak, u to‘laqonli bo‘lishi kerak”, — degan edi prezident Volodimir Zelenskiy 2025 yil noyabr oyida.
Daniyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri Mari Berre 2025 yil 11 dekabr kuni Ukrainaning YeIga qo‘shilish jarayoni Vengriya tomonidan bloklanayotganiga qaramay davom etayotganini aytgan. “Men juda faxrlanaman: Daniya raisligi davrida biz kengayishga yangi yondashuvni qo‘lladik — barcha texnik ishlarni oldindan bajaramiz (Bryusselda bu yondashuv norasmiy ravishda frontloading deb ataladi — tahr.). Bu degani, kengayish jarayoni to‘xtab qolmagan, Ukraina barcha bajarilishi kerak bo‘lgan texnik ishlar bo‘yicha oldinga siljiy oladi”, — degan Berre Lvivda bo‘lib o‘tgan YeI mamlakatlarining Yevropa ishlari vazirlari norasmiy yig‘ilishida.
Mavzuga oid
20:00 / 19.12.2025
Bryusselni «egallagan» traktorlar: Yevropa fermerlari nimadan norozi?
14:42 / 08.11.2025
Yevrokomissiya Rossiya aktivlarini doimiy muzlatib qo‘yishni taklif qildi
15:12 / 07.11.2025
Yevrokomissiya Rossiya fuqarolari uchun viza qoidalarini yanada qat’iylashtirmoqda
16:53 / 25.10.2025