Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 75 mlrd dollardan oshdi
2025 yilning 9 oyi davomida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 11,3 mlrd dollarga ko‘payib, 1 oktyabr holatiga 75,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Xususiy sektor va davlat kompaniyalarining tashqi qarzlari (38 mlrd) davlat tashqi qarzi (37,4 mlrd)dan oshib ketdi.
Foto: Reuters
2025 yilning 3-choragida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 3,2 mlrd dollarga ko‘payib, 1 oktyabr holatiga 75,4 mlrd dollarga yetdi. Bu – Markaziy bank hisobotida keltirilgan.
Umumiy tashqi qarz 1 yil ichida (2024 yilning 1 oktyabri bilan taqqoslaganda) 15,2 mlrd dollarga, 2025 yil 1 yanvarga nisbatan esa 11,3 mlrd dollarga ko‘paygan.
Tashqi qarzlarning 37,4 mlrd dollari – davlat qarzi, 38,0 mlrd dollari – korporativ tashqi qarzlardir.
Qayd etish lozim, korporativ tashqi qarzlarning ham aksariyat qismi garchi bevosita davlat kafolati ostida jalb qilinmagan bo‘lsa-da, davlatga qarashli yirik kompaniyalarning xalqaro obligatsiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Joriy operatsiyalar hisobi
9 oy yakuni bilan joriy operatsiyalar hisobi 207,3 mln dollar manfiy saldo bilan shakllandi. Taqqoslash uchun, 2024 yilning 9 oyida bu ko‘rsatkich manfiy 3,1 mlrd dollar bo‘lgandi.
Markaziy bankning izohlashicha, bu tendensiya – eksportning importga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi va xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli oshishi bilan bog‘liq.
Xususan, eksport o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32,8 foizga o‘sib, 26,1 mlrd dollarni tashkil etgan. Import hajmi esa 15,4 foizga oshib, 36,7 mlrd dollarga yetgan. Natijada 9 oylik savdo balansining manfiy saldosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,6 foizga kamayib, 10,6 mlrd dollarni tashkil etgan.
Eksport tushumlarining o‘sishiga jahon bozorlaridagi narxlar va norezidentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining ko‘payishi ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-sentabr oylarida oltinning o‘rtacha narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga, kumush narxi 29 foizga, mis narxi 5 foizga o‘sgan.
Moliyaviy hisob
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning 9 oyi davomida O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobarga o‘sib, 2,9 mlrd dollarga teng bo‘ldi.
Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 barobarga oshib, 3,8 mlrd dollarga teng bo‘ldi.
Mavzuga oid
23:05 / 28.11.2025
O‘zbekistonning davlat qarzi 44 mlrd dollarga yetdi. Pullar nimaga ishlatilgan?
15:11 / 28.10.2025
Yirik korxonalarning kreditlari va tashqi qarzlari ustidan nazorat kuchayadi
17:22 / 02.10.2025
O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72 mlrd dollardan oshdi
12:31 / 30.08.2025