Iqtisodiyot | 08:30
1175
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Grenlandiya sabab AQShga qarshi javob bojlari tayyorlamoqda

Der Spiegel manbalariga ko‘ra, Bryusseldagi rejadan tashqari sammitda YeIga a’zo davlatlar AQShga nisbatan javob bojlarini muhokama qiladi. Yana bir ehtimoliy chora - ayrim Amerika firmalarining YeIda ishlashiga cheklovlar joriy etish.

Foto: Yves Herman/REUTERS/REUTERS

Yevropa Ittifoqi AQShga nisbatan javob bojlarini joriy etishni yoki o‘z hududida Amerika kompaniyalari faoliyatiga cheklovlar kiritishni rejalashtirmoqda. Bu agar Donald Tramp Grenlandiya bo‘yicha ularning pozitsiyasi sabab Yevropa davlatlarining sakkiztasiga 10 foizlik boj joriy etsa yuz berishi mumkin. Bu haqda yakshanba, 18 yanvar kuni Der Spiegel jurnali Bryusseldagi manbalariga tayanib, shuningdek Reuters agentligi noma’lum diplomatga ishora qilib xabar berdi.

Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshtaning aytishicha, yaqin kunlarda Bryusselda YeIga a’zo mamlakatlar rahbarlarining rejadan tashqari sammiti o‘tkazilib, AQSh tomonidan bo‘layotgan tahdidlarga Yevroittifoqning umumiy javobi ishlab chiqiladi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, bunday sammit 22 yanvar kuniga mo‘ljallangan.

18 yanvar oqshomida YeI elchilari favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Unda, xususan, AQShga nisbatan ehtimoliy qarshi choralar muhokama qilindi. Hozircha mamlakatlar aniq tafsilotlar bo‘yicha kelishib olmagan.

Reuters yozishicha, ssenariylardan biri — ichimliklar, samolyotlar uchun ehtiyot qismlar, soya, parranda go‘shti va boshqa Amerika tovarlariga 93 milliard yevro miqdorida javob bojlari joriy etish. Ular avtomatik tarzda kuchga kirishi mumkin, deb yozadi agentlik.

Avvalroq ma’lum bo‘lishicha, Donald Tramp Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Niderlandiya, Norvegiya, Finlandiya, Fransiya va Shvetsiyaga qarshi 10 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilganidan keyin YeI qonun chiqaruvchilari transatlantik savdo kelishuvini ma’qullamaydi.

Politico nashri eslatishicha, ushbu kelishuv AQShning YeIdan importga tariflarini 15 foiz darajasida belgilashni ko‘zda tutgan, bunga javoban Yevropa hamjamiyati Amerika eksportiga qo‘yilgan bojlardan voz kechishi kerak edi.

Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiyani AQShga o‘tkazish bo‘yicha kelishuv tuzilmaguncha, ushbu sakkizta Yevropa mamlakati boj to‘laydi. AQSh prezidenti orol ustidan nazorat o‘rnatish istagini bir necha bor bildirgan, u bu fikrni ilk bor 2019 yilda, birinchi prezidentlik muddati paytida aytgan.

15 yanvar kuni Tramp bojlar haqida ma’lum qilgan mamlakatlar Grenlandiyaga o‘z harbiylarini razvedka missiyasi doirasida yuborishini ma’lum qildi. Bu tadbir mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash va Daniyaga 2026 yil oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yirik harbiy mashqlarga tayyorgarlikda yordam berish maqsadini ko‘zlaydi.

Germaniya Bundesverining 15 nafar askaridan iborat guruhi Grenlandiyani 18 yanvar kuni tark etgan — Tramp Daniyani hududiy nizoda qo‘llab-quvvatlagani uchun Germaniyaga qarshi boj joriy etish bilan tahdid qilganidan bir kun o‘tib.

Mavzuga oid