Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shengen vizasini qanday qilib mustaqil olish mumkin?
Foto: Dreamstime
O‘zbekiston fuqarolari uchun Shengen vizasi ko‘pincha qiyin va tushunarsizdek ko‘rinadi: qoidalar, talablar va odamni chalkashtiradigan mayda-chuyda jihatlar juda ham. Ammo vizaga topshirish mantig‘ini tushunib, konsullik uchun aynan nimalar muhim ekanini bilib olsangiz, bu jarayon ancha oson kechadi. Ushbu maqolada Shengen vizasiga ariza topshirishning barcha asosiy jihatlari — mamlakat tanlashdan tortib hujjatlarni tayyorlash, rasmiylashtirish muddati va narxigacha batafsil ko‘rib chiqamiz. Misol sifatida Ispaniyani olamiz va uning asosida vizaga ariza topshirish bo‘yicha bosqichma-bosqich yo‘riqnoma beramiz.
Shengen vizasi nima?
Shengen vizasi bir vaqtning o‘zida Yevropaning bir necha mamlakatlariga kirish imkonini beradi. Bitta viza bilan Shengen hududining barcha mamlakatlari bo‘ylab sayohat qilishingiz mumkin.
Qaysi turdagi viza kerak?
O‘zbekiston fuqarolari uchun bu, qoidaga ko‘ra, C turidagi qisqa muddatli viza bo‘lib, u turizm, mehmonga borish yoki qisqa muddatli xizmat safarlari uchun olinadi. C turidagi Shengen vizasi bir martalik, ikki martalik va ko‘p martalik (multiviza) bo‘ladi — farq kirishlar sonida.
- Bir martalik viza —Shengenga bir marta kirish. Aniq muddatli bir martalik safarga mos keladi. U birinchi arizadayoq berilishi mumkin.
- Ikki martalik viza — ikki marta kirish. Shengendan chiqish va yana qaytib kirish rejalashtirilgan holatlar uchun qulay.
- Multiviza — viza amal qilish muddati davomida 180 kun ichida 90 kun qoidasiga rioya qilgan holda Shengenga bir necha marta kirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, boshqa turdagi vizalar ham mavjud — barchasi safar maqsadi va davomiyligiga bog‘liq. O‘qish yoki rasmiy ishlashni rejalashtirayotganlar D turidagi milliy vizani rasmiylashtiradilar. Bunday vizalar kam beriladi, chunki ular taklifnoma, tasdiqlangan asoslar va hujjatlarni sinchiklab tekshirishni talab qiladi.
Umuman olganda, O‘zbekiston fuqarolaridan tushadigan arizalarning aksariyati aynan turizm va mehmonga borish safarlariga to‘g‘ri keladi, shu bois C turidagi Shengen vizasi eng keng tarqalgan variant bo‘lib qolmoqda.
Shengen vizasini rasmiylashtirish necha pul?
O‘zbekistonda C turidagi Shengen vizasini rasmiylashtirish o‘rtacha 100–150 yevro atrofida bo‘lib, bunda yakuniy narx tanlangan viza markaziga bog‘liq. Narxga hujjatlarni topshirish usuli va tanlangan qo‘shimcha xizmatlar — masalan, tezkor navbat, anketa to‘ldirishda yordam, suratga tushish, hujjatlarni nusxalash yoki pasportni yetkazib berish xizmati ta’sir qiladi.
BLS viza markazida tezkor navbat uchun qo‘shimcha to‘lov undiriladi — taxminan 655 000 so‘m. Shu sababli yakuniy summa kutilmagan bo‘lib chiqmasligi uchun hujjat topshirishdan oldin barcha ehtimoliy xarajatlarni oldindan aniqlab olish tavsiya etiladi.
Hujjatlar konsullik nomidan hujjatlarni qabul qiladigan, biometrik ma’lumotlarni yig‘adigan va ularni konsullikka yuboradigan rasmiy tashkilotlar — viza markazlari orqali topshiriladi. Vizani berish qarorini faqat konsullikning o‘zi chiqaradi.
Qaysi davlatga hujjat topshirish kerak?
Hujjatni:
- birinchi navbatda qaysi mamlakatga borayotgan bo‘lsangiz yoki
- ko‘proq vaqt o‘tkazish rejalashtirilgan mamlakat konsulligiga topshirasiz.
Agar bir necha mamlakatga borish ko‘zlangan bo‘lsa, asosiy mamlakatni aniqlab olish kerak — ko‘proq qayerda vaqt o‘tkazasiz yoki asosan qaysi mamlakatga ketyapsiz. Viza shu mamlakat orqali rasmiylashtiriladi va o‘sha mamlakat orqali kiriladi, aks holda hujjatlarni ko‘rishda savollar tug‘ilishi mumkin.
Hujjatlar qayerda qabul qilinadi?
Viza uchun hujjatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri elchixonaga emas, balki BLS yoki VFS kabi viza markazlari orqali topshiriladi. Ular hujjatlarni qabul qilib, konsullikka topshiruvchi, biroq viza berish bo‘yicha qaror chiqarmaydigan operator kompaniyalardir.
Odatda, hujjat topshirish uchun navbatga yozilish viza markazining rasmiy sayti orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi va ayniqsa mavsum paytlarida bo‘sh sanalar darhol chiqmasligi mumkin.
Shengen vizasiga hujjat topshirish qanday amalga oshiriladi?
Quyida hujjat topshirishni Ispaniya misolida ko‘rib chiqamiz —ilk Shengen vizasi uchun ko‘pincha shu mamlakatni tanlashadi. Agar hujjatlar to‘g‘ri tayyorlangan bo‘lsa, viza olish imkoniyati yuqori bo‘ladi va ko‘p hollarda birinchi marta hujjat topshirishda ham birdaniga bir nechta safar uchun mo‘ljallangan vizani lish mumkin.
- Qanday hujjatlar topshiriladi?
Ariza berishdan oldin quyidagi hujjatlar paketini tayyorlash lozim.
- Xorijga chiqish pasporti
- Foto (3.5x4.5 sm, oq fonda)
- Biometrik pasport/ID karta nusxasi
- Mablag‘lari haqida bankdan ingliz tilidagi ma’lumotnoma
- Oxirgi 6-12 oy davomidagi pul mablag‘lari harakati to‘g‘risida bankdan ingliz tilidagi ma’lumotnoma
- Nikoh/tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma
- Turmush o‘rtog‘ining/farzandlarining ingliz tilida notarial tasdiqlangan pasport nusxalari
- Bron qilingan aviachipta
- Bron qilingan mehmonxona
- Ishlaydiganlar uchun
Yollanib ishlaydiganlar uchun qo‘shimcha ravishda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
- Egallab turgan lavozimi to‘g‘risida ish joyidan ma’lumotnoma
- Oxirgi 12 oylik ish haqi to‘g‘risida rasmiy blankada imzolangan va muhrlangan ma’lumotnoma
- Ish joyidan ta’til berilishi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma
- Pensionerlar uchun
Pensionerlar pensionerligini va muntazam ravishda pensiya olib kelayotganini tasdiqlovchi hujjatlarni tayyorlashi zarur:
- Pensiya guvohnomasi
- Pensionerligi to‘g‘risida mygov portalidan olingan ma’lumotnoma
- Oxirgi 12 oy davomida pensiya olgani to‘g‘risida mygov portalidan olingan ma’lumotnoma
- Ta’sischilar/direktorlar uchun
Kompaniya ta’sischi va direktorlari biznes yuritishi, qarzdorligi yo‘qligi va daromadini tasdiqlovchi hujjatlarni tayyorlashi lozim:
- Lisenziya
- Kompaniyaning ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma
- Soliqdan qarzi yo‘qligi haqida ma’lumotnoma
- Oxirgi 12 oy davomida dividendlar hisoblangani to‘g‘risida bankdan ma’lumotnoma
Muhim: barcha hujjatlar olingan kunidan boshlab 2 hafta davomida amal qiladi.
- BLS viza markazi sayti orqali qabulga yozilish
Toshkentda BLS viza markazi faoliyat yuritadi – u Ispaniyaga viza olish bo‘yicha rasmiy xizmat ko‘rsatadi.
- BLS Spain Uzbekistan saytida “Book an appointment / Qabulga yozilish”ni tanlang.
- Portalda akkaunt yarating (registratsiya): email/telefon raqamingizni ko‘rsating, parol tanlang, email ni tasdiqlang (agar tizim so‘rasa)
- Shaxsiy akkauntda quyidagilarni tanlang:
- shahar/markaz (Toshkent)
- boruvchi (yakka/oila)
- viza turi (odatda short-term / Schengen)
- O‘z ma’lumotlaringizni kiritib, viza anketasini to‘ldiring
- Sana va vaqtni tanlang, yozuvni tasdiqlang
- appointment letter ni yuklab oling va qog‘ozga chiqaring
- Hujjat topshirish va biometriya
Belgilangan kuni belgilangan vaqtda BLS viza markaziga barcha hujjatlar bilan kelasiz. Xodim hujjatlarni qabul qilib, tekshirib chiqadi, so‘ngra biometriyadan o‘tasiz — barmoq izlarini topshirasiz va suratga tushasiz.
- Konsullik yig‘imi to‘lovi
Hujjatlar qabul qilinganidan keyin BLS viza markazida viza va servis to‘lovlari amalga oshiriladi. To‘lov miqdori 2 050 000 so‘m bo‘lib, o‘sha joyning o‘zida to‘lanadi va sizga to‘lov kvitansiyasi beriladi — uni pasport olinguniga qadar saqlab turish kerak.
- Viza tayyor bo‘lish muddati va pasport olish
Hujjatlar topshirilgandan so‘ng viza bo‘yicha qaror chiqishini kutish qoladi. Ariza holatini BLS viza markazi saytida kvitansiyada ko‘rsatilgan raqam orqali onlayn kuzatish mumkin. Pasport tayyor bo‘lganida sizga xabarnoma keladi va uni viza markazidan shaxsan olib ketishingiz mumkin.
Vizani ko‘rib chiqish muddatini hisobga olish muhim: u 15 kundan 45 kalendar kungacha bo‘lishi mumkin. Shu bois hujjat topshirishni cho‘zmaslik tavsiya etiladi. Eng maqbuli — safardan 2 oy oldin, imkon bo‘lsa hatto yarim yil oldin topshirish. Bu bilan siz ortiqcha stressdan qutulasiz va safarga xotirjam tayyorlanishingiz mumkin bo‘ladi.
Nimalarni yodda tutish lozim?
- Barcha hujjatlar va bronlar real yo‘nalishga mos kelishi lozim;
- Yozilish va hujjat topshirish BLS viza markazida shaxsan amalga oshiriladi;
- Viza yig‘imi o‘sha joyda hujjat topshirilgan kuni to‘lanadi;
- Vizani ko‘rib chiqish muddati 15-45 kalendar kunni tashkil etadi;
- Avvalroq hujjat topshirgan ma’qul — safardan kamida 2 oy oldin.
Mavzuga oid
15:05
Tramp Davosda: Yevropa noto‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda
17:25 / 19.01.2026
Yevropa va Lotin Amerikasi vakillari dunyodagi eng yirik erkin savdo hududi bo‘yicha kelishuv imzoladi
09:02 / 19.01.2026
Yevropa davlatlari: Trampning tahdidlariga javob yakdil bo‘ladi
07:25 / 19.01.2026