Jamiyat | 14:01
2930
6 daqiqa o‘qiladi

110 ta fermer bankrot bo‘lsa, bu tizimning muammosi – faollar

Sirdaryoning Xovos tumanida hokimlik naq 110 ta fermerdan yerini tortib olish uchun sudga da’volar kiritdi. Kun.uz suhbatlashgan fermerchilik faoli Kamoliddin Ikromovga ko‘ra, 1-2 ta yoki nari borsa 10 ta fermer bankrot bo‘lsa, uning muammosi bo‘lishi mumkin, lekin 110 ta fermer bankrot bo‘lsa, bu – tizimning muammosi. Iqtisodchi Otabek Bakirov bunaqada yer unumdorligi pasayib ketishidan xavotir bildirdi.

Kun.uz studiyasida bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi duch kelib turgan asosiy muammolar, mazkur muammolar sabab soha 21-asrda ham biz istagan ko‘rinish olmayotgani, fermerga hamon tadbirkorlik sub’yekti, soliq to‘lovchi, ishlab chiqaruvchi sifatida qaralmayotgani mushohada qilindi.

Kamoliddin Ikromov, Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari: Fermerlar katta qarz bo‘lib qolgan, deyishadi. Sababini so‘radikmi? Bu fermerlarning ko‘pchiligi bankrot bo‘lgan klasterning yerini olgan. Auksiondan, ya’ni pul to‘lab olishgan. Endi nimaga qarz bo‘lib qoldi ular? Chunki paxtasini topshirgan klasterlar pulini vaqtida bermagan. Vaholanki, u klasterni kim tavsiya qilgan ularga? Birinchi o‘rinda o‘sha hokimiyat tavsiya qilgan: “zo‘r klaster, puli bor, javob, fermerga pulini vaqtida to‘lab beradi, o‘g‘irlamaydi, aldamaydi”, deb hokimiyat tavsiya bergan-ku!

Kamoliddin Ikromov

Otabek Bakirov, iqtisodchi: Tavsiya emas, majburlashgan.

Kamoliddin Ikromov: Ha. Keyin fermerni majburlab, unga paxtasini topshirtirgan. U esa tarozidan urib qolib, paxtasini oldi, pulini to‘lamadi vaqtida. Don korxonalari ham pulini to‘lamadi. Hozir mana, bitta klasterga jinoyat ishi ochishibdi. Pulini bermagan-da. Vaqtida bermaganidan keyin elektr energiyaning penyasi bor, bank kreditlarining penyasi bor, boshqalar bor. Pulini vaqtida olmaganidan keyin operativ ishlarni qilolmagan, vaqtida o‘g‘it solmagan, hosildorligi kamayib ketgan. Fermer zararga chiqmay, kim zararga chiqsin?

Keyin bunaqa – fermerlarning ommaviy zararga chiqishi uchun kim javob beradi? 110 ta fermer bankrot deyilyapti. 110 ta – kichkina ko‘rsatkich emas! Bitta-ikkita, mayli 10 ta fermer bankrot bo‘lsa, tajribasizlikdan bo‘ladi. Lekin yuzlab fermer bankrot bo‘lsa, kim javob beradi bunga? Javobgar bo‘lishi kerak-ku. Shu ahvolga bekorga kelib qolmagan-ku u.

Otabek Bakirov: Bitta fermer bankrot bo‘lsa, qarzdor bo‘lsa, bu fermerning muammosi. 100 ta fermer bankrot bo‘lib, qarzdor bo‘lsa, bu endi tizim. Tizimning muammosi.

Kamoliddin Ikromov: Ya’ni tizimli bankrot qilib qo‘yib, investorga bermayapmizmi yerlarni? Shunaqa savollar ham qo‘yilishi kerak-da! Xavfsizlik idoralari bu savollarni ko‘tarishi kerak. Buni biz gapirishimiz kerak emas aslida, tashkilotlar bor-ku kerakli, kichkina narsa emas-da bu.

Solig‘ini belgilab qo‘yaylik, 70-80 sentnerdan chiqadigan solig‘ini belgilaylik va aralashmaylik, solig‘ini to‘lasin, ishini qilsin.

Otabek Bakirov

Otabek Bakirov: Kerakli xulosa chiqara oldikmi, misol uchun, sement zavodlari misolidan, o‘sha – Andijonda tuproqni, havoni, suvni zaharlayotgan sement zavodlari to‘g‘risida, Jizzaxdagi sement zavodlari to‘g‘risida to‘g‘ri xulosa chiqara oldikmi? To‘g‘ri xulosa chiqara olgan bo‘lsak-ku, mayli. To‘g‘ri xulosa chiqarmagan bo‘lsak, yerimizning kelajagi qanday bo‘ladi? Tug‘mas xotin qilib qo‘yadi-yu.

Parlamentda o‘tirgan partiyalarimiz nima qilyapti, men tushunmayman. Ular O‘zbekiston xalqi manfaatini ifoda etadimi, yoki topshiriqlarni, ayrim tepadan tushgan, kabinetlardan tushgan topshiriqlarnigina ifoda etadimi?

Shokir Sharipov, jurnalist: Mana, 21-asrning 26-yiliga keldik. Fermerlarga hali ham “batrak” sifatida qaralyapti-da. Tadbirkorlik sub’yekti sifatida qaralmayapti.

Otabek Bakirov: Soliq to‘lovchi sifatida qaralmaydi, ishlab chiqaruvchi sifatida qaralmaydi, tadbirkorlik sub’yekti sifatida qaralmaydi. Hokimlarni qishloq xo‘jaligidan tashqariga olib chiqara olmadik-da! Qaysidir bitta sharqdan vakil kelsa, hokimning oldiga kirib rozi qiladigan bo‘lsa, hammani chaqirib turib, bitta protokol bilan “yeringni topshirasan” deyish mumkin bo‘lib qolyapti-da!

Huquqiy hujjat qani? Bo‘pti, men hozir qonun kerak deb aytyapman, qonun yo‘q ekan. Qaysidir hujjatda shu jarayonlar ketma-ketligi aks etganmi? U yerda fermerlarning huquqi qayerda boshlanib, qayerda tugashi, direksiyaning huquqi qayerda boshlanib, qayerda tugashi, yangi ijarachining huquqi qayerda boshlanib, qayerda tugashi yozilganmi?

Kamoliddin Ikromov: Endi, ko‘rmaganmiz-da bu narsani.

Otabek Bakirov: Yana bitta muammo – yopiq qarorlar masalasi. Qayerda yopiq qaror ko‘rsangiz, bilingki, u yerda korrupsiya bor. Nima uchun yopiq qaror chiqarishadi bo‘lmasa? Korrupsiya manfaati borligi uchun yopiq qaror chiqarishadi.

Mavzuga oid