Sport | 13:55
731
3 daqiqa o‘qiladi

Qilichbozlik bo‘yicha YeCh Tallindan Fransiyaga ko‘chirildi: sabab - vizalar

2026 yil yozida Tallinnda o‘tishi rejalashtirilgan qilichbozlik bo‘yicha Yevropa chempionati Fransiyaga ko‘chirildi. Sabab - Estoniya Rossiya va Belarus sportchilariga viza bermasligi.

Foto: REUTERS

2026 yil yozida Tallinda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan qilichbozlik bo‘yicha Yevropa chempionati Fransiyaga ko‘chirildi. Bu haqda Estoniya qilichbozlik ittifoqi bosh kotibi Ayvar Paalberg 23 yanvar, juma kuni Õhtuleht nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning aytishicha, “qaror 14 yanvar kuni qabul qilingan, ammo bizga bu haqda faqat bugun ma’lum qilindi”. Endi musobaqa Fransiyaning Antoni shahrida o‘tkaziladi.

Turnirni ko‘chirish ehtimoli haqidagi ma’lumotlar 2025 yil oxirida paydo bo‘lgan edi. O‘shanda Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi Estoniyadan barcha sportchilar — fuqaroligi va harbiy unvonidan qat’i nazar — chempionatda ishtirok etishi va chegaradan o‘ta olishiga kafolat beruvchi yozma tasdiq talab qilgan.

Estoniya hukumat organlari bunday hujjatni imzolashdan bosh tortgan. Estoniya Madaniyat vazirligining sport masalalari bo‘yicha vitse-kansleri Raydo Mitta Tallin turnir qatnashchilarining barchasi uchun kirish imkoniyatini tasdiqlay olmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat pozitsiyasi o‘zgarmagan: Rossiya va Belarus sportchilariga viza berilmaydi, hech qanday istisno nazarda tutilmagan.

Estoniya 2024 yilda qilichbozlik bo‘yicha Yevropa chempionatini o‘tkazish huquqini olgan edi.

Ayvar Paalberg avvalroq shunday degan edi: turnirni Estoniyada o‘tkazish haqida qaror qabul qilingan paytda Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining “agressor davlatlar” sportchilariga nisbatan bir xil qoidalari amalda bo‘lgan, ammo bir yil davomida ular bir necha bor o‘zgargan.

Paalbergning aytishicha, dastlab Rossiya va Belarus sportchilariga armiya bilan aloqasi bo‘lmagan taqdirda “neytral maqom”da individual musobaqalarda qatnashishga ruxsat berilgan. Keyinroq esa bu talab bekor qilingan.

Shuningdek, Paalberg federatsiyaning so‘nggi qarorini ham qayd etgan: Rossiya va Belarusdan bo‘lgan yuniorlar va kadetlarga o‘z davlatlari bayrog‘i ostida tengdoshlari o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etishga ruxsat berilgan — agar ular Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlamaslik haqida bayonot bersa. Paalberg ta’kidlashicha, amalda bunday bayonotning bajarilishini nazorat qilish juda qiyin.

Mavzuga oid