Jahon | 14:49 / 24.01.2026
4770
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada urush qatnashchilarini dafn etish uchun rekord mablag‘ ajratildi

“Verstka” hisob-kitobiga ko‘ra, 2025 yilda rasmiylar RF harbiylari yodgorliklariga kamida 111 mln rubl, Ukrainada halok bo‘lganlarni dafn qilishga esa 17,8 mln rubl ajratgan.

Foto: AP

Rossiya hukumati Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari sharafiga yodgorliklar barpo etish, shuningdek qo‘shni mamlakatga bostirib kirish natijasida halok bo‘lgan rossiyalik harbiylarni dafn etish uchun taxminan 130 million rubl ajratgan. Bu “Goszakupki” portalidagi shartnomalardan kelib chiqadi — ularni “Verstka” nashri o‘rgangan. 23 yanvar, juma kuni chiqqan materialda aytilishicha, bu — to‘liq ko‘lamli urush davomidagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Shunday qilib, 2022 yilda bu kabi xaridlar umuman amalga oshirilmagan. 2023 yilda “Goszakupki” orqali yodgorliklarga 880 ming rubl, dafn marosimlariga esa 5,2 mln rubl ajratilgan. 2024 yilda bu maqsadlar uchun mos ravishda 24,5 mln va 11,8 mln rubl yo‘naltirilgan. 2025 yilda esa “SVO” qatnashchilari uchun yodgorliklarga 111 mln rubldan ortiq, harbiy xizmatchilar dafniga esa kamida 17,8 mln rubl ajratilgan.

Nashr qayd etishicha, 2025 yilda rossiyalik harbiylarni ko‘mish bilan bog‘liq shartnomalar eng ko‘p Novosibirsk viloyatida, Komi respublikasida va Chukotkada joylashtirilgan. Shu bilan birga, jurnalistlar ta’kidlashicha, davlat va turli tashkilotlar Ukrainadagi urush qatnashchilarini dafn qilishga yo‘naltirayotgan mablag‘larning faqat bir qismigina “Goszakupki” portali orqali o‘tadi.

Urushda Rossiya tomoni ko‘rgan yo‘qotishlar haqidagi ma’lumotlar turlicha. NATO 2025 yil dekabrida to‘liq ko‘lamli hujum boshlanganidan beri Rossiya harbiylari orasida halok bo‘lganlar va yaralanganlar umumiy sonini taxminan 1,15 million kishi, halok bo‘lganlarni esa 250 ming deb baholagan. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi esa urushda 1,2 milliondan ortiq rossiyalik askar halok bo‘lgani yoki yaralanganini bildiradi.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte 21 yanvar kuni Shveytsariyaning Davos shahridagi Jahon iqtisodiy forumi (JIF)da chiqish qilib, faqat 2025 yil dekabrining o‘zida Ukrainaga qarshi urushda 30 mingdan ortiq rossiyalik askar halok bo‘lganini aytgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z yo‘qotishlari bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni ancha vaqtdan beri e’lon qilmaydi. Shu bilan birga, BBC rus xizmati va “Mediazona” jurnalistlari yanvar o‘rtalariga kelib urushda halok bo‘lgan 163 mingdan ortiq rossiyalik askarning ismma-ism ro‘yxatini tuzishga muvaffaq bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid