Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI Ukrainaga yuzlab generator yuboradi
Yevrokomissiya Ukrainaga 447 ta generator jo‘natadi. Fransiya esa har kuni Rossiya tomonidan o‘qqa tutilayotgan ukrain energetika tizimiga yordam masalasida favqulodda yig‘ilish chaqirmoqda.
Yevropa komissiyasi Ukrainaga umumiy qiymati 3,7 million yevro bo‘lgan 447 ta favqulodda (avariyaviy) generator yuboradi. Bu generatorlar Rossiyaning energetika infratuzilmasiga to‘xtovsiz zarbalari tufayli zarar ko‘rgan kasalxonalar, boshpanalar va hayotni ta’minlash xizmatlarida elektr ta’minotini tiklash uchun mo‘ljallangan.
Yevrokomissiya 23 yanvar, juma kuni e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, ushbu hujumlar oqibatida havo harorati −20°C bo‘lgan sharoitda Ukrainada bir million kishi yorug‘lik va issiqliksiz qolgan.
Hujjatda aytilishicha, generatorlar Ukraina Qizil Xoch jamiyati bilan hamkorlikda eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarga taqsimlanadi. Yevrokomissiya vakili Yeva Grinchirova kundalik brifingda shunday dedi: “Biz Rossiyaga Ukrainani muzlatib qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz. Rossiya qorong‘ilikni yoygan joylarga biz yorug‘lik va issiqlik olib kelyapmiz”.
23 yanvar, juma kuni Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro BFM telekanaliga Fransiya G7 davlatlari, shuningdek Shimoliy Yevropa va Boltiqbo‘yi mamlakatlari bilan Ukraina energetika tizimini qo‘llab-quvvatlashni muvofiqlashtirish uchun yig‘ilish o‘tkazishini aytgan.
“Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina shaharlari va energetika infratuzilmasiga o‘q uzishda davom etyapti. Biz Ukrainaga yordam berishda davom etamiz”, — dedi Barro.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Fransiya Ukrainaga umumiy quvvati 13 megavatt bo‘lgan taxminan 100 ta generator beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, onlayn uchrashuv davomida boshqa davlatlar ham Kiyevga qo‘shimcha yordam haqida bayonot berishi kutilmoqda.
Ukraina poytaxti uchinchi haftadirki, Rossiyaning energetika infratuzilmasiga ommaviy hujumlari oqibatlari bilan kurashmoqda. Kiyev shahar hokimi Vitaliy Klichko ma’lumotiga ko‘ra, 23 yanvarga kelib shaharda 1940 ta ko‘p qavatli uy issiqlik ta’minotisiz qolgan. U aniqlashtirishicha, bu uylarning “katta qismi shaharning chap sohilida, Pechersk tumanida, qolgan qismi — Goloseyev va Solomen tumanlarida”.
Bundan tashqari, Ukraina energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Artyom Nekrasov xabar berishicha, 23 yanvarga kelib RF qo‘shinlarining tungi zarbalari oqibatida Sumi, Dnipropetrovsk, Xarkiv va Zaporijjya viloyatlarida iste’molchilar elektrsiz qolgan.
“Avariyaviy-tiklash ishlari barcha hududlarda olib borilmoqda”, — dedi u.
Mavzuga oid
14:24 / 11.03.2026
Yevrokomissiya rahbari: atom energiyasidan voz kechish - “strategik xato”
11:21 / 28.02.2026
Yevrokomissiya YeI-Merkosur kelishuvini vaqtincha qo‘llaydi
10:09 / 24.02.2026
JB: Ukrainani tiklash uchun 588 mlrd dollar kerak bo‘ladi
10:15 / 13.02.2026