Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kanada Trampning Xitoy bilan kelishuv haqidagi tanqidini rad etdi
Kanada Xitoy bilan erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuv tuzishga intilmayapti, dedi bosh vazir Karni. Bu - Trampning Kanadaga nisbatan 100 foizlik savdo bojlari joriy etish tahdidlariga javob bo‘ldi.
Kanada bosh vaziri Mark Karni AQSh prezidenti Donald Trampning Ottava Xitoy bilan savdo kelishuvi tuzsa, jazo tariqasida bojxona to‘lovlarini joriy etishi mumkinligi haqidagi tahdidlariga javob berdi. Karnining aytishicha, Kanada Xitoy bilan erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvga erishishni ko‘zlamayapti, chunki bunday kelishuv AQSh, Meksika va Kanada tomonidan Trampning birinchi prezidentlik davrida imzolangan Shimoliy Amerikada erkin savdo to‘g‘risidagi shartnoma (USMCA)ga zid bo‘lar edi. Karni buni yakshanba, 25 yanvar kuni Ottavada jurnalistlarga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy bilan bo‘lgan kelishuvlar faqat Kanada–Xitoy savdosidagi muammoli masalalarga taalluqli edi. “Biz so‘nggi bir necha yilda paydo bo‘lgan Xitoy bilan bog‘liq ayrim muammolarni tuzatdik”, — dedi Karni. U bu o‘rinda Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va baliq mahsulotlarini misol qilib keltirdi. Shuningdek, u Kanada USMCA kelishuvi bo‘yicha “o‘z majburiyatlarini hurmat qilishini” ta’kidladi.
Bundan oldin Tramp Kanada Xitoy bilan savdo kelishuvi tuzsa, unga nisbatan 100 foizlik savdo bojlari kiritish bilan tahdid qilgan edi. U Truth Social platformasida shunday deb yozdi: agar Mark Karni Kanada AQShga yo‘naltirilgan Xitoy tovarlari uchun tranzit nuqta bo‘lishi mumkin, deb hisoblasa, u qattiq yanglishyapti. Trampning fikricha, “Xitoy Kanadani tiriklayin yutib yuboradi, uni butunlay o‘z ichiga oladi va uning biznesini, ijtimoiy tuzilmasini hamda umuman hayot tarzini vayron qiladi”.
Yanvar o‘rtasida Pekinga tashrif va XXR raisi Si Jinping bilan uchrashuv chog‘ida Kanada bosh vaziri Xitoy bilan “yangi strategik sheriklik” haqida, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida savdo to‘siqlarini bartaraf etish va tariflarni pasaytirishga qaratilgan innovatsion kelishuv to‘g‘risida ma’lum qilgan.
AQSh, Meksika va Kanada o‘rtasida erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuv 2018 yil noyabrda uch davlat rahbarlari tomonidan imzolangan. Tramp 1994 yildan amal qilib kelgan NAFTA kelishuvini AQSh uchun foydali emas, deb hisoblar edi.
Mavzuga oid
14:20 / 06.06.2026
Tramp Netanyahudan nega norozi?
08:04 / 06.06.2026
Sun’iy yo‘ldoshlar Xitoyning noodatiy suvosti kemasini aniqladi
22:15 / 05.06.2026
Tramp Eron masalasi «hal bo‘lgach» Kubadagi rejimni o‘zgartirish rejasini e’lon qildi
08:35 / 05.06.2026