Jahon | 23:14 / 26.01.2026
1844
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp impichment tahdidi tufayli Grenlandiyaga harbiy bosqindan bosh tortdi – OAV

Demokratlar va respublikachilar Tramp Kongress bilan oldindan maslahatlashmasdan Grenlandiyada harbiy operatsiya boshlashi mumkinligidan xavotirda.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati orol ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun Grenlandiyaga harbiy bosqindan voz kechdi. Bunga Amerika yetakchisiga impichment e’lon qilinishi tahdidi sabab bo‘ldi, deb yozdi Reuters manbalarga tayanib.

Qayd etilishicha, demokratlar va respublikachilar Tramp kongress bilan oldindan maslahatlashmasdan Grenlandiyada harbiy operatsiya boshlashi mumkinligidan xavotirda. Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, davlat kotibi Marko Rubio va Oq uyning boshqa yuqori martabali amaldorlari bilan suhbatda ular AQSh prezidentining rejalaridan xavotirda ekanligini bildirgan.

Manbalarning ta’kidlashicha, rasmiylar Tramp ma’muriyatiga Grenlandiyada harbiy operatsiya o‘tkazmaslikni maslahat bergan. Ba’zi respublikachilar agar AQSh orolga bostirib kirsa, prezidentga impichment e’lon qilinishi mumkinligini aytgan.

Grenlandiya - Daniyaning avtonom hududi. Donald Tramp so‘nggi haftalarda AQSh orolga da’vogarligi haqida bir necha bor gapirgan va buni Rossiya va Xitoy tahdidi bilan izohlagan. Grenlandiya hukumati AQSh bir qismi bo‘lishni istamasligini ma’lum qildi. Avvalroq Oq uy Grenlandiyani sotib olishni taklif qilgan, biroq kuch ishlatishi mumkinligini ham istisno qilmagan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid