Jahon | 12:20
6706
8 daqiqa o‘qiladi

Murmansk elektr va issiqliksiz qoldi – fotolar

Bu shimoliy qutb yaqinidagi eng yirik shahar bo‘lib, u yerdagilar to‘rt kundan buyon qahraton sovuqda svetsiz qolgan. Bunga elektr uzatish liniyalari tayanch ustunlari muzlab, qulab tushgani sabab bo‘lgan. Rasmiylar aholidan yana bir hafta sabr qilishni so‘ramoqda.

Murmansk shahri va Murmansk oblasti, jumladan Severomorsk shahri «Rosseti» liniyalaridagi avariya tufayli 23 yanvardan buyon qisman elektr ta’minotidan uzilgan. Muzlash, qor bo‘roni va kuchli shamol tufayli elektr uzatish liniyalarining beshta tayanchi qulab tushgan. Elektr ta’minotidagi uzilish qozonxonalar faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan – Murmansk oblasti aholisi issiqliksiz va issiq suvsiz qolgan. Oblast rahbariyatining so‘nggi baholariga ko‘ra, region bo‘yicha 73 mingga yaqin kishi elektr ta’minotidan uzilgan. Rasmiylar vaqtincha tayanchlar o‘rnatish orqali elektr ta’minotini tiklashga urinmoqda. Regionda favqulodda holat rejimi joriy etilgan. Gubernator Andrey Chibis avariyadan keyin elektr ta’minotini to‘liq tiklash uchun kamida bir hafta ketishi mumkinligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, blekautning uchinchi kunida Murmansk va Severomorskdagi uylarning «80 foiz qismida elektr ta’minoti tiklangan». Mahalliy aholi vakillari esa ijtimoiy tarmoqlarda uning bu ma’lumoti haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytishmoqda. «Meduza» ushbu hududda nimalar bo‘layotganini hikoya qildi.

Shimoliy qutb doirasidan tashqarida joylashgan Murmansk va Severomorsk shaharlari aholisi uchinchi kundirki elektr va issiqlik ta’minotida yirik uzilishlar haqida xabar bermoqda. Bu vaqt davomida Murmanskda havo harorati kunduzi –10, kechasi –17 darajagacha pasaygan.

Uzilishlar 23 yanvar kuni boshlangan, «Rosseti» («Rossiyskiye seti») izohiga ko‘ra, bu region hududida elektr uzatish liniyalarining birato‘la beshta tayanchi qulab tushgani ortidan sodir bo‘lgan. Kompaniya buning sababini ob-havo bilan izohladi: suvli qor, kuchli shamol va elektr uzatish liniyalari tayanchlari muzlashi.

Tergov qo‘mitasi ma’lum qilishicha, qulagan tayanchlar 1960-1980 yillardan beri foydalanishda bo‘lgan. Shu bilan birga, bunday konstruksiyalardan foydalanish muddati 40 yilni tashkil etadi. Shundan so‘ng ular har besh yilda bir marta tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak. Tergovchilar bu tekshiruvlar aynan qanday o‘tkazilganini aniqlamoqda. Holat yuzasidan loqaydlik (RF JK 293-moddasi 1-qismi) moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, «Rosseti»ning mas’ul xodimlari elektr uzatish liniyalarini tegishli holatda saqlash choralarini ko‘rmagan, shuningdek, favqulodda uzilishlarga zudlik bilan reaksiya ko‘rsatmagan.

Lev Fedoseyev / TASS / ZUMA Press / Scanpix / LETA

Dastlabki sutkada region rasmiylari muammoni to‘liq hal qila olmadi. 24 yanvar, shanba kuni Murmanskda kvartiralarda rejali o‘chirishlar amal qildi, keyingi kuni esa regionda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi. Gubernator Andrey Chibis «Rosseti» mutaxassislari kecha-yu kunduz ishlayotgani, ammo vaziyat «noqulay ob-havo sharoiti va hududning o‘ta murakkab relefi tufayli murakkablashayotgani»ni aytgan.

26 yanvar kuni «Rosseti» qulagan tayanchlar o‘rniga ikkita vaqtinchalik yog‘och ustun o‘rnatilishi haqida xabar berdi. Tayanch qismlari o‘rnatish joyiga vezdexodlarda olib boriladi, keyin yerda yig‘iladi va vertolyot yordamida o‘rnatiladi, deya ma’lum qilgan kompaniya. Elektr uzatish liniyasining asosiy tayanchlarini o‘rnatish va ulash ishlarini to‘liq yakunlash uchun bir hafta kerak bo‘ladi, dedi Chibis.

Blekaut tufayli tadbirkorlar va hokimiyat vakillari tomonidan zarar ko‘rgan aholi punktlarida telefonlarni quvvatlantirish, qaynoq suv va ovqat isitish uchun punktlari ochildi. Bunday joylarda navbatlar paydo bo‘lgan. Murmanskda bunday qo‘llab-quvvatlash punktlarida oziq-ovqat to‘plamlari beriladi, ammo ular hamma joyda ham yetarli emas. Murmansk va Severomorsk aholisi uchun avtobuslarda yurish bepul qilingan. Ta’lim muassasalarining bir qismi o‘z faoliyatini to‘xtatgan yoki masofaviy rejimga o‘tgan.

Murmansk aholisi «Sudoremontnik» madaniyat markazi oldida issiq ovqat uchun navbatda
Lev Fedoseyev / TASS / Profimedia

Umuman olganda, avariya tufayli birgina Murmanskda mingdan ortiq uylar issiqlik ta’minoti tizimlarining muzlashi xavfi ostida qoldi, dedi gubernator. Uning so‘zlariga ko‘ra, 26 yanvarga kelib barcha turar joy binolari va ijtimoiy obektlar issiqlik va suv bilan ta’minlangan, Murmansk va Severomorskdagi uylarning 80 foizida barqaror elektr ta’minoti mavjud.

Murmanskda suvenirlar sotuvchisi rastadagi buyumlarini telefon chirog‘i yorug‘ida ko‘rmoqda
Lev Fedoseyev / TASS / Profimedia

Gubernatorning telegram-kanaldagi posti ostida izoh yozayotgan mahalliy aholi vakillari esa uning so‘zlariga qo‘shilmagan. Ayrimlar Severomorskning «yarim aholisi svetsiz o‘tirgani»ni qayd etgan. Shu kunlarda mahalliy rasmiylar 25 yanvar kuni kechqurungi holatga ko‘ra shahardagi 117 ta ko‘p qavatli uy aholisi svetsiz qolayotganini ma’lum qilgandi.

Murmansk oblastidagi elektr uzatish liniyasi tayanchlari muzlab qolgan

51.ru nashri o‘quvchilaridan biri shunday degan: «Ovqatni gaz gorelkasida tayyorlayapmiz. Kimdadir haligacha suv va issiqlik yo‘q, kimdadir nimadir tiklangan, lekin hammasi o‘chib turibdi. Elektr uzatish bo‘yicha aniq grafik yo‘q. Go‘yoki shunday grafik borligi haqida gapirishadi, lekin uni hech kim ko‘rmagan». Uning so‘zlariga ko‘ra, muntazam o‘chishlar va sovuq tufayli u chaqalog‘i bilan qarindoshlarinikiga yoki mehmonxonaga borib tunashiga to‘g‘ri kelmoqda.

Murmansk aholisi vakillari «Sudoremontnik» madaniyat markazidagi qo‘llab-quvvatlash punktida. Bu yerda isinish va telefonlarni quvvatlash mumkin
Lev Fedoseyev / TASS / ZUMA Press / Scanpix / LETA

Elektr o‘chgani haqidagi xabarlar fonida regionda mobil internet va Telegram messenjeri ishlamay qolgani haqidagi xabarlar (1,2,3) paydo bo‘lgan. Ammo bu aynan nima bilan bog‘liqligi – svet o‘chishi yoki rasmiylarning harakatlari bilan – bunisi aniq emas.

«Sudoremontnik» madaniyat markazida murmanskliklar uchun taom tayyorlayotgan ko‘ngilli
Lev Fedoseyev / TASS / Profimedia
«Sudoremontnik» madaniyat markazi yonidagi issiq ovqat tarqatish punktlaridan biri
Lev Fedoseyev / TASS / Profimedia

Gubernator o‘rinbosari Olga Vovk regionda 73 ming atrofidagi kishi svetsiz qolayotganini tasdiqlagan. «Ammo ular doimiy ravishda svetsiz o‘tirgani yo‘q, biz vaqti-vaqti bilan yoqib turibmiz. Uzoq vaqt davomida elektr ta’minotisiz qolgan uylar yo‘q», – degan u.

Murmansk oblastidagi barcha muhim obektlar, jumladan, strategik korxonalar elektr bilan ta’minlangani aytilgan. Oldinroq elektr o‘chishi Rossiya Shimoliy flotining asosiy harbiy-dengiz bazasiga ham ta’sir qilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Kemalar avtonom energiya ta’minoti rejimiga o‘tkazilgan.

Tergov qo‘mitasi xodimi elektr uzatish liniyasining qulagan tayanchlaridan biri oldida
TASS / ZUMA Press / Scanpix / LETA

Federal telekanallar esa Murmansk oblastidagi vaziyatni deyarli yoritmayapti. Xususan, dam olish kunlari va dushanba kuni ertalab regionda sodir bo‘layotgan voqealar haqidagi to‘liq syujyetni faqat «Rossiya 1» telekanali va faqat bir marta – 24 yanvar kuni ertalab ko‘rsatdi. Ushbu reportajga ikki daqiqadan kamroq ajratilgan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев

Mavzuga oid