Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NATO bosh kotibi Ryutte: Yevropa AQShsiz o‘zini himoya qila olmaydi
NATO bosh kotibi Mark Ryutte Yevropa AQSh yordamisiz o‘zini himoya qila olmasligini bildirdi. Uning aytishicha, AQShning yadroviy “soyaboni” - “erkinligimizning asosiy kafolati”.
Foto: SCANPIX/ZUMAPRESS.com/Wiktor Dabkowski
NATO bosh kotibi Mark Ryutte 26 yanvar, dushanba kuni Yevroparlamentning mudofaa va tashqi ishlar qo‘mitalari a’zolari bilan uchrashuvda, yaqin kelajakda Yevropa AQSh yordamisiz o‘zini himoya qila olmasligini aytdi.
“Agar bu yerda kimdir Yevropa Ittifoqi yoki umuman Yevropa AQShsiz o‘zini himoya qila oladi, deb o‘ylasa — orzu qilishda davom etavering. Bu ish bermaydi”, — deya AFP agentligi Ryuttening so‘zlarini keltiradi. Shu munosabat bilan u AQShning yadroviy soyabonini “erkinligimizning asosiy kafolati” deb atadi va uning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamaydiganlarga “omad” tiladi.
Shu bilan birga, Ryutte “AQSh ham xuddi Kanada va NATOdagi yevropalik ittifoqchilar kabi NATOdan manfaatdor” ekanini ta’kidladi. “Yevropa va Kanada o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq javobgarlikni zimmasiga olsa, adolatli va maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Yaxshi xabar — ular buni qilyapti”, — dedi alyans bosh kotibi.
Ryuttening aytishicha, agar Yevropa haqiqatan ham “mustaqil harakat qilish”ni istasa, har bir mamlakat mudofaa xarajatlarini 2025 yil iyunda NATO ishtirokchilari kelishib olganidek 5 foiz YaIMgacha emas, balki 10 foiz YaIMgacha oshirishi kerak bo‘ladi. Alyans bosh kotibi yana bir muammo sifatida Yevropaning yadroviy salohiyatini oshirish masalasini ham keltirdi: “Amerika soyaboni” yo‘qolsa, bu “milliardlab va milliardlab yevro”ga tushadi.
Ryutte, shuningdek, yagona Yevropa armiyasi tuzish g‘oyasini tanqid qildi. Milliy qurolli kuchlarga qo‘shimcha ravishda bunday birlashma paydo bo‘lsa, “ko‘plab takrorlanuvchi tuzilmalar” yuzaga keladi va bu “vaziyatni murakkablashtiradi”. Ryuttening fikricha, agar Yevropada NATO doirasidan tashqari yagona armiya paydo bo‘lsa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin “bundan xursand bo‘lar edi”.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Yevropa mudofaa uchun 5 foiz YaIM ajratishga qaror qilgani bilan “to‘g‘ri yo‘lda” ekanini bildirdi. “Agar biz shunday qilsak, albatta, oddiy (yadroviy bo‘lmagan) vositalar bilan o‘zimizni himoya qilishga qodir bo‘lamiz”, — dedi u Stokholmda shvetsiyalik hamkasbi Mariya Malmer Stenergard bilan qo‘shma matbuot anjumanida.
Shu bilan birga, Vadeful yadroviy salohiyatni oshirish “haqiqatan ham ancha murakkab masala” ekanini tan oldi. Shu munosabat bilan vazir Yevropani “ko‘proq mustaqillikka intilish”ga, bir vaqtning o‘zida esa “AQSh bilan mudofaa ittifoqi faol holatda qolishini doimo kuzatib borish”ga chaqirdi.
NATO bosh kotibining bayonotlariga Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro ham munosabat bildirdi. “Yo‘q, hurmatli Mark Ryutte. Yevropaliklar o‘z xavfsizligi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi mumkin va olishi shart. Bunga hatto Qo‘shma Shtatlar ham qo‘shiladi. Bu — NATOning yevropacha tayanchi”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Mavzuga oid
11:50
Zelenskiy: Ukraina, Rossiya va AQShning yangi uchrashuvi 1 fevral kuni bo‘lib o‘tadi
11:24
Tramp va demokratlar to‘qnashuvi: ICE masalasi budjet inqiroziga aylanmoqda
23:14 / 26.01.2026
Tramp impichment tahdidi tufayli Grenlandiyaga harbiy bosqindan bosh tortdi – OAV
21:58 / 26.01.2026