O‘zbekiston | 16:35
7896
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vaziriga 4 nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi

IIV rahbariga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi: Botir Qudratxo‘jayev Tezkor qidiruv departamenti, Rustam Jo‘rayev Jamoat xavfsizligi departamenti, Diyorbek Sattorov Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar departamenti boshlig‘i, Rustam Mirzayev komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosar bo‘ldi.

Prezidentining tegishli qarorlari bilan ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi.

Botir Bahromovich Qudratxo‘jayev ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Tezkor qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U 2025 yilning fevralidan buyon favqulodda vaziyatlar vaziri edi.

Botir Qudratxo‘jayev

 

Qudratxo‘jayev yangi lavozimda bugun iste’foga chiqarilgan Ayubxon Rahmatullayev o‘rnini egalladi.

Rustam Mirzayevich Jo‘rayev ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U 2020 yilning martidan buyon Milliy gvardiya qo‘mondoni edi.

Rustam Jo‘rayev

Uning yangi lavozimi 2025 yil dekabrida Bekmurod Abdullayev ishdan olinganidan buyon (keyinroq unga nisbatan jinoiy ish ochilgan va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan) bo‘sh turgandi.

Diyorbek Nematjonovich Sattorov ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U hozirgacha Prezident administratsiyasi Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti sho‘ba mudiri lavozimida edi.

Diyorbek Sattorov

U yangi lavozimda bugun iste’foga chiqarilgan Davron Nazarmuhamedovning o‘rnini egalladi.

Shuningdek, Rustam Ravshanovich Mirzayev ichki ishlar vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar Prezident administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari edi.

Rustam Mirzayev

Shu tariqa, vazir o‘rinbosarlari soni sakkiz nafarga yetdi: hozirda yuqoridagi tayinlovlardan tashqari Ramazon Ashropov, Zufar Qurbonov, Saidkarim Nishonboyev va Bahodir Mirzarahimov vazir o‘rinbosari lavozimlarini saqlab qolmoqda

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid