Jahon | 12:57 / 28.01.2026
2715
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya gazi importiga taqiq: Slovakiya va Vengriya da’vo arizasi kiritadi

Slovakiya Yevropa Ittifoqining 2027 yil 1 noyabrgacha Rossiyadan gaz import qilishdan to‘liq voz kechish haqidagi qaroriga qarshi sudga da’vo kiritish masalasida Vengriya bilan harakatlarini muvofiqlashtirishini bildirdi. Ikki davlat ham bu qarorni amalda sanksiyaviy chora deb hisoblamoqda.

Foto: Robert Nemeti/Anadolu

Slovakiya va Vengriya Yevropa Ittifoqining 2027 yil 1 noyabrgacha Rossiyadan gaz import qilishdan to‘liq voz kechish to‘g‘risidagi qarorini sud tartibida bahsga olishini ma’lum qildi. Slovakiya hukumati rahbari Robert Fitso bu niyatni seshanba, 27 yanvar kuni tasdiqladi. Uning aytishicha, Bratislava bu masalada o‘z harakatlarini Budapesht bilan muvofiqlashtiradi. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban esa huquqiy choralar ko‘rilishini 26 yanvar kuniyoq e’lon qilgan.

Vengriya hukumati importni taqiqlash, mohiyatan, sanksiya ekanini ta’kidlamoqda: bunday chorani joriy qilish uchun YeI a’zosi bo‘lgan barcha davlatlarning yakdil qarori talab etiladi. Orban Facebook’da yozishicha, bu taqiq energiya resurslari narxining oshishiga olib kelishi mumkin va “bu masalada murosa bo‘lishi mumkin emas”.

Yevrokomissiya (YeK) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Yevropa Ittifoqi import qilgan gazning taxminan 19 foizi Rossiya quvur gazi va suyultirilgan tabiiy gaz (STG) hissasiga to‘g‘ri kelgan, deb eslatdi AFP agentligi. YeK ma’lum qilishicha, YeI har oy Rossiyadan gaz va kichik hajmlarda neftni jami 1,5 milliard yevrolik summada import qiladi.

Gaz yetkazib berishni taqiqlash haqidagi qaror 26 yanvar kuni ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilingan. Reuters agentligi aniqlashtirishicha, Rossiya energiya resurslariga qaramlikni qayd etib keladigan va Moskva bilan yaqin munosabatlarni saqlab turgan Budapesht va Bratislava qarshi ovoz bergan. Vengriya hukumati qaror ustidan Lyuksemburgda joylashgan Yevropa Ittifoqi sudiga (Yevropa sudi) shikoyat qilishini bildirgan.

STG importi 2026 yil oxirigacha, quvur orqali yetkazib berish esa 2027 yil 30 sentabrgacha to‘xtatilishi kerak. Biroq agar YeI davlatlari gaz omborlarini to‘ldirishda qiyinchilikka duch kelsa, muddatni 2027 yil 1 noyabrgacha uzaytirish mumkin. Shuningdek, Rossiya bilan yangi gaz shartnomalarini tuzish ham taqiqlanadi. Bu taqiq yangi qonun kuchga kirganidan olti hafta o‘tgach amal qila boshlaydi.

Germaniya uchun bu qaror “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim–2” quvurlaridan ehtimoliy foydalanishga yakuniy ravishda barham berishni anglatadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid