Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent – Riga yo‘nalishida yangi yuk tashuvchi aviareys yo‘lga qo‘yildi
26 yanvar kuni Riga xalqaro aeroportida Fly Khiva o‘zbek aviakompaniyasining Toshkent – Riga yo‘nalishi bo‘yicha birinchi yuk reysini kutib olishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Foto: "Dunyo" AA
Riga shahri Xalqaro aeroportida Fly Khiva aviakompaniyasi tomonidan Toshkent – Riga yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashuvchi aviareyslarni yo‘lga qo‘yishga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Tadbir doirasida aviakompaniyaning Latviya poytaxtiga birinchi yuk havo kemasi tantanali kutib olindi.
Marosimda Latviya transport vaziri o‘rinbosari Andulis Jidkovs, Riga aeroporti direktori Laila Odinya, Pochta direktori o‘rinbosari Girs Rudzins hamda Bojxona xizmati rahbari Raimonds Zukus ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, 2024 yil may oyida O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi ko‘magida Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport hajmini oshirish doirasida Fly Khiva aviakompaniyasi bosh direktori Dilshod Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiyaning Latviyaga tashrifi tashkil etilgan va yuk havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan.
Latviya tomonining ma’lumotiga ko‘ra, yangi aviayo‘nalishning ochilishi O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Latviya transport vaziri o‘rinbosari A.Jidkovs Toshkent va Riga o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri yuk aviaqatnovlarining joriy etilishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi muhim logistika markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlashini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, Fly Khiva aviakompaniyasi Toshkent – Riga yo‘nalishi bo‘yicha yuk reyslarini haftasiga bir marta muntazam amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Tashilayotgan yuklarning asosiy qismini O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga mo‘ljallangan eksport mahsulotlari, pochta va tijorat jo‘natmalari, shuningdek, Xitoyning TEMU, AliExpress va boshqa xalqaro elektron savdo platformalari orqali berilgan buyurtmalar tashkil etishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
09:37 / 14.01.2026
Qoshg‘ar–Toshkent yo‘nalishida yangi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareys ochiladi
10:57 / 08.01.2026
Parij va Amsterdamda qor sabab yuzlab aviareyslar bekor qilindi
15:07 / 29.12.2025
Moskvada dronlar sabab 312 ta aviareys kechiktirildi va bekor qilindi
11:27 / 07.11.2025