Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Telegrafdan kvant kompyuterlarigacha: 7 gigantning evolyutsiyasi
Odamlar “texnologik kompaniya” deganda odatda startaplar, ilovalar va Kremniy vodiysini tasavvur qiladi. Ammo eng nufuzli firmalardan ba’zilari elektr energiyasi ommalashishidan ancha oldin, internet hali yo‘q paytda paydo bo‘lgan. Ularning ilk mahsulotlari smartfon yoki server emas, balki telegraflar, shisha idishlar, qog‘oz va mexanik tabulyatorlar edi.
Foto: Getty Images
So‘nggi 150 yilda bu kompaniyalar sanoat inqiloblari, jahon urushlari va katta texnologik burilishlarni boshdan kechirib, o‘zini yangilab keldi. Ular telegraf simlaridan — optik tolaga, qog‘oz fabrikalaridan — 5G tarmoqlariga, perfokartalardan esa — kvant kompyuterlarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Bu innovatsiya amalda qanday yuz berishini ochib beradi.
Quyida hali ham faoliyat yuritayotgan eng qadimgi 7 texnologik kompaniya keltiriladi.
BT Group
BT tarixi 1846 yilda Buyuk Britaniyada birinchi ommaviy telegraf tarmog‘ini qurish uchun tashkil etilgan Electric Telegraph Company'dan boshlanadi. Shu sabab BT aloqa sohasidagi eng qadimgi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Keyingi asr davomida telegraf tizimi General Post Office bilan birlashgan, keyin esa qayta tashkil etilib, British Telecom va hozirgi BT Group'ga aylangan.
XX–XXI asrlarda BT statsionar telefon aloqasidan keng polosali internet, mobil aloqa, korporativ tarmoqlar va kiberxavfsizlikka o‘tdi. Bugun kompaniya Buyuk Britaniyada mis va optik tolali tarmoqlarning katta qismini boshqaradigan Openreach bo‘linmasiga ega. BT evolyutsiyasi — telegraf ustunlaridan tortib, yirik optik infratuzilma loyihalarini boshqarishgacha aloqa texnologiyalari tarixini aks ettiradi.
Siemens
Siemens 1847 yil oktyabrda Berlinda Verner fon Simens va uning hamkori Iogann Georg Xalske tomonidan elektr telegraflarini qurish va ekspluatatsiya qilish uchun Telegraphen-Bauanstalt von Siemens & Halske nomi bilan tashkil etilgan. Uzoq masofali telegrafiya va elektrotexnikadagi ilk muvaffaqiyatlar kompaniya faoliyatini tezda Yevropa bo‘ylab kengaytirgan. Sanoatlashuv davrida Siemens generatorlar, tortish uskunalari va sanoat texnikasi ishlab chiqarishga o‘tdi.
Qariyb ikki asr davomida kompaniya tibbiy vizualizatsiya, avtomatlashtirish, temiryo‘l tizimlari va energetika texnologiyalarigacha kengaydi. Bugun Siemens elektrlashtirish va raqamlashtirish kesishmasida turibdi: XIX asr telegraf ishlab chiqaruvchisidan XXI asr muhandislik-dasturiy guruhiga aylanib, Industry 4.0 va tibbiy diagnostika loyihalarida faol ishtirok etmoqda.
Corning
Corning 1851 yilda Massachusetsda kichik shishasozlik ustaxonasi sifatida boshlangan va tez orada Nyu-York shtatining Korning shahriga ko‘chib, aniq (pretsizion) shisha ishlab chiqaruvchi sifatida nom qozongan. O‘n yillar davomida kompaniya lampalar va elektr lampochkalari uchun shisha ishlab chiqargan, XX asrda esa issiqqa chidamli Pyrex shishasini hamda yuqori aniqlikdagi optika (jumladan teleskop oynasi)ni yaratgan.
XX asr oxiri — XXI asr boshida Corning zamonaviy texnologiyalar uchun juda muhim bo‘lgan maxsus materiallarga e’tiborni qaratdi: yuqori tezlikdagi tarmoqlar uchun o‘ta toza optik tola va ekranlar uchun kimyoviy mustahkamlangan Gorilla Glass. Gorilla Glass’ning “unutilgan” texnologiyadan smartfonlar uchun asosiy komponentga aylanishi Apple bilan hamkorlik orqali ro‘y bergan. Bugun Corning laboratoriya idishlaridan tortib smartfon displeylarigacha, global internet trafigini tashiydigan optik tola “yadrolari”gacha materiallar ishlab chiqaradi.
Nokia
Nokia telefon brendi bo‘lsa-da, avvaliga sellyuloza-qog‘oz korxonasi sifatida boshlangan. 1865 yilda kon muhandisi Fredrik Idestam Finlandiya janubida yog‘och massasini qayta ishlash zavodini ochgan, keyinroq esa Nokianvirta daryosi bo‘yida ikkinchi zavodni tashkil etgan — aynan shu joy kompaniyaga nom bergan.
XX asrda Nokia fin rezina va kabel mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan birlashib, biznesini kengaytirgan: shinalar, rezina poyabzal va elektr kabellari ham mahsulot qatorida bo‘lgan. Keyinchalik kompaniya telekommunikatsiyaga ixtisoslashib, 1990-yillarda mobil telefonlar ishlab chiqarishda dunyo yetakchisiga aylandi.
Bugun Nokia tarmoq infratuzilmasi, dasturiy ta’minot va texnologiya litsenziyalash bilan shug‘ullanadi. Kompaniya 5G tarmoqlarini joriy etishda muhim o‘rin tutadi va katta patent portfeliga ega. 150 yilligini nishonlar ekan, Nokia o‘zgarishlar tarixi — sellyuloza va rezinadan tortib, mobil aloqa va tarmoq texnologiyalarigacha doimiy transformatsiya namunasi ekanini ta’kidlagan.
AT&T
AT&T tarixi Aleksandr Grem Bell 1876 yilda telefonni ixtiro qilishi va uni tijoratlashtirish uchun birinchi Bell kompaniyalari tashkil etilishiga borib taqaladi. 1885 yilda butun AQSh bo‘ylab shaharlararo telefon liniyalarini qurish va ishlatish maqsadida American Telephone & Telegraph (AT&T) tuzilgan. Tez orada u AQSh aloqa taraqqiyotini belgilab bergan Bell tizimining markaziy bo‘g‘iniga aylangan.
XX asrning katta qismida AT&T tartibga solinadigan monopoliya sifatida ishlab, amerikaliklarning muloqot uslubini shakllantirgan — ovoz aloqasidan to ma’lumot uzatishgacha. Uning ilmiy bo‘linmasi Bell Labs sanoat laboratoriyalari tarixida eng nufuzlilardan biri bo‘lib, tranzistor, axborot nazariyasi va hisoblash hamda tarmoqlar sohasidagi asosiy yutuqlarni bergan.
Bu davr 1984 yilda AQSh regulyatorlari raqobatni kuchaytirish uchun Bell tizimini bo‘lib yuborgani bilan yakunlangan. AT&T parchalanishdan keyin ham qator qo‘shilishlar orqali pozitsiyasini tiklab, bugun simsiz aloqa, keng polosali internet va korporativ kommunikatsiyalar bo‘yicha yirik operatorlardan biri bo‘lib qolmoqda.
General Electric
General Electric (GE) tarixi Tomas Edisonning 1870-yillar oxiridagi elektr texnikasi loyihalaridan boshlanadi. Kompaniya hozirgi ko‘rinishida 1892 yilda Edison General Electric va uning raqibi Thomson-Houston qo‘shilishi natijasida tashkil topgan.
XX asrda GE Amerika sanoat ixtirochiligi va ommaviy ishlab chiqarish ramziga aylandi: generatorlar va lampochkalardan tortib, reaktiv dvigatellar, tibbiy vizualizatsiya va ilk hisoblash tizimlarigacha. Keyingi o‘n yilliklarda kompaniya yirik restrukturizatsiya va bo‘linmalarni ajratish jarayonlarini o‘tkazgan bo‘lsa-da, uning ta’siri hali ham maishiy texnika, aviatsiya va energetika texnologiyalarida seziladi.
GE Dow Jones Industrial Average indeksiga kiritilgan dastlabki 12 kompaniyadan biri bo‘lgan va o‘n yillar davomida boshqaruv amaliyotlari hamda sanoat ilmiy-tadqiqot ishlari uchun “poligon” vazifasini o‘tagan.
IBM
IBM 1911 yilda Computing-Tabulating-Recording Company (CTR) nomi bilan — perfokart tabulyatorlari, tarozi va ish vaqti hisoblagichlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar birlashmasi sifatida tashkil etilgan. 1924 yilda u International Business Machines nomini olgan. XX asrning katta qismida IBM korporativ hisoblashda yetakchi bo‘lib, davlat idoralari, banklar va yirik biznes ishlatgan meynfreymlar hamda standartlashgan perfokart tizimlarini taklif qilgan.
Keyinchalik IBM serverlar, middleware dasturiy ta’minoti va IT-xizmatlarga o‘tdi, so‘nggi yillarda esa sun’iy intellekt va kvant tadqiqotlariga yo‘naldi. 2011 yilda IBM’ning Watson tizimi Jeopardy! teleshousida chempionlarni yengib, kompaniyaning SI tomon burilishini ramziy tarzda ko‘rsatgan. Bugun IBM kvant hisoblashga sarmoya kiritib, perfokart mashinalaridan boshlangan yo‘lini davom ettirmoqda.
Mavzuga oid
20:47 / 05.12.2025
Shavkat Mirziyoyev Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
14:29 / 16.11.2025
Even Realities yangi G2 aqlli ko‘zoynaklarini taqdim etdi
19:50 / 09.11.2025
Neuralink bemori samolyotni fikr kuchi bilan boshqardi
22:35 / 03.11.2025