Jahon | 09:24 / 29.01.2026
1912
3 daqiqa o‘qiladi

Vadeful: Ukraina YeI a’zoligiga haqqoniy imkoniyat olishi shart

Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish istiqboli Rossiyaning harbiy hujumiga uchragan bu mamlakat uchun kelajakdagi tinchlik yo‘lida barqaror yechimni ta’minlashga muhim hissa qo‘shadi. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful chorshanba, 28 yanvar kuni Bundestagda “hukumat soati” davomida bildirdi.

Foto: Sebastian Gollnow/dpa

“Yevropada tinchlikning barqaror me’morligi Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun adolatli imkonga ega bo‘lishini nazarda tutadi”, — dedi xristian-demokrat Vadeful. Kiyevning ehtimoliy a’zoligi muddatlari haqida u fikr bildirmadi. “Bugun bu uzoq istiqboldek tuyulishi mumkin, ammo Germaniyaning ham, biz — yevropaliklarning ham tub manfaatlariga ko‘ra, bu mamlakat agressorga qarshi kurashda g‘alaba qozonishini va mag‘lubiyatga uchramasligini ta’minlash muhim”, — deya ta’kidladi GFR TIV rahbari.

Yoxann Vadeful aytishicha, Yevropa Ittifoqi butun dunyoda bir nechta davlatning ittifoqiy hamkorligi uchun namunaviy model sifatida qabul qilinadi, shuning uchun ko‘plab boshqa mamlakatlarning YeI a’zosi bo‘lish istagi o‘zgarmay qolmoqda. U Yevropaning “harakat qilish, qaror qabul qilish va rivojlanishda davom etish” qobiliyatini saqlab qolish muhimligini ham qayd etdi.

Yevropaning bir qator davlatlari qarshiligiga qaramay, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakatining 2027 yilga qadar YeIga a’zo bo‘lishini qat’iy talab qilishda davom etmoqda. “Yevropa Ittifoqiga a’zolik nafaqat biz uchun, balki butun Yevropa uchun ham asosiy xavfsizlik kafolatlaridan biri. Chunki Yevropaning umumiy kuchi, jumladan, Ukraina tomonidan xavfsizlik, texnologiya va iqtisod sohalarida qo‘shiladigan hissa hisobiga ham bo‘lishi mumkin”, — dedi Zelenskiy 27 yanvar kuni Avstriya federal kansleri Kristian Shtokker bilan telefon muloqotidan so‘ng.

Ukraina prezidenti ta’kidlashicha, aynan shu sababli Kiyev YeIga tezroq kirishni talab qilmoqda va hamkorlardan qo‘llab-quvvatlash kutmoqda. Zelenskiy, shuningdek, Rossiyaning ommaviy hujumlaridan qattiq zarar ko‘rgan Ukraina energetika sektoriga ko‘rsatilgan yordam uchun Avstriyaga minnatdorlik bildirdi va Shtokkerni Kiyevga tashrif buyurishga taklif qildi.

Hozircha Ukrainaning YeIga jadallashtirilgan tarzda qo‘shilishi istiqboli yo‘q. Ukraina nomzod davlat hisoblanadi va Yevrokomissiya mamlakatning islohotlar bo‘yicha asosiy talablarni bajarishdagi ilgarilashini tasdiqlamoqda. Biroq Vengriya vetosi sabab Kiyev hanuz YeIga a’zo bo‘lish bo‘yicha rasmiy muzokaralarni boshlay olmayapti. Ukraina a’zoligining shartlari yuzasidan hozircha faqat norasmiy maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid