Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Kubaga neft yetkazib beruvchi davlatlarga qarshi boj joriy etmoqda
Donald Tramp Kuba tomonidan kelayotgan tahdid sababli favqulodda holat e’lon qildi. AQSh prezidenti Havanaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita neft yetkazib berayotgan mamlakatlardan import qilinadigan tovarlarga boj to‘lovlarini joriy etish tartibi haqida farmon imzoladi.
Foto: REUTERS
AQSh prezidenti Donald Tramp Kuba tomonidan kelayotgan tahdid bilan bog‘liq holda favqulodda holat e’lon qildi va Havanaga neft sotadigan yoki boshqa tarzda yetkazib beradigan mamlakatlardan keladigan tovarlarga tariflar (bojlar) joriy etish tartibini belgiladi. Bu haqda Oq uy 29 yanvar, payshanba kuni xabar berdi.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, farmon “AQShning milliy xavfsizligi va tashqi siyosati Kuba rejimi tomonidan olib borilayotgan yovuz niyatli harakatlar va siyosatdan himoya maqsadida” imzolangan.
Hujjat Qo‘shma Shtatlarga Kubaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita neft yetkazib berishni amalga oshirayotgan har qanday mamlakatdan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘shimcha bojlar joriy etish imkonini beradi.
Oq uyda ta’kidlanishicha, Vashingtonning bu choralari Kuba rejimi “do‘st bo‘lmagan kuchlar, terrorizm”ni qo‘llab-quvvatlagani va “mintaqaviy beqarorlik”ni yuzaga keltirgani uchun uni javobgarlikka tortishga qaratilgan. Bu beqarorlik esa “AQSh xavfsizligi va tashqi siyosati”ni xavf ostiga qo‘yadi.
Vashingtonda, shuningdek, Kuba hududida Rossiyaning radiorazvedka ma’lumotlarini yig‘ish bo‘yicha eng yirik xorijiy obekti joylashgani aytildi. Xabarda davom etilishicha, Havana transmilliy terroristik guruhlarga boshpana ham beradi, rejim esa siyosiy muxoliflarni ta’qib qiladi va ularni qiynoqqa soladi.
Reuters agentligi oldinroq qayd etganidek, so‘nggi haftalarda Vashingtonning Kubaga nisbatan ritorikasi sezilarli darajada qattiqlashgan. Jurnalistlar shunday xulosa qilgan: “Trampning Kubaga bosimi — mintaqadagi davlatlarni Qo‘shma Shtatlar pozitsiyasiga mos harakat qilishga majburlash istagi yo‘lidagi navbatdagi keskinlashuv bosqichidir. Bu Tramp ma’muriyatining g‘arbiy yarimsharda ustunlikka erishish bo‘yicha jiddiy ambitsiyalarini ko‘rsatadi”.
Donald Tramp 11 yanvar kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Kuba “ko‘p yillar davomida Venesueladan katta hajmda neft va pul hisobidan yashab kelgani”ni yozdi. Uning aytishicha, Kuba buning evaziga 1999–2013 yillarda Janubiy Amerikadagi mazkur mamlakat prezidenti bo‘lgan Ugo Chavesga va Venesuela rahbari Nikolas Maduroga “xavfsizlik xizmatlari” ko‘rsatgan. Matnda aytilishicha, Maduro 3 yanvar kuni AQSh armiyasi maxsus bo‘linmalari tomonidan qo‘lga olingan.
Biroq Tramp endi vaziyat o‘zgarishini bildirib o‘tdi: “Endi Kubaga na neft, na pul keladi — nol”. Oq uy rahbari yana qo‘shimcha qildi: “Men ularga (Kuba hokimiyatiga — tahr.) kech bo‘lmasidan oldin (AQSh bilan — tahr.) kelishuv tuzishni qat’iy tavsiya qilaman”, deya tahdid qildi. AQSh prezidenti aynan qanday kelishuvni nazarda tutayotganini aniq aytmadi va Havana uchun oqibatlar mohiyatini ham ochiqlamadi.
Kuba hokimiyati Tramp bayonotlariga g‘azab bilan munosabat bildirdi. Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges o‘sha kuni X mikroblogida: “Kuba xavfsizlikni ta’minlash xizmatlari uchun hech bir davlatdan pul yoki moddiy mukofot olmagan”, deb yozdi.
Mamlakat prezidenti Migel Dias-Kanel esa Kuba “erkin, mustaqil va suveren davlat” ekanini ta’kidladi. Lotin Amerikasi davlati rahbari X’da: “Bizga hech kim nima qilishni buyurmaydi”, deb yozdi. U qo‘shimcha qildi: “Hamma narsani, hatto inson hayotini ham biznesga aylantiradiganlar Kubaga biror narsa, umuman hech narsa ko‘rsatma berish huquqiga ega emas”.
Mavzuga oid
10:41
Venesuela neft sohasini xususiy investorlar uchun ochdi
23:08 / 29.01.2026
Tramp Putinning Ukrainaga zarbalarni bir haftaga to‘xtatishga roziligini aytdi
21:25 / 29.01.2026
«Katta armada». Tramp Eron sohillariga yuborgan harbiy kuchlar haqida nimalar ma’lum?
20:27 / 29.01.2026