Jahon | 12:11
2986
5 daqiqa o‘qiladi

Eron tinchigandek ko‘ringandi, ammo Tramp hamon zarba berish haqida o‘ylamoqda

Morteza Nikoubazl / NurPhoto / Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp yana Eronga zarba berish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. CNN nashrining Oq uyga yaqin manbalariga ko‘ra, ehtimoliy variantlar orasida – hukumat va kuchishlatar tuzilmalarning namoyishlarni shafqatsizlarcha bostirishga mas’ul bo‘lgan rahbarlarini o‘ldirish, shuningdek, yadroviy obektlar hamda davlat muassasalari binolariga zarbalar berish bor.

Reuters manbalari esa Trampning bu safargi maqsadi 2025 yil yozidagi kabi Eron yadroviy dasturini yo‘q qilish bilan cheklanmaydi – u rejimni o‘zgartirmoqchi. Shu bilan birga, Tramp o‘z chiqishlarida Eronning uranni boyitishdan butunlay voz kechishini, shuningdek, raketa dasturini hamda Yaqin Sharqdagi proksi kuchlarni (Livandagi «Hizbulloh» va Yamandagi husiychilar) qo‘llashni cheklashni nazarda tutuvchi yangi «yadroviy kelishuv» to‘g‘risida gapirmoqda.

Yanvar oyining birinchi yarmida, butun Eron oyatulloh hukumatiga qarshi namoyishlar ichida qolganida, Tramp bir necha marta to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyishchilarni kurashni davom ettirishga chaqirgan va ularga yordam va’da qilgandi. Ammo o‘shanda Amerika harbiylari unga islom respublikasiga qisqa muddatda rejimning ag‘darilishi uchun yetarli bo‘ladigan zarar yetkazishini kafolatlay olmagandi. U vaqtda Amerikaning asosiy e’tibori Venesuela masalasiga qaratilgandi. Natijada Tramp Eron bo‘ylab zarba berishdan voz kechadi.

Hozir esa Amerikaning «Avraam Linkoln» aviatashuvchisi boshchiligidagi zarbdor guruhi Hind okeaniga olib kelingan. Shuningdek, mintaqadagi harbiy bazalarga, jumladan, Qatar va Bahraynga qo‘shimcha kuchlar tashlangan. Gap hamon faqat samolyotlar, kemalar va raketalar haqida ketmoqda – quruqlikdan bostirib kirish imkoniyati ko‘rib chiqilayotgani yo‘q.

Reuters agentligi qayd etishicha, arablar va isroilliklar Trampni havodan beriladigan zarbalar bilan Erondagi rejimni ag‘darishning amalda imkoni yo‘qligi haqida ogohlantirmoqda. Ammo AQSh prezidenti bu zarbalar eronliklarni namoyishlarni qaytadan boshlashga ilhomlantirishiga umid qilmoqda.

Eron 2025 yil iyunida Isroil va AQShga qarshi bo‘lib o‘tgan 12 kunlik urush davrida hamda dekabr-yanvar oylaridagi keng ko‘lamli namoyishlar chog‘ida kuchsizlangan bo‘lsa-da, u hamon Amerikaning mintaqadagi bazalari hamda ittifoqchilariga jiddiy tahdid tug‘dira oladi. Saudiya Arabistoni va BAA javob hujumlari xavfini inobatga olib, amerikalik harbiylarga Eronga zarba berishda o‘z havo kengliklaridan foydalanishga ruxsat bermadi.

Eronda hamon AQShga qarshilik ko‘rsatish imkoniyati mavjud. U Ho‘rmuz bo‘g‘ozini – Fors ko‘rfazidan Arab dengiziga chiqish hududini minalashtirishi mumkin – butun dunyo neftining to‘rtdan bir qismi shu joydan olib o‘tiladi. Bundan tashqari, raqibga og‘ir ruhiy zarba berish uchun eronliklar Amerikaning bitta kemasini cho‘ktirishi yetarli bo‘ladi – ayniqsa, Trampning nufuzi ichkaridagi vaziyat tufayli shusiz ham tushib borayotgani inobatga olinsa. Ko‘plab kichik kemalar va zarbdor dronlarga ega bo‘lgan Eron harbiy-dengiz kuchlari esa bunday amaliyot o‘tkazishga qodir hisoblanadi.

BBC ekspertlari ham harbiy bazalar va yadroviy obektlarga alohida zarbalar – rejimning qulashi va demokratik tranzitga olib kelishi ko‘zda tutilgan ssenariyni haddan tashqari optimistik deb hisoblaydi. Bunga muqobil variant sifatida «Venesuela ssenariysi»ni ko‘rib chiqish mumkin: rejim joyida qoladi, ammo o‘z siyosatini yumshatadi va AQSh talablarini bajaradi – yadroviy va raketa dasturlarini qisqartiradi, proksi kuchlarni qo‘llab-quvvatlashni kamaytiradi, mamlakat ichidagi qatag‘onlarni yumshatadi.

Nashr versiyasiga ko‘ra, oyatullohning teokratik rejimini harbiy diktaturaga – Islom inqilobi muhofizlari korpusi vakillaridan tuzilgan jamoaviy rahbariyatga almashtirish nisbatan ehtimoli yuqori bo‘lgan ssenariy hisoblanadi.

Shu bilan birga, islom respublikasining yanada zaiflashuvi diktaturaga yoki demokratiyaga emas, balki fuqarolar urushiga olib kelishi ham ehtimoldan xoli emas. Mintaqaning aksariyat davlatlari bu ssenariyni ehtimoliy ssenariylardan eng yomoni deb hisoblaydi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев

Mavzuga oid