Sport | 14:09
1802
4 daqiqa o‘qiladi

Futbolda tanish-bilishchilik bo‘lmaydi - Bahodir Qurbonov

O‘FA raisi Bahodir Qurbonov futboldagi korrupsiya va raqamlashtirish ishlari haqida ma’lumot berdi. «Korrupsiya omili O‘zbekiston futbolida yo‘q bo‘lsa, ertangi kunda xalqaro maydonda davlatimiz bayrog‘ini, o‘zbek g‘ururini, millatini namoyish qiladigan sportchilarni yetishtirishda muvaffaqiyatga erishamiz», dedi Qurbonov.

Foto: O‘FA

30 yanvar kuni Toshkentda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining (O‘FA) navbatdagi hisobot-saylov kongressi bo‘lib o‘tdi.

Kongress yakunlariga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisi, general-polkovnik Bahodir Qurbonov delegatlarning bir ovozdan qabul qilgan qarori bilan O‘FA prezidenti lavozimiga qayta saylandi.

Bahodir Qurbonov hisobot-saylov kongressida ishtirokchilarga 2025 yilda futbolni raqamlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar va joriy yil uchun belgilangan vazifalar haqida ma’lumot berdi.

«Korrupsiya omili O‘zbekiston futbolida yo‘q bo‘lsa, ertangi kunda xalqaro maydonda davlatimiz bayrog‘ini, o‘zbek g‘ururini, millatini namoyish qiladigan sportchilarni yetishtirishda muvaffaqiyatga erishamiz. Shuning uchun, ruxsat bersangiz, mana shu masalada men yana bir bor sizlarga erishilgan yutuqlarni aytib o‘tsam. O‘tgan yillarda futbol sohasi raqamlashtirilmagani oqibatida futbolchilar to‘g‘risida yagona umumiy baza bo‘lmagan. Shu sabab klublar transferlar orqali mashg‘ulot to‘lovlarini ololmagan. Futbolchilar tayyorlashni raqamlashtirish orqali inson omili aralashuvini keskin qisqartiruvchi va shaffof seleksiyani ta’minlovchi Milliy futbol elektron platformasi ishga tushirildi. Platformada futbol maktabiga kelgan har bir bola va uning murabbiyi elektron ro‘yxatga olinadi. Futbolchining professional o‘sish ko‘rsatkichlari tizimiga kiritiladi hamda monitoring qilib boriladi. Endilikda platformada ro‘yxatdan o‘tgan futbolchi uchun klub FIFAning transfer to‘lovlari bo‘yicha daromad olish imkoniga ega bo‘ladi», — dedi O‘FA raisi.

Qurbonov futboldagi hakamlik masalasiga ham to‘xtalib, uchrashuvlarida adolat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida Futbol hakamlari akademiyasi tashkil etilganini ma’lum qildi.

«O‘rta Osiyoda biz ayollar hakamlar jamoasini barpo etdik va buni biz albatta kengaytirib boramiz. Ayol bor joyda adolat bo‘ladi. Madaniyat bo‘ladi, intilish bo‘ladi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bizlar ayol kishini ilmli, vatanparvar qilsak, jamiyatni ilmli, vatanparvar qilamiz», dedi u.

Assotsiatsiya rahbari futbol maktablarida hali ham muammoli jihatlar saqlanib qolayotganiga ham e’tibor qaratib, vaziyatni yaxshilash bo‘yicha rejalashtirilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Ming afsuski futbol maktablari va akademiyalarida yoshlarni saralashda yetarlicha shaffoflik yo‘q. Tanish-bilishchilik va mahalliychilik kabi salbiy illatlar ham kuzatilyapti. Shu sababli ilmiy yondashuvlar asosida yosh futbolchilarimiz bilan ishlash va ularni saralash bo‘yicha yangi tizim yaratamiz. Bunda palatforma orqali futbol muassasalaridagi iqtidorli va salohiyatli yosh futbolchilarning o‘sish darajasi monitoring qilinadi va boshqa viloyatlardagi mutaxassislar tomonidan shaffof saralash yo‘lga qo‘yiladi», dedi O‘FA prezidenti. 

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров

Mavzuga oid