Iqtisodiyot | 17:20
1400
3 daqiqa o‘qiladi

Yashirin iqtisodiyotga qarshi qo‘shimcha mexanizmlar joriy etilishi mumkin

Soliq qo‘mitasi hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi: yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va naqdsiz to‘lovlarni kengaytirishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlar taklif etilmoqda.

Foto: Alamy

Qaror loyihasida chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan foydalanilayotgan avtomatlashtirilgan hisobga olish vositalarini soliq organlari axborot tizimlari bilan majburiy integratsiya qilish va davlat reyestriga kiritish talabini kuchaytirish nazarda tutilgan

Shuningdek, fiskal belgilarni aks ettirish yoki integratsiya talablarini buzganlik uchun Soliq kodeksining 227¹-moddasida belgilangan javobgarlik choralarini qo‘llash eslatib o‘tilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi 2026 yil 1 iyunga qadar:

  • umumiy ovqatlanish korxonalarini buyurtmalar hisobini yuritish axborot tizimi bilan to‘liq jihozlash va uni nazorat-kassa texnikalariga integratsiya qilish;
  • “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ bilan birgalikda birja savdolari bo‘yicha oferta shartnomalari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlari axborot tizimlariga integratsiya qilishni ta’minlashi taklif etilmoqda.

Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan boshlab qator yangi tartiblarni joriy etish nazarda tutilgan. Jumladan:

  • birja savdolari bo‘yicha elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda neft mahsulotlari hajmini avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilish mexanizmini ishga tushirish;
  • qurilish pudrat va subpudrat shartnomalari hamda neft mahsulotlarini saqlash omborlarini ijaraga berish shartnomalarini soliq organlari elektron tizimlarida hisobga qo‘yish;
  • notarial idoralar taqdim etgan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari ma’lumotlarini QQS hisobotini shakllantirishda inobatga olish;
  • ustav kapitaliga ulush sifatida kiritilgan tovar-moddiy zaxiralarni realizatsiya qilish yoki ishlab chiqarishga sarflashni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan o‘zgartirish hujjatlari asosida amalga oshirish.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Adliya vazirligi, Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi tomonidan “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimini soliq organlari, tijorat banklari hamda to‘lov tashkilotlari axborot tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qilish, ma’lumotlarni real vaqt rejimida almashish mexanizmlarini joriy etish taklif qilinmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid