Iqtisodiyot | 13:16
959
2 daqiqa o‘qiladi

Soliq qo‘mitasi QQSga avtomatik o‘tkazish tartibini tushuntirdi

Ayrim yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mga yetmagan holda QQS to‘lovchisi sifatida avtomatik ro‘yxatga olinayotgani haqidagi murojaatlarga Soliq qo‘mitasi izoh berdi. Qo‘mitaga ko‘ra, bu tartib Soliq kodeksining 462-moddasi 8-qismiga asosan amalga oshirilmoqda.

Foto: DSQ

Qayd etilishicha, yangi ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs, YaTT yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan olgan daromadi belgilangan nazorat summasidan oshsa, u ro‘yxatdan o‘tilgan yildan keyingi yildan boshlab QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.

Nazorat summasi quyidagi formula asosida aniqlanadi: 1 mlrd so‘m : 365 kun × (ro‘yxatdan o‘tilgan sanadan yil oxirigacha bo‘lgan kunlar soni).

Misollar:

🔹 1-misol: YaTT 2025 yil 1 oktyabrda ro‘yxatdan o‘tib, yil oxirigacha 300 mln so‘m daromad olgan. Nazorat summasi: 1 000 000 000 : 365 × (31+30+31) = 252,05 mln so‘m. 300 mln so‘m ushbu ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgani uchun tadbirkor 2026 yil 1 yanvardan QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.

🔹 2-misol: YaTT 2025 yil 1 noyabrda ro‘yxatdan o‘tib, yil oxirigacha 150 mln so‘m daromad olgan. Nazorat summasi: 1 000 000 000 : 365 × (30+31) = 167,12 mln so‘m. 150 mln so‘m nazorat ko‘rsatkichidan kam bo‘lgani sababli, QQS va foyda solig‘ini to‘lash majburiyati yuzaga kelmaydi.

Soliq qo‘mitasi ma’lum qilishicha, mazkur normaga asosan 2026 yil 1 yanvardan QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tkazilgan tadbirkorlik sub’yektlarining shaxsiy kabinetlariga tegishli xabarnomalar yuborilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid