Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Akillagan laychalar». Senator imperiyaparast chiqishlarga munosabat bildirdi
U bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda «tahdid qiladigan, akillagan har qanday laychaga o‘z joyida javob berish shartligi, boshqalarni tan olishga majbur qilish kerakligi»ni ta’kidlagan.
Foto: Senat matbuot xizmati
Oliy Majlis Senatining 5 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov so‘zga chiqib, O‘zbekiston har qanday tashqi tahdidlarga o‘z o‘rnida javob qaytarishi lozimligini bildirdi.
Senator o‘z nutqida xalqaro vaziyatga to‘xtalib, «dunyoda bir-biridan chigil tugunlar ko‘payib borayotgani, ular orasidan bamisoli bomba ko‘milgan maydonda yurgandek yurish naqadar og‘irligi, dunyoning bugungi qoidalari keskin o‘zgarib borayotgani, zo‘ravon siyosatchilar, ayrim zo‘ravon arboblar, bamisoli muz ustida raqs tushayotgan raqqosalar singari bir daqiqadan keyin qaysi tomonga burilishini, qaysi tomonga shox tashlashini hech kim bilmaydigan bir zamonda yurish, bu hech birimizni bir daqiqa ham xotirjam bo‘lishga yo‘l qo‘ymasligi»ni ta’kidladi.
«Murojaatnomada tenglik, o‘zaro munosabatlarda samimiy bo‘lishga katta e’tibor berilganini ko‘rdik. Ammo muvozanat buzilib, yana imperiyaparastlik, bo‘yinga bo‘yintiriq osish xavfi paydo bo‘lsa-chi? Ko‘chada hassa suyangan har bir o‘tkinchi „men sening bosh tog‘ingman, og‘angman“ deb tursa-chi? Bu imperiyani qo‘msash emasmi, aziz do‘stlar?
Shu o‘rinda ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripovning “Deydilar it hurar – o‘tadi karvon, Ranju balolardan yonmasin joning, Ammo alam qilar bir umr giryon, Itlar orasidan o‘tsa karvoning” degan tarixiy so‘zlarini eslashimiz kerak. Kerak.
Ammo bu armon – bugungi kunda armon emas. Biz bugun ana shu armonlarni ushaltirishga qarshi birlashishimiz lozim bo‘lyapti.
Balki, karvonimizga tahdid qiladigan har qanday kuchga, akillagan har qanday laychaga yoki har qanday qashqirga qarshi o‘z joyida javob berishimiz, kovushini to‘g‘rilab qo‘yishimiz, popugini pasaytirib qo‘yishimiz, aqlini kiritib qo‘yishimiz shart va kerak...», – degan u.
«Biz o‘zimizni boshqalarga mehnatimiz bilan, aqlimiz bilan, ishimiz bilan tan olishga majbur qilishimiz kerak bo‘ladi», – deya qo‘shimcha qilgan senator.
Imperiyaparast chiqishlar
Shu yil boshidan buyon rus propagandasi tomonidan sobiq ittifoq respublikalari, xususan, O‘zbekistonga suverenitetini rad etuvchi bir necha chiqishlar amalga oshirildi.
Dastlab rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyov Markaziy Osiyoni «bizniki» deb atagan va bu mintaqaning Moskva uchun strategik ahamiyatini qayd etib, Rossiya o‘z xavfsizligi uchun Ukrainada bo‘lgani kabi Armaniston va Markaziy Osiyo davlatlarida ham «maxsus harbiy operatsiya» boshlashi kerakligi haqida gapirgandi. Jamoatchilik rasmiylardan qat’iy munosabat bildirishni so‘rab, MO davlatlari birgalikda nota berishi kerakligini ta’kidladi.
Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova esa Solovyovning so‘zlari yuzasidan izohida «bu teleboshlovchining shaxsiy fikri» bo‘lgani va bu so‘zlar hukumat pozitsiyasini ifoda etmasligini bildirdi.
Keyinroq rossiyalik faylasuf Aleksandr Dugin Solovyovning fikrlarini qo‘llab-quvvatlab, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari Rossiya bilan ittifoq tarkibiga kirishi kerakligini aytib chiqdi. «Suveren Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, O‘zbekiston mavjudligiga rozi bo‘lish mumkin emas. Ular yo bizning lagerda bo‘ladi, yoki G‘arb yo Xitoyning platsdarmiga aylanadi», – degandi u.
Bu boradagi uchinchi chiqish ham Solovyov muallifligidagi ko‘rsatuvda yangradi. «Rossiya 1» telekanalidagi «Vecher s Vladimirom Solovyovym» ko‘rsatuvida mehmon bo‘lgan politolog Sergey Mixeyev mintaqa davlatlari tashqi siyosatini tanqid qilib, amalda ularning teng huquqli sheriklik huquqini rad etdi. «...Biz ularni erkalatib yuborganmiz... Ular o‘z o‘rnini bilishi kerak», – degan u.
Mavzuga oid
22:10 / 27.01.2026
«Erkalatib yubordik» – rossiyalik propagandachi Markaziy Osiyo davlatlari «o‘z o‘rnini bilishi» kerakligini aytdi
09:00 / 18.01.2026
Qamoqdagi sudyalar, Solovyovning “sayrashi” va DXX nigohidagi 4 ta tahdid - hafta dayjesti
12:29 / 16.01.2026
Zaxarova Solovyovning Markaziy Osiyo va Armaniston haqidagi so‘zlari yuzasidan munosabat bildirdi
15:08 / 14.01.2026