Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tusk: Polsha va Ukraina qurolni birgalikda ishlab chiqaradi
Kiyev va Varshava qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha deklaratsiyani imzoladi, deb xabar berdi Donald Tusk. Kiyevga tashrifi chog‘ida u Polsha Ukrainaga MiG-29 qiruvchi samolyotlarini berishga tayyor ekanini ham aytdi.
Polsha va Ukraina qurol-yarog‘ hamda o‘q-dorilarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha deklaratsiyani imzoladi. Bu haqda Polsha bosh vaziri Donald Tusk payshanba, 5 fevral kuni Kiyevda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Biz deklaratsiyani imzoladik va bu shunchaki niyatlar emas. Bu amaliy hamkorlikka o‘tishdir. Bu — bir necha oylar davomidagi maqsadimiz edi, — dedi Polsha hukumati rahbari. — Biz bu haqda gaplashdik va Polshada ham, Ukrainada ham korxonalarda mudofaa mahsulotini qo‘shma ishlab chiqarish g‘oyasi hayotga tatbiq etilishi, texnologiyalar almashinuvini umuman mumkin bo‘lmay qolishiga yoki uni qiyinlashtirib qo‘yadigan to‘siqlar bartaraf etilishi uchun ancha sa’y-harakat qildik”.
O‘z navbatida, Volodimir Zelenskiy Ukraina va Polsha “dronlar va boshqa qurollar”ni birgalikda ishlab chiqarishni rejalashtirayotganini aniqlashtirdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy bosqiniga to‘rtinchi yil qarshi turgan Ukraina “zamonaviy urushda qaysi qurol haqiqatan ishlashi” borasida “eng katta tajriba”ga ega.
Donald Tuskning aytishicha, uning mamlakati Ukrainaga o‘zining MiG-29 qiruvchi samolyotlarini Ukraina dron (uchuvchisiz apparatlar) texnologiyalariga almashish sharti bilan berishga tayyor. “Men bilamanki, Ukrainaga turli xildagi havo mudofaasi vositalari, ayniqsa ma’lum turdagi raketalar kerak. Hamma narsada yordam bera olmaymiz, ammo agar MiG kerak bo‘lsa, Polsha shu zahotiyoq bu MiGni berishga tayyor”, — dedi Polsha bosh vaziri.
“Biz ukrain dronlari haqida gapiryapmiz, chunki Polshada dronlarga qarshi samarali mudofaa qurmoqchimiz”, — deb izohladi u. Tusk hozircha Varshava samolyotlar o‘rniga Ukraina osmonini himoya qilish uchun yanada zarurroq bo‘lgan boshqa texnika berish-bermasligiga aniq javob ayta olmasligini ham bildirdi. “Ammo Polshaga qaytishim bilanoq milliy mudofaa vaziri bilan gaplashaman va dushanbagacha (9 fevral — tahr.) prezident Zelenskiyga nimalar mumkin ekanini ma’lum qilaman”, — deya va’da berdi u.
Shu bilan birga Donald Tusk Varshava Rossiyaga qarshi mudofaa urushida Ukrainaga yordam sifatida yangi qurol yetkazib berish ustida ishni davom ettirayotganini ma’lum qildi. Kutilishicha, Polsha tomonidan Ukrainaga mo‘ljallangan navbatdagi — 48-paketning qiymati qayta hisobda taxminan 47 mln yevroni tashkil etadi. Polsha bosh vazirining aytishicha, unga asosan zirhli texnika kiradi.
Polshaning Qurolli kuchlari Bosh shtabi dekabr oyida Kiyev bilan Ukrainaga MiG-29ni Ukraina dron va raketa ishlab chiqarish texnologiyalariga almashish ehtimoli bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini xabar qilgan edi. Biroq yakuniy qaror hali qabul qilinmagani, samolyotlarni topshirish esa NATOning “Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va alyansning sharqiy qanot xavfsizligini ta’minlash siyosati”ning bir qismi bo‘lishi aytilgan.
5 fevral kuni Kiyevda Tusk va Zelenskiy muzokaralarining yana bir mavzusi ikki mamlakatning energetika sohasidagi hamkorligi bo‘ldi. Xususan, bu Ukraina va Polshada energetika tarmog‘ini rivojlantirish masalalariga taalluqli, dedi Ukraina rahbari.
U shunday qo‘shimcha qildi: Ukraina va Polsha suyultirilgan gaz yetkazib berish hajmlarini oshirish ustida ham ish olib bormoqda. Zelenskiy, shuningdek, Polshaga energetika uskunalari, avvalo generatorlar yetkazib bergani uchun minnatdorlik bildirdi.
Mavzuga oid
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
20:34 / 19.06.2026
Kapotnyadagi zavodga Rossiya raketasi tushgani ma’lum qilindi
18:17 / 19.06.2026
Solovyov dronlar hujumini tasvirga olganlarni qamashni talab qildi
08:58 / 19.06.2026