Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Harvardda o‘qimoqchiman”– 9 yoshida B2 sertifikatini qo‘lga kiritgan bolakay
Uchko‘prik tumanidagi 24-umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchisi Shavkatjon Ne’matjonov chet tilini bilish darajasi bo‘yicha B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi. Shavkatjonning otasi gaz saqlash omborxonasida operator, onasi esa o‘qituvchi. “Kelajakdagi orzum Harvardda o‘qib, ota-onamni xursand qilish”, deydi u.
Shavkatjon Ne’matjonovning otasi Shuhrat Jumaboyevning aytishicha, o‘g‘li ikkinchi urinishda B2 sertifikatini qo‘lga kiritgan:
“Gaz saqlash omborxonasida operator bo‘lib ishlayman. Oylik maoshim unchalik ham katta emas. Ro‘zg‘ordan orttirib maoshimdan farzandlarimning o‘qishi uchun alohida pul ajrataman.
O‘g‘lim Shavkatjon 2025 yilning dekabr oyida chet tilini bilish darajasi bo‘yicha ikkinchi urinishda B2 sertifikatiga imtihon topshirib, nihoyat niyatiga erishdi. Bu yil nasib qilsa IELTSʼdan eng yuqori ball bo‘lgan to‘qqiz darajani olmoqchi. Buning uchun hozirdan qattiq mehnat qilyapti. Shavkatjonni birinchi sinfdan boshlab alohida o‘quv kurslariga bergan edik. Mana, ko‘rib turganingizdek, natijasi barchani xursand qildi.

Sertifikatga imtihon topshirish uchun Farg‘ona shahriga borganimizda ichki ishlar xodimlari, o‘sha yerdagi nazoratchilar o‘g‘limni ko‘rib, “kim bilan kelding, nega bu qatorda turibsan?” deb hayron bo‘lishdi. Chunki Shavkatjon imtihonga kelganlar orasida eng yoshi edi. O‘g‘lim kulib, “ruxsatnomam bor, mana ID kartam, men ham imtihon topshirgani kiraman”, deganidan keyin barchasi quvonib, “e, otangga rahmat, barakalla o‘g‘lim”, deb Shavkatjonni hammadan oldinga, birinchi qatorga chiqarib qo‘yishdi.


Shavkatjon oilada to‘ng‘ichi. Farzandlarimni bilim olishga qiziqtirib, ularni ruhlantirib turaman. Tez-tez poytaxtga, Zomin tog‘lariga olib borib aylantirib kelaman. Ilmli bo‘lishlari uchun qo‘ldan kelganicha sharoit yaratib berganman.
Ota-onadan bolaga qancha e’tibor bo‘lsa, bola o‘shancha quvonadi, o‘qishga qiziqishi ortadi. Buni o‘z tajribamda sinab ko‘rdim. Shavkatjonni ingliz tili to‘garagiga berganimizda qiyinchiliklarga ham duch keldi. Boshida so‘z yodlashga tili kelmadi. Keyin u barchasiga ko‘nikdi.
Kun.uz saytini kuzatib boramiz. Unda e’lon qilingan oltiariqlik Azizbek Zaylobiddinov, quvalik Dilafruz Sobirovaning Harvard universitetlariga qabul qilingani haqidagi videolarni o‘g‘limga qo‘yib berib, “mana, o‘g‘lim, shu insonlar ham sizga o‘xshab yoshligida qiynalib o‘qigan. Mana, hozirgi xursandchiligini ko‘ryapsizmi? Siz bundan ham yaxshi natijalarga erishasiz”, deb uni ruhlantiraman”, deydi Shavkatjon Ne’matjonovning otasi Shuhrat Jumaboyev.

“V2 darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritishimda ota-onam, ustozim Shahzodbek Rahimov katta hissa qo‘shishdi. Orzularim ko‘p. Ingliz tilini yanada mukammal o‘rganishda davom etaman. IELTS, ya’ni xalqaro sertifikat olish uchun ham imtihon topshiraman yaqinda. Prezident maktabiga kirib, astoydil tayyorlanib, Harvardga 100 foizlik grant bilan o‘qishga kirmoqchiman. Inson astoydil intilsa, orzu qilsa, niyatiga erishar ekan. 9 yoshimda B2 sertifikatini qo‘lga kiritganim bunga misol. Endi to‘xtash yo‘q. Yutug‘imdan ilhomlanib, yanada zafarli marralarni zabt etaman”, deydi Shavkatjon Ne’matjonov.

Shavkatjonning onasi Nargiza Jumaboyeva Uchko‘prik tumanidagi 45-umumta’lim maktabida fizika fanidan dars beradi. Onaning aytishicha, oilada boqilayotgan sigirning sut-qatig‘idan kelayotgan daromad ham o‘g‘lining bilim olishi uchun sarflanar ekan.
Mavzuga oid
11:54
Bir yillik maktabga tayyorlov majburiy bosqich sifatida joriy etiladi
18:59 / 25.01.2026
Jizzax viloyatida 11 yoshli o‘quvchi B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi
17:23 / 17.01.2026
Farg‘onada 3-, Samarqandda esa 4-sinf o‘quvchisi B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi
22:45 / 16.01.2026