Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronda Nobel mukofoti laureati 7,5 yil qamoqqa hukm qilindi
53 yoshli eronlik huquq himoyachisi va Nobel tinchlik mukofoti laureati Nargis Muhammadiy 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. So‘nggi 20 yil ichida mamlakat hokimiyati uni rejimga qarshi chiqishlari uchun bir necha bor qamoqqa tashlagan.
Nargis Muhammadiy Foto: Nooshin Jafari/Middle East Images
Nobel tinchlik mukofoti (2023) laureati bo‘lgan eronlik huquq himoyachisi Nargis Muhammadiy 7,5 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Associated Press agentligi uning advokati Mustafo Nilining yakshanba kuni, 8 fevralda X ijtimoiy tarmog‘ida qilgan nashrlariga tayanib xabar berdi.
Muhammadiy 2025 yil 12 dekabrda huquq himoyachisi advokat Xusrav Alikordiyning marosimi (vafotidan keyingi xotira tadbiri) vaqtida qo‘lga olingan. 2026 yil 2 fevralda u ochlik e’lon qilgan. 8 fevralda esa 53 yoshli, jumladan ayollar huquqlari uchun kurashib kelayotgan faol 6 yilga “yig‘ilishlarda ishtirok etish va jinoyat sodir etish maqsadida so‘z biriktirish” aybi bilan, hamda yana 1,5 yilga “targ‘ibot” uchun hukm qilingan. Bundan tashqari, qamoq jazosini o‘tab bo‘lganidan keyin 2 yil davomida mamlakatdan chiqib ketish taqiqlanadi, shuningdek Muhammadiy 2 yil Xusf shahrida yashashi shart bo‘ladi.
Nilining so‘zlariga ko‘ra, huquq himoyachisi 3 kun oldin ahvoli yomonlashgani sabab shifoxonaga o‘tkazilgan, ammo keyin yana qamoqqa qaytarilgan. Shu bilan birga, advokat Muhammadiyning sog‘lig‘i holatini hisobga olgan holda, u “davolanishdan o‘tishi uchun vaqtincha garov evaziga ozod etilishi” mumkinligini kutmoqda.
Nargis Muhammadiy — Erondagi Huquq himoyachilari markazi vitse-prezidenti. So‘nggi 20 yilda hokimiyat uni rejimga qarshi chiqishlari, shuningdek jurnalistik va huquq himoyachilik faoliyati uchun bir necha bor qamoqqa tashlagan. U jami 13 marta hibsga olingan. Yangi hukmni hisobga olmagan holda ham, unga tayinlangan umumiy qamoq muddati 31 yilni tashkil etadi, shundan u allaqachon 10 yilini o‘tab bo‘lgan.
Xususan, 2021 yilda Muhammadiy “davlatga qarshi targ‘ibot” uchun 2,5 yil ozodlikdan mahrum etish va 80 darra urish jazosiga hukm qilingan. 2024 yil dekabrda u sog‘lig‘i sababli uch haftaga jazo ijrosidan ozod qilingan, keyinroq bu muddat uzaytirilgan.
Muhammadiy tarafdorlarining aytishicha, qamoqda o‘tirgan yillari mobaynida u bir necha marta yurak xurujini boshidan kechirgan, 2022 yilda esa unga shoshilinch operatsiya qilingan. 2024 yil oxirida uning advokati shifokorlar unda suyakda o‘sma topganini ma’lum qilgan. Keyinchalik u olib tashlangan.
8 fevralda Eron hokimiyati, shuningdek, “Islohotlar fronti” deb ataluvchi muxolif ittifoq rahbari bo‘lgan 60 yoshli Azar Mansuriyni, Eron Islom maslahat kengashi (parlament)ning 70 yoshli sobiq deputati Ibrohim Asgarzodani (1988–1992 yillarda deputat bo‘lgan) hamda 68 yoshli tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Muhsin Minzodani (1997–2005 yillarda bu lavozimda ishlagan) ham hibsga olgan.
Eronning davlat agentligi Fars ma’lum qilishicha, ularga, jumladan, “milliy birlikni yemirish”, konstitutsiyani buzish, “dushmanona targ‘ibotni muvofiqlashtirish” va “maxfiy qo‘poruvchi mexanizmlar yaratish” kabi ayblovlar qo‘yilgan. Qanday harakatlar hibsga olishga sabab bo‘lgani aniqlashtirilmagan. Ammo AFP agentligi yozishicha, Mansuriy, xususan, dekabr–yanvar oylarida Eronda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarini qo‘llab-quvvatlagan.
Mavzuga oid
11:19 / 07.02.2026
Tramp: Eron bilan muzokaralar yaxshi ketyapti, unga kelishuv qiziq
09:02 / 07.02.2026
Ummon: AQSh va Eron o‘rtasidagi “yadroviy” muzokaralarning birinchi bosqichi yakunlandi
21:59 / 06.02.2026
Rossiya Eronga kamida 4,4 milliard dollar naqd pulni yashirin yetkazdi – OAV
16:24 / 06.02.2026