Jahon | 12:36 / 09.02.2026
3055
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya kechasi Ukrainaga 100 tadan ortiq dron bilan hujum qildi

Rossiya qo‘shinlari Kramatorskka aviabomba tashladi va Xersonga reaktiv yalpi o‘t ochish tizimlaridan zarba berdi. Poltava viloyatida “Naftogaz” obektlari hujumga uchradi. Odessada sanoat obekti shikastlandi. Lvivda portlashlar haqida xabar berildi.

Foto: Jose Colon / Anadolu Agency

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari Telegram-kanalida ma’lum qilishicha, Rossiya Qurolli kuchlari yakshanbaga o‘tar kechasi, 8 fevralda Ukrainaga Shahed turidagi 101 ta zarbali dron, “Gerbera”, “Italmas” hamda boshqa turdagi uchuvchisiz apparatlar bilan hujum qilgan. Dronlar Rossiya hududidagi Kursk, Oryol, Bryansk, Primorsko-Axtarsk va Shatalovo tomonlaridan uchirilgan.

Havo mudofaasi mamlakatning shimol, janub va sharqida 69 ta dronni urib tushirgan yoki (elektron vositalar orqali) ishdan chiqargan. 13 ta joyda 32 ta hujumkor dronning nishonga tekkani, shuningdek 1 ta joyda parchalar tushgani qayd etildi.

Zarbalar Xarkiv viloyatidan tortib Lviv viloyatigacha bo‘lgan ko‘plab hududlarga to‘g‘ri kelgan.

Donetsk viloyati prokuraturasi Facebook’da xabar berishicha, RF QK soat 05:00 da Kramatorskka rejalashtirish va to‘g‘rilash uchun yagona modul bilan jihozlangan FAB-250 aviabombasini tashlagan. U ko‘p qavatli turar joy uyi yonida portlagan. Natijada 77 yoshli ayol halok bo‘lgan. 40, 46 va 48 yoshdagi uch nafar erkakda jarohatlar, kontuziya va kesilgan yaralar qayd etilgan. 11 ta ko‘p qavatli uy va avtomobillar shikastlangan. Prokuratura harbiy jinoyat alomatlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshlanganini bildirdi.

Xerson viloyati harbiy ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, Xersonning markaziy qismi va Korabelniy tumani reaktiv yalpi o‘t ochish tizimlaridan o‘qqa tutilgan. Uylar, do‘konlar va umumiy ovqatlanish muassasalari shikastlangan. Sakkiz nafar ayol yaralangani ma’lum, ba’zilarini qutqaruvchilar vayrona ostida qolgan joyidan chiqarishga majbur bo‘lgan. Besh nafar ayol ambulator davolanishni davom ettirmoqda, yana uch nafari tibbiyot muassasasida yotib davolanmoqda.

Energetika kompaniyasi Telegram’da xabar berishicha, Moskva Poltava viloyatidagi “Naftogaz” obektlariga hujum qilgan. Asbob-uskunalar vayron bo‘lgan, jabrlanganlar yo‘q. Avariya guruhlari va texnik xizmatlar zarba oqibatlarini bartaraf etmoqda. Operator qo‘shimcha qilishicha, “yil boshidan buyon guruh obektlariga qilingan maqsadli hujumlar soni 19 taga yetdi”.

Odessa shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak xabar berishicha, hujum natijasida sanoat obekti shikastlangan. Portlash to‘lqini diniy inshootdagi oyna-romlarni sindirgan. Lisakning aytishicha, turar joy fondida zarar minimal bo‘lgan va allaqachon bartaraf etilgan.

Ukrainaning g‘arbidagi Lviv shahrida portlashlar eshitilganini shahar meri Andrey Sadovoy ma’lum qildi. “Lviv — portlashlar eshitilyapti”, — deb yozdi u Telegram’da. Lviv jamoati hududida bir uchuvchisiz apparat zararsizlantirilgan. Sadovoy aniqlashtirishicha, hujumning nishonga olingan maqsadi muhim infratuzilma obekti bo‘lgan, jabrlanganlar yo‘q.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid