Jahon | 11:59
1048
4 daqiqa o‘qiladi

Klichko: Kiyevda qariyb 1400 ta uy issiqliksiz qolmoqda

Rossiya zarbalari oqibatida Darnitsa IEM shikastlangani sabab Kiyevning Darnitsa va Dnipro tumanlaridagi 1100 ta ko‘p qavatli uyga issiqlikni uzatish imkoni yo‘q. Yana 200 tadan ortiq uy turli tumanlarda issiqliksiz qolgan, deb xabar qildi Vitaliy Klichko.

Foto: Telegram / vitaliy_klitschko

Kiyevda 1400 tadan ortiq turar joy issiqlik ta’minotisiz qolmoqda, deb xabar qildi Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichko seshanba kuni, 10 fevralda Telegram orqali. “Darnitsa IEMning o‘ta og‘ir shikastlanishi sabab issiqlik uzatib bo‘lmaydigan Darnitsa va Dnipro tumanlarida 1100 tadan ortiq ko‘p qavatli uy bor. Shuningdek, kommunal xizmatlar va energetiklar bartaraf etayotgan avariyaviy shikastlanishlar tufayli turli tumanlarda yana 200 tadan ortiq uy issiqliksiz”, — deya aniqlik kiritdi u.

Shahar rahbari Kiyev kengashi tayyorlayotgan qarorni e’lon qildi: urush holati amal qilgan davrda va u bekor qilingan yoki tugatilganidan keyin yana olti oy davomida generatorlar sotib olish uchun qarzlar ajratish rejalashtirilmoqda. “Kiyevdagi ko‘p qavatli uylarning aksariyati avtonom elektr manbalarini tezkor xarid qilish uchun yetarli resursga ega emas. Shuning uchun ko‘p kvartirali uylar mulkdorlariga moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning soddalashtirilgan va tezkor mexanizmini joriy etish haqida gap ketyapti. Aniqrog‘i — Kiyev shahar uy-joy fondini modernizatsiya va rivojlantirish jamg‘armasi kommunal korxonasi mablag‘lari hisobidan generator xaridi uchun maqsadli foizsiz qarzlar berish”, — deb tushuntirdi Klichko postida.

Darnitsa IEM Ukraina energetika infratuzilmasi obektlariga Rossiya hujumi chog‘ida, 3 fevral kuni, o‘ta og‘ir zarar ko‘rgan. Ukraina OAV ma’lumotlariga ko‘ra, uni ta’mirlashga kamida ikki oy kerak bo‘ladi. “Ukrayinski Novini” axborot agentligi bildirishicha, Darnitsa IEM tiklanmaguncha Ukraina poytaxtining Darnitsa va Dnipro tumanlaridagi 1126 ta uyda issiqlik ta’minotini qayta tiklashning iloji bo‘lmaydi.

Qishki sovuqlar fonida Rossiya deyarli har kuni Ukrainaning energetika infratuzilmasi obektlariga zarba bermoqda. Shu sabab bir qator shaharlarda vaziyat o‘ta jiddiy tus olgan. Xususan, 7 fevral kuni Ukraina energetika kompaniyasi DTEK Kiyevda elektr ta’minoti kuniga atigi 1,5–2 soatga berilayotganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Ukraina RFning chegaradosh Belgorod viloyati energetika infratuzilmasiga javob zarbalari bermoqda. Bu fonda Belgorodda isitish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan. 8 fevral kuni viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov 455 ta ko‘p kvartirali uyda isitish tizimidagi suvni to‘kib tashlash zarurligi haqida ma’lum qildi va maktab yoshidagi bolasi bor ota-onalarga ularni RFning boshqa hududlariga yoki qo‘shib olingan Qrimga yuborishni taklif etdi.

Ixtiyoriy evakuatsiya ko‘p bolali oilalarga, nogiron farzandi bor oilalarga va yolg‘iz yashaydigan pensionerlarga ham taklif etildi. Biroq ertasi kuni, 9 fevralda, Gladkov “energetiklar va issiqlik ta’minoti mutaxassislarining sa’y-harakatlari tufayli Belgorodda issiqlik qayta tiklandi”, deb e’lon qildi va o‘zi bir kun oldin aytgan aholi toifalari bo‘yicha “shahardan tashqariga chiqish” haqidagi qarorlarga “bugungi kunda ehtiyoj yo‘q”ligini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid