Turizm | 15:27
5139
12 daqiqa o‘qiladi

Vizasiz Xitoy: O‘zbekiston fuqarolari uchun mamlakatga kirish tartibi

Mening ismim Dima, men ofisda ishlayman va safarlarni turistik firmalar yoki vositachilarsiz, mustaqil ravishda rejalashtirishga o‘rganganman. Xitoyga turist sifatida — mamlakatni aylanish, Buyuk Xitoy devorini ko‘rish va u yerda hammasi qanday tashkil etilganini bilish uchun bordim. Tayyorgarlik bosqichidayoq vizasiz kirish shunchaki «uchish va qolish» emasligi ma’lum bo‘ldi. Bunda Xitoyda bo‘lish muddati, safar maqsadi, hujjatlar va hatto to‘lov usullarini ham hisobga olish zarur. Parvozdan oldin yoki chegarada muammolarga duch kelmaslik maqsadida O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim amalda qanday ishlashini va kirish paytida aslida nimalar tekshirilishini o‘rgandim hamda bu nozik jihatlar bilan o‘rtoqlashishga qaror qildim.

Xitoyga vizasiz kirish tartibi qanday

2025 yildan buyon O‘zbekiston fuqarolari Xitoyga qisqa muddatli va aniq maqsaddagi safarlar uchun, masalan, turizm yoki xizmat safari bilan vizasiz kirishlari mumkin.

O‘qish, ishlash yoki uzoq muddat yashash uchun vizasiz rejim mos kelmaydi — bunday hollarda viza talab qilinadi. Shuning uchun uni konsullik orqali oldindan rasmiylashtirish kerak.

Mamalkatda bo‘lish qoidalari oddiy:

  • Bir borishda Xitoyda 30 kungacha bo‘lish mumkin
  • Yarim yil ichida – hammasi bo‘lib 90 kundan oshmasligi kerak

Safarlar soni muhim emas: mamlakatda o‘tkazgan kunlaringiz hisobga olinadi.

Misol

  • 1-30 yanvar - Xitoyda 30 kun bo‘ldingiz
  • 15 fevral - 16 mart – yana 30 kun bo‘ldingiz
  • 1-30 aprel - yana 30 kun

Jami - 90 kun.

1 may kuni vizasiz kira olmaysiz - limit tugaydi.

Ma’lum vaqt o‘tgach va yanvar oyining dastlabki kunlari hisobga olinmaydigan bo‘lganida yana kirish mumkin. Shunda bo‘shagan kunlar hisobidan yana kelish mumkin bo‘ladi, ammo 30 kundan ortiq muddatga emas.

Shuningdek, Xitoyni Hongkong va Makao bilan adashtirmaslik lozim. O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim ularga nisbatan amal qilmaydi — alohida viza talab qilinadi.

Xitoyga kirishda qanday hujjatlar tekshiriladi

Vizasiz rejim mavjud bo‘lishiga qaramasdan, chegara xizmati safardan maqsadingizni so‘rashi va belgilangan muddatda mamlakatni tark etishga tayyorligingizni tekshirishi mumkin. Shuning uchun chegarada quyidagi hujjatlar yoningizda bo‘lishi shart:

  • Xorijga chiqish pasporti (amal qilish muddati 6 oydan kam bo‘lmasligi kerak)
  • Qaytish chiptasi
  • Aviachipta, mehmonxona broni
  • Bankdan ma’lumotnoma
  • Migratsiya kartasi

Migratsiya kartasi nima va u qanday to‘ldiriladi

Xitoyga kirishda O‘zbekiston fuqarolari migratsiya kartasini to‘ldirishlari shart.

Migratsiya kartasi — chegara nazoratidagi asosiy hujjatlardan biri. U pasport nazoratidan oldin, samolyotdan tushgach to‘ldiriladi: qog‘oz shaklida yoki aeroportdagi elektron terminal orqali.

Migratsiya kartasini to‘ldirish uchun maxsus veb-sayt ham mavjud. Uni avvaldan — pasport nazoratidan kamida 30 daqiqa oldin to‘ldirib qo‘ygan ma’qul. Qog‘oz shakli ishonchliroq, chunki elektron terminallar har doim ham ishlayvermaydi.

To‘ldirilgan migratsiya kartasi (nia.gov.cn saytidan skrinshot, 2026 yil yanvar)

Kartada quyidagilar ko‘rsatiladi:

  • safar maqsadi;
  • Xitoydagi yashash manzili;
  • mamlakatda bo‘lish muddati.

Migratsiya kartasi quyidagilarni tasdiqlaydi:

  • safarning qisqa muddatli ekanligi;
  • maqsadning mosligi;
  • ishlash, o‘qish yoki uzoq muddat qolish rejalashtirilmaganligi.

Migratsiya kartasi qanday to‘ldiriladi

Faqat ruxsat berilgan yo‘nalishlarni yozing:

  • Tourism – turistik safar;
  • Business – biznes safari.

Yashash manzili

  • mehmonxona yoki qabul qiluvchi tomon manzilini ko‘rsating;
  • mehmonxona nomi yoki shaharni yozish yetarli;
  • ko‘chishlar rejalashtirilgan taqdirda ham birinchi joylashuv manzili ko‘rsatiladi.

Bo‘lish muddati

  • maksimal ruxsat berilgan muddatdan kamroq yozing;
  • agar 7-10 kunga boradigan bo‘lsangiz «30 kun» deb yozmang.

Xitoyga borgandan keyin ro‘yxatdan o‘tish kerakmi

O‘zbekiston fuqarolari Xitoyga kirganidan keyin 24 soat ichida yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Ro‘yxatdan o‘tmaganlik uchun jarima qo‘llanilishi mumkin — har bir kun uchun 500 yuangacha (882 000 so‘m).

Mehmonxonada ro‘yxatdan o‘tishni mehmonxona rasmiylashtiradi. Agar xonadon ijaraga olinsa, ro‘yxatdan o‘tishni turistning o‘zi politsiya bo‘limi orqali yoki onlayn tarzda amalga oshiradi. Shu bilan birga, ro‘yxatdan o‘tish tartibi shaharga qarab farq qilishi mumkin, shuning uchun qoidalarni oldindan rasmiy xizmatlar yoki kirish paytida chegarada aniqlashtirib olish tavsiya etiladi.

Yashash joyi o‘zgarganda yoki Xitoyga qayta kirilganda qaytadan ro‘yxatdan o‘tish kerak.

Toshkentdan Xitoyga qanday borish mumkin

Toshkentdan Xitoyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshiriladi. Pekin, Xaynan va Guanchjou kabi yirik shaharlarga eng ko‘p Uzbekistan Airways, Air China va China Southern Airlines reyslari uchadi.

Pekinga muntazam ravishda Uzbekistan Airways (odatda seshanba, chorshanba va shanba kunlari), Air China (haftasiga bir necha marta) va China Southern Airlines reyslari (har kuni yoki haftada 2 marta) parvoz qiladi. Bir tomonga aviachipta narxi o‘rtacha 2,6–2,9 mln so‘m.

Kurort Sanyaga (Xaynan oroli) to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar va charter parvozlar amalga oshiriladi — odatda haftada 1–2 marta, mavsum paytida esa ko‘proq. Bir tomonga parvoz narxi odatda 2,8 mln so‘mdan boshlanadi.

Aviasales servisida Toshkent – Guanchjou yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalarni qidirish natijalari va sanalar bo‘yicha narxlar grafigi skrinshoti

Xitoyda qaysi ilovalar kerak bo‘ladi

Safardan oldin tayyorgarlik ko‘rish kerak: Xitoyda odatdagi servislar ishlamaydi. Mahalliy ilovalarsiz to‘lov, navigatsiya va aloqada muammolar yuzaga kelishi mumkin. Quyida parvozdan oldin o‘rnatish va sozlash kerak bo‘lgan servislar ro‘yxati keltirilgan:

  • WeChat – muloqot qilish va bronni tasdiqlash uchun
  • Alipay – to‘lovlar uchun
  • Baidu Maps yoki Amap – navigatsiya uchun
  • DiDi – taksi chaqirish uchun
  • Tarjimon – menyu, ko‘rsatkichlar va muloqot uchun
O‘rnatish zarur ilovalar

WeChat nega kerak va u qanday o‘rnatiladi

Xitoyda WeChat nafaqat messenjer, balki universal servis hisoblanadi: muloqot, to‘lovlar, taksi va o‘nlab mini-servislar. U orqali mehmonxonalar bilan muloqot qilinadi, QR-kodlarni ko‘rsatish va to‘lov qilish mumkin — WeChatsiz harakat qilish noqulay.

Ilova App Store yoki Google Playdan olinadi. Ro‘yxatdan telefon raqamiga kelgan SMS orqali o‘tiladi; tizim ba’zan qo‘shimcha tekshiruvni talab qilishi mumkin.

WeChat Pay ilovadagi to‘lovlar bo‘limi orqali ulanadi. Wallet bo‘limiga kirib, karta qo‘shishni tanlash, ma’lumotlarni kiritish va bankdan kelgan SMS kod bilan tasdiqlash kerak. Tekshiruvdan so‘ng karta hamyonda ko‘rinadi va QR-kod orqali to‘lov qilish hamda ilovadagi mini-servislardan foydalanish mumkin.

WeChat Pay interfeysi – bank kartasini Walletga qo‘shish, tasdiqlash va QR-kod orqali to‘lash.

Yodda tuting: Google, Instagram, WhatsApp, Telegram va boshqa odatiy servislar bloklangan. Zarur bo‘lsa, safardan oldin VPN o‘rnatib olish kerak.

To‘lovlar qanday amalga oshiriladi

Asosiy xatolardan biri – oddiy bank kartalaridan foydalanishni o‘ylash. Xitoyda to‘lov tizimi boshqacha tuzilgan.

UnionPay – Xitoyning milliy to‘lov tizimi bo‘lib, u Visa va Mastercardning mahalliy muqobili hisoblanadi, shu sababli uning kartalari terminal va bankomatlarda qabul qilinadi.

Qanday foydalaniladi:

  • UnionPay kartalarini Ipak Yuli, Kapitalbank kabi banklarda rasmiylashtirish mumkin;
  • joylarda terminallarda to‘lov qilish yoki naqd pul yechish mumkin;
  • xalqaro kartalardan ko‘ra barqaror ishlaydi, ayniqsa, yirik shaharlar tashqarisida;
  • QR-to‘lov o‘rnini bosolmaydi: qahvaxona, taksi va servislarda ko‘pincha to‘lovni telefon orqali amalga oshirish so‘raladi.

Visa va Mastercard

  • cheklangan ravishda qabul qilinadi;
  • asosan yirik mehmonxonalar va turistik maskanlarda;
  • oddiy do‘kon, qahvaxona yoki taksida karta orqali to‘lov qabul qilinmaydi;
  • asosiy to‘lov vositasi sifatida foydalanib bo‘lmaydi.

Alipay va WeChat Pay

Alipay va WeChat Pay – Xitoyda asosiy to‘lov vositalari. Bu mobil hamyonlar deyarli hamma joyda ishlaydi.

Bilish muhim:

  • Alipay yoki WeChat ilovasi orqali ulanadi;
  • aksariyat hollarda xorijiy kartani qo‘shish mumkin;
  • telefonda do‘kon, qahvaxona, taksi va xizmatlar uchun to‘lov qilish mumkin;
  • ularsiz kundalik hayotda harakatlanish qiyin.

Valutani qayerda almashtirish mumkin va yuan kursi qancha

1 yuan - 1 700 - 1 800 so‘m atrofida, aniq kurs bank va to‘lov usuliga bog‘liq.

Xitoyda naqd dollar almashtirish alohida muammo. Almashtirish punktlari ko‘p emas, asosan yirik banklarda bo‘lib, jarayon vaqtni oladi va pasport talab qilinadi. Kichik shaharlar va turistik maskanlarda dollar almashtirish deyarli imkonsiz bo‘lishi mumkin.

Eng osoni — valutani aeroportdayoq almashtirish: faqat kurs balandroq bo‘ladi.

Xitoyda bo‘lish muddati oshib ketsa nima bo‘ladi

Xitoyda bo‘lish muddatining oshib ketishi migratsiya qoidalarini buzish hisoblanadi – hattoki bu bir-ikki kunni tashkil etsa ham.

Bu jarimaga (har bir kun uchun 500 yuangacha), qoidabuzarlikning migratsiya tizimida qayd etilishiga, keyingi safarlarda va viza olishda qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin. Ba’zanhollarda deportatsiya yoki kirishga vaqtincha taqiq qo‘yilishi mumkin.

Ma’lumot uchun:

XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi, Toshkent, Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 79

tel. +998 71 233-80-88

Yodda tuting

  • Safarlar soni emas, kunlar hisoblanadi – Xitoyda jami necha kun bo‘lish muhim.
  • Safar maqsadi zarur – vizasiz rejim faqat turizm, biznes yoki tranzit uchun mos keladi.
  • Qaytish chiptasi bo‘lishi shart – usiz Xitoyga kiritilmasligingiz mumkin.
  • Tez-tez borish chegarada kirish rad etilishiga olib kelishi mumkin.
  • Vizasiz kirilganida ham migratsiya kartasi to‘ldiriladi, maqsad yoki manzil to‘g‘risidagi xatolar chegarada savollarga sabab bo‘ladi.
  • Oddiy bank kartalari yaxshi ishlamaydi —Alipay yoki WeChat Pay bo‘lmasa to‘lovlarda qiyinchiliklar bo‘ladi.

Matn muallifning shaxsiy tajribasiga asosida yozilgan. Xitoyga kirish va bo‘lish qoidalari o‘zgarishi mumkin, yakuniy qaror chegara xizmatlari tomonidan belgilanadi. Safardan oldin yangilangan talablarni rasmiy manbalardan tekshirish tavsiya qilinadi.

Ma’lumotlar 2026 yil fevral oyiga muvofiq keladi.

Назима Насирова
Tayyorlagan Назима Насирова

Mavzuga oid